BMT Xavfsizlik kengashi 9-iyul kuni Kiyevdagi bolalar kasalxonasiga Rossiya tomonidan berilgan raketa zarbalari oqibatlari masalasini ko‘rib chiqadi. Bu haqda Reuters agentligiga diplomatik manbalar ma’lum qilishgan.
Rossiya 8-iyul kuni Kiyevdagi bolalar kasalxonasiga va Ukrainaning boshqa shaharlariga raketalar otgan. Bu yalpi zarbalar natijasida qurbon bo‘lgan tinch aholi vakillari soni, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga ko‘ra, 37 nafarga yetgan. Qurbonlarning uch nafari bolalardir. 13 bola doxil yana 170 kishi tan jarohati olgan.
“Umumiy hisobda qariyb 100 ta obyektga: bolalar kasalxonasi, oddiy uylar, bog‘chalar, tug‘ruqxona, kollej, biznes-markazga shikast yetgan”, degan Zelenskiy raketa zarbasiga nishon bo‘lgan joylarda ishlar olib borilayotganini qo‘shimcha qilgan.
Dushanba kuni rossiyalik harbiylar Ukrainaga qarata turli rusumdagi qirqqa yaqin raketa otishgan. Kiyev, Dnepr, Krivoy Rog, Pokrovsk, Slavyansk va Kramatorsk kabi shaharlar hujumga uchragan. Bu hujumlar qurbonlar soni bo‘yicha 2024-yildagi eng qonli hujum bo‘lgan.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Rossiya zarbalarini keskin qoralagan. U bolalar kasalxonasiga va sog‘liqni saqlash tizimining yana bir obyektiga berilgan raketa zarbasini “ayniqsa shokka tushiruvchi” deb atagan. Bu haqda bosh kotib vakili Stefan Dujarrich ma’lum qilgan.
“Tinch aholiga va fuqaroviy obyektlar bo‘ylab zarbalar berilishi xalqaro gumanitar huquq bilan taqiqlangan. Bu kabi hujumlarning har qanaqasiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi va ular zudlik bilan to‘xtatilishi lozim”, deya bildirgan Guterrish vakili.
BMT Xavfsizlik kengashining majlisi seshanba kuni ertalab Buyuk Britaniya, Fransiya, Ekvador, Sloveniya va AQSH talabiga ko‘ra chaqiriladi.
“Biz Rossiyaning kasalxonaga qarata qo‘rqoqlarcha hujumini qoralaymiz”, deya bildirgan Britaniyaning BMTdagi doimiy vakili Barbara Vudvord X tarmog‘idagi sahifasida qoldirgan postida.
Rossiya Mudofaa vazirligi qo‘shinlar zarbalarni Ukrainaning mudofaa sanoati obyektlari va uchoqlar turgan joylarga berganini bildirgan. Vazirlik tinch aholi o‘qqa tutilganiga oid ayblovlarni rad etgan.
“Shunga qaramay, 2022-yil fevralida boshlagan bosqindan buyon Rossiya qo‘shinlari tomonidan ko‘p minglab tinch aholi vakili o‘ldirilgan”, deya urg‘ulagan Reuters agentligi.