O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-mart kuni Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni xalq hukumati raisi Erkin Tuniyaz boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgan.
Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, qabul chog‘ida O‘zbekiston hududlari va SHUAR o‘rtasidagi amaliy aloqalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqilgan.
Mirziyoyev Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni jadallashtirish muhimligini ta’kidlagan. Uchrashuvda innovatsion texnologiyalar, qishloq va suv xo‘jaligi, transport va logistika, bank-moliya sohasi, ta’lim, an’anaviy tibbiyot kabi bir qator ustuvor yo‘nalishlar ko‘rsatib o‘tilgan, gumanitar va turizm aloqalarini rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilingan, shuningdek, “O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy” temir yo‘lini qurish loyihasini ilgari surishga alohida e’tibor qaratilgan.
Avvalroq Ozodlik O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi fevral oyi oxiri va mart oyi boshlarida Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoniga tashrif buyurgani haqida xabar qilgan edi. Eurasianet nashri qaydicha, bosh vazir mazkur safarida Xitoy bilan yangi sarmoyaviy kelishuvlarga erisholgan emas.