SAXAL: G‘azoga yordam yetkazilishi uchun tanaffus beriladi

G‘azoda vayrongarliklardan biri aks etgan lavha (arxiv surati)

Isroil armiyasi (SAXAL) tinch aholiga yetkazilayotgan yordam ko‘lamini kengaytirish uchun G‘azo sektoridagi jangovar harakatlarda gumanitar tanaffuslar berilishini ma’lum qildi.

Jangovar harakatlarda tanaffuslar “Kerem-Shalom” nazorat-o‘tkazish maskanidan Salohiddin shossesiga olib chiquvchi, keyin esa sektor shimoliga yo‘naluvchi yo‘l bo‘ylab soat 08:00 dan 19:00 gacha davom etadi.

Isroil armiyasi telegram-kanalida tarqatilgan ma’lumotda gumanitar tanaffus haqidagi qaror BMT va xalqaro tashkilotlar bilan qo‘shimcha muhokamalardan keyin qabul qilingani aytilgan.

Ayni paytda isroillik harbiylar sektor janubidagi Rafah shahri joylashgan hududda amaliyot davom ettirilishini aytishmoqda. 15-iyun kuni Isroil armiyasi sezilarli darajada talafot ko‘rgan – bronetransportyor portlashi natijasida sakkiz nafar harbiy halok bo‘lgan.

Joriy yilning 10-iyun kuni BMT Xavfsizlik kengashi G‘azoda o‘t ochishni bosqichma-bosqich to‘xtatish haqidagi AQSH rezolyutsiyasini qabul qilgan. Rejada HAMAS guruhi (AQSH va YIda terror tashkiloti deb topilgan) tomonidan o‘tgan yilning 7-oktyabrida garovga olinganlarni ozod qilish, Isroil qo‘shinlarini sektor hududidan bosqichma-bosqich olib chiqib ketish va urushdan keyin xalqaro nazorat ostida G‘azoni qayta tiklash kabilar ko‘zda tutilgan.