Senat yalpi majlisidan jonli ko‘rsatuv uzib qo‘yildi

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati binosi.

UzReport telekanalining O‘zbekiston Oliy Majlis Senatining majlislaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib berayotgan ko‘rsatuvlari 28-aprel kuni boshlanganidan so‘ng 8 daqiqa o‘tib to‘xtatildi.

Jonli ko‘rsatuvlarning qachon qayta tiklanishi noma’lum.

Bu O‘zbekiston rasmiy idoralaridan olib beriladigan so‘nggi yagona jonli teleko‘rsatuv bo‘lgan .

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati xabar qilganidek, bu yig‘ilishda O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev va Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovlarning senatorlar oldidagi hisoboti tinglanishi kerak edi.

Bu mulozimlarning hisoboti qanday o‘tdi, senatorlar ularga qanday savollar berdi, bu tomoni qorong‘i qoldi.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati bu borada sukut saqlamoqda.

Oliy Majlis Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisi 2022-yil 28-aprel kuni chaqirildi.

Majlis kun tartibida bir qancha muhim masalalar bilan birga senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyevning fermer xo‘jaliklari faoliyati kafolatlarini ta’minlash holati yuzasidan axborotini, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, uning daromadini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ishlar haqidagi hisobotini ham eshitish nazarda tutilgan edi.

Majlis UzReport telekanali orqali jonli efirda yoyinlandi.

Ammo, oradan 8 minut o‘tganidan so‘ng, jonli efir taqa-taq uzilib, telekanal boshqa ko‘rsatuvlarga o‘tib ketdi.

Bu uzilish Shuhrat G‘aniyev yoki Shuhrat Abdurahmonovning hisobotlari bilan bog‘liqmi yoki yo‘q, bu haqda Ozodlikda ma’lumot yo‘q.

Oliy Majlis Senati majlislarini doim jonli kuzatib kelgan o‘zbekistonliklar bu imkoniyatdan mahrum bo‘ldilar.

O‘zbekistonlik jurnalist va blogerlarning yozishicha, Senat majlisining jonli ko‘rsatuvi uzilishi ilk marta sodir bo‘lmoqda.

Bundan avval 17-mart kuni Senatning yalpi majlisida O‘zbekiston Tashqi ishlar sobiq vaziri Abdulaziz Komilov Ukraina suverenitetini tan olib, LXR, DXRlarni tan olmasligi haqida tarixiy bayonot bergan edi. Bu jonli efirda ketgan.

Bu bayonot Rossiya hukumati tomonidan g‘azab bilan kutib olindi. Jurnalistlar fikricha, jonli efirning yo‘q qilinishiga shu ham sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonlik huquqshunos, Xushnud Xudoyberdiyev o‘zining Telegram kanalidagi sahifasida bu haqda shunday fikr qoldirdi:

“Senat ham, Qonunchilik palatasi ham o‘z yig‘ilishlarini jonli efirda ko‘rsatishni to‘xtatibdi.

Vaholanki, Prezident farmonida MTRK hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga 2021-yil 1-dekabrdan boshlab Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati majlislari, Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalarini telekanallar, shuningdek, Internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatilishini ta’minlash vazifasi yuklatilgan edi.

Endi bundan buyon senatorlar va deputatlarning muhokamalari keng jamoatchilikning ko‘zidan yiroq, yopiq eshiklar ortida o‘tadimi?”

Taniqli o‘zbekistonlik iqtisodchi Otabek Bakirovning Telegram kanalida yozishicha, 28- aprel kuni Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev va Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov hisobotlari eshitilishi ko‘zda tutilgan edi:

“Lekin Tanzila Narbayeva Senat raisi bo‘lgandan buyon bugun birinchi marta yalpi majlislar jonli efiri amalga oshirilishi to‘xtatildi.

Aytish joizki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati majlislari jonli efirda uzatilishi - bu Prezident farmoni talabi ham. Bundan buyog‘iga Qonunlar, qarorlar va farmonlarning ochiqchasiga buzilishiga sekin-asta o‘zimizni ko‘niktirib borishimizga to‘g‘ri keladiganga o‘xshaydi.

Komilovning o‘sha mashhur tarixiy chiqishidan keyin avval Parlamentning quyi palatasida, mana endi Senatda ham jonli efirlar taqa-taq to‘xtadi”.

Ismi sir qolishini so‘ragan o‘zbekistonlik blogerlardan birining aytishicha, O‘zbekistonda erkin so‘zga, erkin fikrlashga bo‘lgan ta’qib kundan-kun kuchayib bormoqda:

“Biz ham nima bo‘layotganini tushunmay qolyapmiz. Blogerlar qamalyapti, Ukraina temasini yozma degan bosimlar kuchaymoqda. O‘zbekistonda faqat Samarqand viloyatida hokimlik majlislari jonli yoritib kelinadi. Boshqa viloyatlarda yo‘q. Parlamentdagi jonli ko‘rsatuvni ham yopishgan edi, mana oxirgi jonli ko‘rsatuv, Senat majlislari ham uzildi. O‘zi nima qoldi, hamma yoq yopilyapti. Prezidentning farmoni bajarilmayapti, prezident instituti obro‘si tushib ketyapti”.

Ismi sir qolishini so‘ragan jizzaxlik fermerlardan biri, jonli efirda Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyevning hisobotini juda eshitgisi kelganini, lekin efir uzilib qo‘yilganini aytadi:

“Shuhrat G‘aniyev janoblari fermer xo‘jaliklari faoliyati kafolatlarini ta’minlash holati yuzasidan axborotini juda eshitgim kelgan edi. Qani bu haqda nima derkin, senatorlardan birortasi nega fermerlar sizdan norozi, nega ularni prezident farmoniga zid ravishda klasterga qaram qilib qo‘yayapsiz, degan savolni berarmikin deb kutgan edim. Aslida, bizning senatorlardan bunday savolni kutish, bo‘rining ko‘ksidan sut so‘raganday gap. Bir men emas, minglab fermer kutdi. Lekin uning nima degani Senat binosi ichida qolib ketdi”.

Ozodlik kun davomida Oliy Majlis Senatining saytida ko‘rsatilgan yagona telefoniga qo‘ng‘iroq qildi, ammo go‘shakni hech kim ko‘tarmadi. Matbuot xizmati bilan qanday aloqa qilish ham Senat saytida ko‘rsatilmagan.

UzReport telekanalining saytida ko‘rsatilgan telefonlari ham Ozodlik qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

Namanganlik mustaqil jurnalist Nosir Zokir fikricha, garchi O‘zbekistondagi parlament demokratik tamoyillardan uzoq bo‘lsa-da, uning majlislarini jonli namoyish qilishdan biroz foyda bo‘lardi:

“Men eshitgan gaplarga ko‘ra, jonli efirning uzib qo‘yilishiga ikkita katta amaldorning hisoboti sabab bo‘lgan. Men Senat yalpi majlislarining har bittasini o‘tkazmay ko‘rar edim. Deputat va senatorlarimizning erkin fikr aytish darajasining qanday ekanligini o‘zimiz bilamiz. Lekin, har holda to‘g‘ridan to‘g‘ri olib berilishi ularga mas’uliyat yuklaydi, mayli ular demokrat bo‘lmasin, mayli o‘sha yerda ikki og‘iz erkinroq gap gapirilib qolsin. Shu ham ozgina xalqqa foyda bo‘lardi”.