Shaxsga doir ma’lumotlarni Cloud'da saqlash taklif qilindi

TBC Group vakili Oliver Hyuz (arxiv surati)

TBC Group vakili Oliver Hyuz O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevdan shaxsga doir ma’lumotlar va bank axborotlarini bulutli texnologiyalarda (Cloud) saqlashga ruxsat berishni so‘radi.

Bankir bu taklifni 20-dekabr kuni prezident va tadbirkorlar muloqotida ilgari surgan.

Bugungi kunda banklar uchun ma’lumotlarni saqlashga nisbatan talablar juda qattiq. Ularni o‘z hisoblash markazlarimizda saqlashimiz kerak, bu juda qimmat va uni kengaytirish qiyin. Hozircha yaxshi, lekin biz qancha uzoqqa bormoqchi bo‘lsak, bu qiyinlashib boraveradi. Bu butun mamlakatdagi texnologik kompaniyalarining rivojlanishiga to‘sqinlik qilishi mumkin. Biz banklarga o‘z ma’lumotlarini Cloud'da, O‘zbekistonda va hatto ofshor hududlarda saqlashga ruxsat berishni qonunchilikka kiritishni taklif qilmoqchimiz”, deya Oliver Hyuzdan iqtibos keltirgan Kun.uz nashri.

Mirziyoyev masala o‘ta jiddiyligini qayd etib, Iqtisodiyot va moliya, Adliya vazirliklari hamda Markaziy bankka har tomonlama puxta o‘ylab yechim topishni buyurgan.

Faqat to‘g‘ri qarorlar qabul qilishimiz kerak. Fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari haqida gaplashyapmiz. Bu juda jiddiy masala. Xato qilishga haqqimiz yo‘q”, degan Mirziyoyev.

Ma’lumot o‘rnida: 2021-yilning fevral oyida O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlar va global internet-kompaniyalarni O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini mamlakat hududida joylashgan serverlarda saqlashga majburlovchi qonun qabul qilingandi. O‘shanda ushbu qonunga asosan ijtimoiy tarmoqlar bloklangan, pirovardida bu hukumatda inqirozga sabab bo‘lgan edi.