Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin 2-iyul kuni Qozog‘iston poytaxtiga yetib borgan.
Oqo‘rda matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, XXR raisini Ostona aeroportida Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev kutib olgan.
“Tashrif dasturida oliy darajadagi ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazilishi va qator muhim hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan”, deyilgan Oqo‘rda xabarnomasida.
Xitoyning “Sinxua” davlat agentligi tomonidan 1-iyul kuni chop qilingan intervyusida Toqayev Ostona o‘z oldiga Xitoy bilan aloqalarni yanada teranlashtirish rejasini qo‘yayotganini bildirgan.
Yakshanba kuni Oqo‘rda 2-4-iyul kunlari prezident Toqayev taklifiga binoan Xitoy raisi Qozog‘istonga davlat tashrifini amalga oshirishini ma’lum qilgan.
Toqayev va Si Szinpin 3-4 iyul kunlari Ostonada bo‘lib o‘tadigan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida ishtirok etishadi.
Pekin yaqin kunlar ichida XXR raisining Tojikistonga ham safar qilishi rejalanayotgani haqida ma’lum qilgan.