24 - may kuni Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida 49 yashar ayol “Tez yordam” vrachi qilgan muolaja ortidanoq vafot etdi.
Guvohlarga ko‘ra¸ yaqinlari vrachni noto‘g‘ri ukol berishda ayblab¸ uni qattiq kaltaklagan.
Qo‘shrabot Tibbiyot birlashmasi rahbari Jo‘sh mahalla fuqarolar yig‘inida shunday voqea sodir bo‘lganini tasdiqladi.
Tez tibbiy yordam ko‘rsatishga kelgan vrachning kaltaklanganini qoralagan mulozim o‘limga nima sabab bo‘lgani tibbiy ekspertiza xulosasi orqali aniqlanishi va shundan so‘nggina qonuniy chora qo‘llanishi lozimligini ta’kidladi.
Fojia yoki surunkali xastalikning mantiqiy yakuni?
Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumani Jo‘sh qishlog‘ida yashovchi Lola Dushanova¸ 24 - may kuni kechqurungi soat 10 larda o‘zini yomon his qilgan va yaqinlari “Tez yordam” chaqirgan.
Guvohlarning Ozodlikka aytishicha¸ ko‘p o‘tmay “Tez yordam”ning Jo‘sh MFYdagi filialining bolalar vrachi bemorni ko‘rishga yetib kelgan va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan.
“Qanday ukol qilganini bilmaymiz¸ ammo kasalga yoqmadi va reaksiya berdi – ukol olishi bilan o‘lib qoldi. Shundan keyin marhumaning o‘g‘illari vrachni kaltaklab tashladi. O‘likni bugun soat 2 larda chiqarishdi”¸ - dedi voqea tafsilotlaridan xabardor jo‘shliklardan biri.
Jo‘sh MFY raisi Ozodlik bilan telefon suhbatida bunday voqeadan xabari yo‘qligini iddao qildi. Mahalla faollaridan biri esa¸ shunday “fojia” yuz berganini tasdiqladi.
“Lola Dushanova¸ adashmasam 1972 - yilda tug‘ilgan¸ hali yosh ayol edi. To‘rtta bolasi¸ bir qiz¸ uch o‘g‘li bor edi. Bitta o‘g‘li Amerikaga ketgan¸ oilasi tinch¸ o‘ziga to‘q edi”¸ - dedi o‘lim tafsilotlaridan bexabarligini ta’kidlagan mahalla faoli.
Qo‘shrabot tuman Tibbiyot birlashmasi rahbari Ulug‘bek Shamsiyev o‘lim hodisasini ham¸ “Tez yordam” vrachining marhuma yaqinlari tomonidan kaltaklanganini ham tasdiqladi.
“Ayol kuchli og‘riqdan shikoyat qilgan. Vrachning taxminicha¸ miokard infarkt (o‘tkir yurak ishemik kasalligi - yurak toj tomirlari orqali qon yurak mushaklariga oqib kelishi to‘xtab qolishi mumkin) bo‘lgan. Vrach nitroglitserin va analgin-dimedrol ukol qilgan. Bemor chindan ham tezlikda vafot etgan. Taxminga ko‘ra¸ unda surunkali yurak-qon tomirlari kasali bo‘lgan"¸ dedi tuman tibbiyotchilari rahbari.
Shifokorlarga qarshi zo‘ravonlik
Qo‘shrabot tuman Tibbiyot birlashmasi rahbari xizmat vazifasini bajarayotgan tibbiyot xodimlarining o‘lim bilan yakunlangan holatlarda kaltaklanishi ko‘payib borayotganidan xavotir bildirdi.
“Birorta IIB xodimi xizmat vazifasini bajarayotgan paytda kaltaklansa¸ bu ishni qilganlar darrov jazosini oladi. Ammo vrachlarni urish normaga aylanib boryapti. Bunday vaziyatlarda kuchli hissiyotga berilish bo‘ladi¸ lekin o‘lim sababini aniqlamay turib¸ vrachni samosud qilish qonunga zid. Men vrachimni oqlamoqchi emasman. Marhuma jasadi ekspertiza qilinsin¸ o‘lim sababi aniq bo‘lsin¸ ana undan keyin o‘lim vrachning noto‘g‘ri muolajasi tufayli sodir bo‘lgan bo‘lsa¸ tegishli jazosini olsin. Lekin hozircha bunday xulosa yo‘qku! Balki ayol kuchli zaharlanishdan vafot etgandir¸ balki uzoq va surunkali kasali bo‘lgandiru¸ eng oxirgi daqiqada vrach chaqirishgandir. Bu haqda biror asosli ma’lumot yo‘q joyda¸ vrachni aybdor qilishga qarshiman”¸- dedi Ulug‘bek Shamsiyev.
Ozodlik gaplashgan qo‘shrabotlik vrachlardan biri ham o‘lim sababi aniqlanmay turib¸ tibbiyot xodimini ayblash va "samosud" qilish o‘zbekistonliklar orasida urfga kirganidan xavotir bildirdi.
“Agar o‘lim bahsli bo‘lsa¸ buni faqat ekspertiza yo‘li bilan aniqlash mumkin. O‘limning noto‘g‘ri ukoldan yoki surunkali kasallik oqibatida bo‘lganini faqat jasadning o‘zi aytadi. Agar yaqinlarida shubha bo‘lsa¸ jasadni yorib¸ ekspertiza qilish kerak. Prokuratura o‘rganishi kerak. Lekin bilishimcha¸ bunday qilishmadi - marhumani bugun soat 2 da chiqarishdi”.
Hozircha tuman prokuraturasining o‘lim holati bo‘yicha surishtiruv boshlagani haqida Ozodlikda rasmiy ma’lumot yo‘q.
Vazirlik ham xavotirda...
2019 - yil sentabrida Andijon viloyati Asaka tumanida “Tez tibbiy yordam” feldsherining og‘ir jarohat olgan bemor yaqinlaridan biri tomonidan kaltaklangani ortidan Sog‘liqni saqlash vazirligi ham bunday holatlar ko‘payib borayotganidan tashvish bildirgan edi.
“Oxirgi paytlarda tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuz qilish, shifokorlarning sog‘ligiga ziyon yetkazish, tahqirlash holatlari tez-tez uchrab turgani barchamizni tashvishga solmoqda. Shifokor hech qachon, hech kimga yomonlikni ravo ko‘rmaydi, aksincha, huzuriga shifo istab kelgan har bir bemorga bor kuch-salohiyati, bilimini ishga solib beg‘araz ko‘mak beradi. Tibbiyot xodimlarining shirin so‘zi, dori-darmoni va mehrli qo‘li bilan qanchadan-qancha bemorlar og‘ir darddan xalos bo‘layotgani hammamizga kundek ravshan. Ana shunday fidoyi, o‘zgalar salomatligi uchun o‘z halovatidan kechib, mehnat qilayotgan oq xalat sohiblarini tahqirlash, nohaq kaltaklash aqlga sig‘adimi?”, - deyilgan edi Sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotida.
Ayni paytda sog‘liqni saqlash¸ xususan¸ tez tibbiy yordam ko‘rsatish xizmati xodimlarining malakasizligi¸ tizimdagi korrupsiya va ta’magirlik o‘zbekistonliklarning jiddiy e’tiroziga sabab bo‘lib kelmoqda.
Prezident Mirziyoyevning tizimni jiddiy isloh qilish¸ xorijga chiqib ketgan malakali vrachlarni O‘zbekistonga qaytarish¸ poraxo‘rlik va ta’magirlikni tugatish haqidagi va’dalariga qaramay¸ sog‘liqni saqlash tizimida keyingi to‘rt yil ichida jiddiy o‘zgarishlar kuzatilmadi.
Kuzatuvchilar fikricha¸ tibbiyot xodimlarini tayyorlash va ularni ishga tayinlashdagi tizimli muammolar keyingi yillarda aksincha¸ yanada kuchaygan. Bunda tibbiyot sohasidagi ta’lim bilan bog‘liq muammolarning ham hissasi borligi aytiladi.
25 - may kuni davletovuz Telegram-kanali tibbiyot fanlari doktori, professor Zarifboy Ibodullayevning quyidagi fikrlarini e’lon qildi:
“Superkontrakt degan balo tibbiy ta’limning oyog‘iga haqiqiy tushov bo‘ldi. Superkontraktga 250 mln so‘m to‘lab kiradiganlarning 90 foizi – ilmsiz talabalar. Oddiy anatomiyani bilishmaydi. Fursatdan foydalanib, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy ta’lim vazirligiga taklif kiritmoqchiman: superkontraktdan voz kechish yoki ularga bir marta imkoniyat berib, undan foydalana olishmasa, haydab yuborish kerak”¸ - deb aytgan O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimidagi mutaxassislar saviyasining tushib borayotganidan bong urgan professor.