O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostona shahriga amaliy tashrif doirasida 3-iyul kuni Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin muzokara olib borgan.
Prezident matbuot xizmati qaydicha, uchrashuvda o‘tgan yili O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi 14 milliard dollarga yetgani, yaqin istiqbolda bu ko‘rsatkichni 20 milliard dollarga yetkazish imkoniyat mavjudligi qayd etilgan.
Tomonlar infratuzilma, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi va “yashil” energetika sohalarida strategik hamkorlik dasturlarini qabul qilishni jadallashtirishga kelishib olishgan.
Uchrashuvda Mirziyoyev Xitoy rahbari kambag‘allikka qarshi kurashish sohasida amaliy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlayotganini alohida ta’kidlagan va bu yo‘nalishda tajriba almashish bo‘yicha uzoq muddatli dastur qabul qilish taklifini bildirgan.
Muzokaralar chog‘ida "Bir makon, bir yo‘l" tashabbusi doirasida transport bog‘liqligini mustahkamlash va mintaqani rivojlantirishda strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston temir yo‘lini qurish bo‘yicha amaliy ishlarni tez fursatda boshlash muhimligi ta’kidlangan.
Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokamasi chog‘ida Mirziyoyev rasmiy Toshkentning “yagona Xitoy” siyosatini qo‘llab-quvvatlash va “uch yovuz kuch”ga (separatizm, terrorizm va ekstremizm nazarda tutilmoqda. - tahr.) qarshi kurashish borasidagi pozitsiyasi o‘zgarmas ekanini yana bir bor ta’kidlagan.
Shu bilan birga, uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida turizm, ilm-fan, ta’lim, kadrlar tayyorlash va xitoy tilini o‘rganish sohalarida hamkorlikni kengaytirish zarurligi urg‘ulagan.
Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev Si Szinpinni O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif etgan.
O‘zbekiston prezidenti Xitoyga so‘nggi bor joriy yilning yanvar oyi oxirida safar qilgan edi. O‘shanda ikki mamlakat o‘rtasida 15 dan ziyod hujjat imzolangani aytilgan.