Samarqandda konservadan zaharlangan bola vafot etdi

Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida yashovchi oilaning to‘rt nafar a’zosi ovqatdan zaharlandi.

Joriy yil 1-noyabrida ro‘y bergan va bir bolaning o‘limi bilan yakunlangan hodisadan jamoatchilik endilikda xabar topmoqda.

“Sevimli” telekanali orqali efirga uzatiladigan “Zamon” informatsion dasturida berilgan lavhada qayd etilishicha, Pastdarg‘om tumani Mang‘itobod mahallasida yashovchi oilaning to‘rt a’zosi – er-xotin va ikki bola uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlarini iste’mol qilishi ortidan sog‘lig‘i yomonlashgan.

Shundan so‘ng ular shifoxonaga yotqizilgan va tekshiruvlarda botulizm xastaligi aniqlangan. Shifoxonada oilaning kenja farzandi vafot etgan.

Yuqumli kasalliklar shifoxonasi vakili bola talvasa sindromidan vafot etganini aytgan.

Ammo tuman sanitariya idorasi boshlig‘i Burhon Umarov bola zaharlanishdan vafot etgani, yuqumli kasalliklar shifoxonasi shifokorlari tashxis qo‘yishda adashganini ta’kidlagan.

Holatga doir boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan.

Eslatib o‘tamiz, botulizm kasalligi asosan uy sharoitida tayyorlangan sabzavot va meva konservalari, dudlangan baliq va go‘sht mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida kelib chiqadi. Botulizm umumiy infeksion intoksikatsiya, oshqozon-ichak traktining buzilishi va nevrologik sindromlar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Botulizm ko‘p hollarda o‘limga olib keladi.

Ozodlik avvalroq Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida hot-dog iste’mol qilgani ortidan to‘rt kishi zaharlangani haqida xabar bergandi.