Sanepidqo‘mita o‘zbekistonliklarni halokatli xastalikdan ogohlantirdi

Epidemiologlar ta’kidicha, Marburg gemorragik isitmasi manbai ko‘rshapalaklar bo‘lib hisoblanadi (illyustrativ surat)

Afrikaning Ruanda davlatida Marburg gemorragik isitmasi qayd etilgani ortidan O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi vatandoshlarni ehtiyot choralarni ko‘rishga chaqirdi.

Ushbu xastalikda o‘lim darajasi 90 foizga teng ekani aytiladi.

Marburg isitmasining manbai ko‘rshapalaklar hisoblanib, ulardan kasallik sog‘lom odamlarga yuqishi mumkin. Infeksiyaga chalingan bemorlardan ajraladigan biologik suyuqliklar (qon, tupuk, peshob) bilan bevosita aloqa qilish, shuningdek, turli jismlar yuzalari orqali ham faol tarqalishi mumkin”, deyilgan xabarnomada.

Qo‘mita ogohlantirishiga ko‘ra, kasallik belgilari to‘satdan boshlanadi va bemorda yuqori tana harorati, kuchli bosh og‘rig‘i, bezovtalik, mushaklarda og‘riq, diareya, ko‘ngil aynishi va qayt qilish holatlari kuzatiladi. Kasallikning beshinchi kunida ko‘krak, orqa va qorin bo‘shlig‘ida qontalash toshmalar paydo bo‘lishi mumkin.

Sanepidqo‘mita gemorragik isitma kasalligiga gumon qilingan bemorlar aniqlanganda uni zudlik bilan ihotalab, tibbiyot xodimlarga murojaat qilish, bemorning qoni, tana suyuqliklari va ifloslangan yuzalarga tegmaslik kerakligini eslatgan.

Infeksiya xuruji ehtimoli sabab mahalliy hayvonlarning chala pishirilgan go‘shtini iste’mol qilmaslik, ko‘rshapalaklar yashaydigan g‘orlarga bormaslik uqtirilgan.