Sakkiz yilga kesilgan eronlik rejissyor Yevropaga qochdi

Eronlik rejissyor Muhammad Rasulof

Eronlik kinorejissyor Muhammad Rasulof 13-may kuni o‘z mamlakatidan yashirincha chiqib ketganini e’lon qildi. Bu qarorga kelishiga, rejissyorning aytishicha, o‘zi haqida chiqarilgan sud hukmiga oid bildirishnomani olgani sabab bo‘lgan.

Avvalroq sud Eron xavfsizligiga yetkazgan zarari uchun unga nisbatan sakkiz yilga ozodlikdan mahrum qilish va darralash jazosini tayinlagan edi.

“Milliy xavfsizlikka qarshi til biriktiruv”da ayblangan Rasulof bir necha kun avval Eroni tark etib, Yevropaga yo‘l olganini bildirgan.

Rejissyorning bayonotini u tomonidan yaqinda suratga olingan “Muborak anjir urug‘i” (The Seed Of The Sacred Fig) kinodramasini bozorda tarqatish bilan shug‘ullanayotgan Films Boutique va Parallel45 shirkatlari yoyinladi.

Rejissyor Eron rasmiylari bosimi ostida bo‘lib, ular Rasulofdan o‘z filmini 14-may kuni Fransiyada ochiladigan Kann kinofestivali dasturidan olib tashlashni talab qilayotgan edilar.

Muhammad Rasulof Eronni tark etish haqida qaror qabul qilish ustida uzoq bosh qotirib o‘tirmaganini qayd etgan.

Mening yo qamoqxonani, yoki hijratni tanlashimga to‘g‘ri keldi. Ko‘nglimga har qancha og‘ir kelsa-da, o‘zim uchun ixtiyoriy surgunni tanladim”, degan eronlik rejissyor.