Seldan jabr ko‘rgan O‘shga O‘zbekistondan yordam yetkazildi

O‘zbekistondan yo‘llangan va "Do‘stlik" chegara maskanidan o‘tib ketayotgan gumanitar yukli avtomashinalar (Andijon viloyat hokimligi matbuot xizmati fotosi)

O‘zbekiston rasmiylari 16-iyul kuni seldan zarar ko‘rgan Qirg‘izistonning O‘sh shahriga insonparvarlik yordami yo‘llashgan.

Andijon viloyati hokimligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, yuklar viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya hamrohligida ikki davlat o‘rtasidagi “Do‘stlik” chegara-bojxona maskanidan olib o‘tilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 13 ta yuk mashinasiga ortilgan 200 tonnali gumanitar yordam ichiga kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari, xo‘jalik va qurilish mollari hamda boshqa ashyolar kiradi.

Avvalroq Ozodlik 14-iyul kuni O‘shda kuzatilgan sel toshqini bir necha kishini oqizib ketgani, tabiiy ofat qurbonlaridan to‘rt nafarining (ona va uning uch qizi) jasadi Oqbura va Shahrixonsoydan topilgani, toshqin tufayli yuzdan ziyod uy suv ostida qolgani, 15 chog‘li mashina oqib ketgani haqida xabar qilgan edi.

O‘zbekiston avvalroq Qirg‘izistonning seldan zarar ko‘rgan Novqat tumaniga ham 95 tonnali gumanitar yordam yukini yo‘llagan edi.