Shimoliy Osetiya musulmonlari diniy boshqarmasi mintaqa muslimalariga vaqtinchalik niqob taqib yurishdan voz kechishni tavsiya qildi. Bu haqda TASS agentligiga respublika muftiysining o‘rinbosari Ibragim Dzagurov bildirgan.
“Shimoliy Kavkaz musulmonlari muvofiqlashtiruvchi markazi tomonidan niqobni taqiqlash bo‘yicha qabul qilingan qarorga muvofiq, biz ham Shimoliy Osetiya respublikasida bu qarorga rioya qilishni tavsiya qilamiz”, degan Dzagurov.
Mulozim mamlakatda amalda bo‘lgan e’tiqod erkinligi va diniy birlashmalar to‘g‘risidagi qonun tufayli niqobga nisbatan to‘la taqiq joriy qilish mumkin emasligini qayd etgan.
Avvalroq Dog‘iston va Qorachoy-Cherkesiya muftiyatlari tomonidan “mintaqada to‘la tinchlik va osoyishtalik” o‘rnatilguniga qadar niqobga vaqtinchalik taqiq kiritilgan edi.
Mahachqal’a va Darbanddagi hujumlar ortidan Rossiyada niqob taqiqiga oid muhokamalar boshlangan paytda Moskva jome’ masjidi bosh imomi Ildar Alyautdinov niqobni taqiqlash Rossiya jamiyatida taranglikka olib kelishi mumkinligini bildirgan.