Samarqandda xorijga yo‘llash va’dasi bilan 49 kishini aldagan shaxs ushlandi

Illyustrativ surat

Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanida noqonuniy yo‘llar orqali xorijga yo‘llash va’dasi bilan odamlardan aldab, pul olgan kishi qo‘lga olingan. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lumot tarqatdi.

Xabarnomada BP huzuridagi departamentning Oqdaryo tuman bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar E.X. va B.B.ning ishonchiga kirib, ularni Angliyaga ishga yuborish evaziga 4 500 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan fuqaro V.I. 1,2 million so‘m va 700 AQSH dollarini qaytarib bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangani aytilgan.

Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv davomida fuqaro V.I. 47 nafar fuqaroni aldab, chet davlatlarga ishga yuborishi evaziga jami 37 ming 160 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.

Navoiy viloyatida o‘tkazilgan tadbirda esa fuqaro R.D. fuqaro A.F.ni Janubiy Koreyaga yashash va ishlash uchun jo‘natishi hamda viza hujjatlarini tayyorlab berishi evaziga “firibgarlik yo‘li bilan 4 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan”i aytilgan.

“Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda”, deyilgan departament xabarnomasida.