Toshkent shahri Sergeli tumanida joylashgan “Interlogistics” MCHJga qarashli omborxonada yuz bergan yong‘in va portlashga katta miqdordagi kimyoviy moddalar, qurilish va boshqa mahsulotlar belgilangan talablarga rioya qilinmay, aralash holda saqlangani sabab bo‘lgan. Bu haqda hukumat komissiyasi ma’lum qildi.
“Hodisa joyi o‘rganilganda aynan vodorod peroksidi saqlangan joy yaqinida gul qog‘ozlar va boshqa yonuvchi materiallar saqlangani aniqlandi. Kimyoviy modda va materiallarning o‘zaro ta’sirlanishi va kimyoviy o‘z-o‘zidan yonishi yuzaga kelib, portlash sodir bo‘lgan”, deyiladi rasmiy bildirgida.
Favqulodda vaziyat sabablarini o‘rganish jarayonida yong‘in va portlash o‘chog‘i metall va “sendvich” panellardan qurilgan ombor bo‘lgani aniqlangan.
Holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi “a” va “b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
4 nafar shaxsga nisbatan qamoqqa olish, 1 kishiga nisbatan garov ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Hukumat komissiyasiga ko‘ra, omborxonada 12 ta ijarachi kompaniyaning katta miqdorda, turli xil nomenklaturadagi tovarlari saqlangani hamda jinoyat ishi doirasida bir nechta turdagi ekspertiza tadqiqotlari o‘tkazilayotgani sabab hodisa bo‘yicha yakuniy xulosaga kelish muayyan vaqt talab etadi.
Ekspertiza, tergov va sud jarayonlari yakunlangach, aniqlangan zarar aybdor deb topilgan javobgardan to‘liq undirib olinishi xabar qilingan.
28-sentabr kuni ro‘y bergan yong‘in va portlash oqibatida 1 kishi vafot etgan, 163 kishi turli darajada jarohatlangan. 39 ta ko‘p qavatli uylardagi 1370 ta xonadon, 246 ta hovli, maktab va bog‘cha binolariga zarar yetgan.
Portlash oqibatida omborxonaga qo‘shni bo‘lgan 20dan ortiq hovli eng ko‘p zarar ko‘rgan.
Ozodlik suhbatlashgan odamlar bu uylarda yashash xavfli bo‘lib qolganini aytishadi:
“Portlash oqibatida devorlarimiz "osadka berib" cho‘kdi. Yer ko‘tarilib tushganday bo‘ldi. Mahallada sog‘ hovli qolmagan. Shiferlar surilib ketdi, uyning ichidagi balkasi egilib, osilib qoldi. Bu uylar yashab bo‘lmaydigan ahvolga keldi. Hamma devorlar yorilib ketdi, bu uylarga hozir kirish ham xavfli bo‘lib qoldi”.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Mahalla yashovchilaridan Janibek Yerdenovning Ozodlikka aytishicha, odamlar zich yashaydigan mahallalar o‘rtasida portlovchi moddalari bor omborxonaning borligi inson hayotini xavf ostiga qo‘yadi. Aslida esa bunday korxonalar aholi yashaydigan joylardan ancha uzoqda bo‘lishi kerak:
“Atrofimiz to‘la zavod. Bir tomonimiz keramika zavodi, bir tomonimiz logistika, bir tomonimiz “pepsi” zavod, sal narida metro. Mahalla juda katta zarar ko‘rdi. Endi bularni kim ta’mirlab beradi, hali bilmaymiz”.
Mahalla odamlari atrofi korxona va omborlar bilan o‘ralgan bu mahallada yashashga qo‘rqib qolganini aytar ekan, hukumatdan ularni bu yerdan ko‘chirib, boshqa tinch hududdan uy qurib berishni iltimos qilishini aytadi:
“Og‘ir ahvolda qoldik, bu yoqda qish eshik qoqyapti. Avariya holatidagi bu uylarda jon hovuchlab yashashning o‘zi bo‘ladimi. Shu mahallada 20tadan ko‘proq hovlili uy bor. Hukumatimiz bizni bu yerdan olib chiqsin, bizlarga uy topib bersin. Keyin aybdorlarni qidirib topib, undan zararni qoplab olaversin!”, deb aytgan mahalla yashovchilaridan biri.
28-sentabr kuni «Inter Logistics»ga qarashli omborxonada sodir bo‘lgan portlashda xonadonlari shikastlangan Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi «Quruvchilar» mavzesida yashovchi ko‘plab fuqarolar yetkazilgan zarar haligacha to‘liq qoplanmagani haqida «Gazeta.uz»ga murojaat qilgan.
Nashrning yozishicha, tashqi tomondan qaraganda, hududdagi umumiy holat yahshilangan. Ta’mirlash ishlari tugallanib qolgan. Biroq aholi xonadonlarida deraza romlari va eshiklar shoshib o‘rnatilganini aytmoqda.