Shinjonni tark etgan qirg‘iz ayol hanuz qo‘rquvda yashamoqda

Oygul Xitoyning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan Shinjon viloyatini bundan yetti yil burun ota-bobolari vatani Qirg‘izistonda tahsil olish uchun tark etgan.

Bugunga kelib Oygul (xavfsizligi yuzasidan ismi o‘zgartirildi – tahr.) Qirg‘iziston fuqarosi. Ammo u hamon Shinjondagi musulmon ozchiliklarga qarshi shafqatsiz repressiyada ayblanib kelayotgan Xitoy rasmiylari ta’qibidan qo‘rqib yashaydi.

Shinjonning Qizilsuv qirg‘iz avtonom okrugida tug‘ilib o‘sgan Oygulning so‘zlariga ko‘ra, uni va Qirg‘izistonda yashovchi yana bir necha shinjonlikni Xitoyning Bishkekdagi elchixonasi aldov bilan Xitoyga olib ketgan. Xitoyda ularni hibsga olishgan va qamoqqa tashlashgan.

“2017-yilda elchixona ayrim chegarani tekshirish ishlariga yordam berishimizni so‘ragan edi, biroq Xitoyga o‘tganimizdan keyin, qo‘limizga kishan solib, boshimizga qora qoplarni kiygizishdi va bizni olib ketishdi”, dedi Oygul Ozodlik bilan suhbatda.

Oygulning aytishicha, u Xitoy hukumati diniy ekstremizm va terrorizmning oldini olish maqsadida “qayta tarbiyalash lagerlari” deb ataydigan qamoqlardan birida bir oyga yaqin bo‘lgan.

“Ularni lager deb atashadi, lekin aslida bu qamoqxona”, deb esladi Oygul.

“Har bir kichik kameraga 10 – 15 ayol joylashtirilgandi. Polda uxlardik”.

U yerda to‘shak yoki adyol bo‘lmagan va mahbuslarga buning o‘rniga yupqa choyshab berilgan. Oygulning aytishicha, xona nam va sovuq bo‘lgan, burchakda hojatxona o‘rniga foydalanish uchun chelak bo‘lgan.

Oygul mahbuslarga berilgan taomni “qandaydir qaynatilgan o‘simliklar edi” deydi.

“Bundan tashqari, bizni urishardi, so‘kishardi. Meni u yerda do‘pposlashgan”, deya xotirlaydi Oygul.

“Ertalab soat 5:30 da turishga va Xitoy madhiyasini kuylashga majburlashardi. Ketidan qamoqxona hovlisida bir-ikki soat yurardik. Buning ortidan Xitoy rasmiylari olqishlangan matnlarni o‘qib, yod olardik”.

Oygul kameradoshlarining hammasi qirg‘iz millatiga mansub bo‘lganini aytdi.

Ular orasida Qirg‘iziston va Qozog‘istonda tahsil olayotgan voyaga yetmagan qizlar ham bo‘lgan. Oygulning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy rasmiylari ularning mobil telefonlarini tekshirib, Xitoyda taqiqlangan Instagram, WhatsApp va Telegram kabi ijtimoiy tarmoqlar va xabar almashish ilovalari borligini aniqlagach, juvonlar hibsga olingan.

Huquq faollarining aytishicha, shinjonlik 1 milliondan ortiq musulmon Xitoyning “qayta tarbiyalash lagerlari”ga joylashtirilgan. Ko‘plab sobiq mahbuslar lagerlarda keng tarqalgan qiynoqlar va zo‘rlashlar haqida so‘zlab bergan. Ayrim ayollar qamoqxona shifoxonalarida ularni majburan sterilizatsiya qilishganini aytib kelishadi.

Joriy yilning avgust oyida e’lon qilingan BMT hisobotida Xitoy Shinjondagi uyg‘ur va boshqa etnik ozchiliklar huquqlarini “jiddiy poymol qilishda” ayblandi. Rasmiy Pekin bu ayblovlarni rad etib keladi.

BMT hisobotida mintaqada qiynoq keng tarqalganini ko‘rsatuvchi “ishonchli dalillar” topilgani, u yerdagi qiynoqlar “insoniyatga qarshi jinoyatlar”ga tenglashishi mumkinligi ta’kidlandi.

Oson bo‘lmagan yangi hayot

Oygul bir oydan so‘ng qamoqdan chiqarilgan. Xitoyda ko‘pchilik yillab panjara ortida o‘tirishi hisobga olinsa, bir oy nisbatan qisqa vaqtdir. Ayrim shaxslar Shinjondagi lagerlarga joylashtirilgandan keyin vafot etgan yoki g‘oyib bo‘lgan.

Oygul rasmiylar unga qarshi “shubhali” hech narsa topa olmagani uchun qo‘yib yuborishgani va Qirg‘izistonga qaytishga ruxsat berishganini aytdi.

Ammo oradan bir yil o‘tib – 2018-yilda Oygul Qizilsuvga qarindoshlarini ko‘rish uchun qaytib borganidan keyin, mahalliy rasmiylar tomonidan bir necha bor so‘roqqa tutilgan.

“Ular mendan namoz o‘qishim haqida so‘rashdi. Qirg‘izistonda tanishlarim namoz o‘qishi yoki yo‘qligi haqida ham so‘rashdi”, deydi u.

“Bu safar meni qamoqqa olishmaganidan mamnun bo‘ldim, lekin bosim ostida bo‘lganimni his qildim”.

Oygul 2018-yil Qirg‘izistonga qaytib kelgach, ota-bobolari vatanida doimiy qolishga qaror qilgan. Ikki yildan so‘ng, ya’ni 2020-yilda Qirg‘iziston fuqaroligini olgan.

Ammo bu Oygulga juda qimmatga tushgan. Xitoy fuqaroligidan voz kechgani uchun endilikda u Shinjondagi oilasi bilan osonlikcha ko‘risha olmaydi.

Oygul yaqinda Xitoy politsiyasi buvisi oldiga borgani haqida xabar topgan. Zobitlar buvisining telefonini tekshirishgan hamda nevarasi bilan gaplashsa, qamalishini aytib, qo‘rqitishgan.

Buvisi Oygul Qirg‘iziston fuqaroligini olishga qaror qilganidan beri oila nazorat ostiga olinganini aytgan.

“Onamni esa men bilan aloqa qilmaslik, menga pul yubormaslik va’da qilingan hujjatni imzolashga majburlashdi”, deydi Oygul.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjatda agar onasi bu va’dani buzsa, “jazolanishga tayyor” ekanligi e’tirof etilgan.

Oygul hozir Bishkekdagi davlat idoralarining birida ishlamoqda. Hanuz talabalar turar joyida yashaydi. Oylik maoshi taxminan 125 dollar bo‘lib, bu mablag‘ning yarmi ijara haqiga ketadi, qolgani esa oziq-ovqat va dori-darmonga yetmaydi.

Oygul Shinjon qamoqxonasida surunkali buyrak kasalligiga chalingani, bugunga qadar undan aziyat chekishini aytdi.

Oygulning so‘zlariga ko‘ra, aloqa uzilishidan oldin ota-onasining moddiy yordamiga tayangan. Hozir esa moddiy qiyinchiliklardan aziyat chekmoqda.

Oygul ota-onasini yana ko‘ra olishi yoki yo‘qligini bilmasligini, hatto ular bilan qachon yana suhbatlasha olishini bilmasligini aytib, so‘zini yakunladi.