Samarqandda qurilish shirkati 30 dan ziyod daraxtni kesib tashladi

Illyustrativ surat

Samarqand shahrida bolalar bog‘chasi hududida qo‘shimcha bino qurayotgan qurilish shirkati noqonuniy ravishda 31 tup daraxtni kesib tashlagan. Qonunbuzarlik holati Samarqand viloyati Ekologiya boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv chog‘ida aniqlangan.

Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmatiga ko‘ra, bog‘cha hududida kesilgan daraxtlarning 30 tupi hukumat qaroriga asosan qimmatbaho navlari ro‘yxatiga kiritilgan Eldor qarag‘ayi (Pinus yeldarica), bir tupi esa kam qimmatli terak daraxti bo‘lgan. Daraxtlar noqonuniy ravishda qurilishi rejalashtirilgan binoning yerosti qismini (kotlovan) qazish vaqtida kesib tashlagani aniqlangan.

Olib borilgan tezkor o‘rganishlar jarayonida “Samarqand maxsus suv drenaj” MCHJ tomonidan daraxtlarni noqonuniy tarzda kesib tashlashi oqibatida tabiatga 260 620 000 so‘m zarar yetkazganligi ma’lum bo‘ldi”, deyilgan boshqarma xabarnomasida.

Holat bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquq-tartibot idoralariga taqdim etilgan.

O‘zbekiston prezidenti 2021-yil 31- dekabr kuni imzolagan farmonga muvofiq, mamlakatda davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirilgan. Daraxtlarni har qanday holatda kesish yoki yo‘q qilish to‘g‘risida hukumat farmoyishlari va hokimlar qarorlarini qabul qilish ham taqiqlangan.