Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida xususiy bog‘chada tarbiyalanayotgan ikki yashar I.S. ning vafoti yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.
Mirzaoboddagi oilaviy bog‘chada shu yilning 7-avgust kuni ikki yashar o‘g‘il bola tomog‘iga ovqat tiqilib qolishi oqibatida to‘satdan vafot etgani haqida avvalroq mahalliy matbuot xabar qilgan edi.
Bolalar ombudsmani qaydicha, hodisa ortidan Mirzaobod tumani prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv doirasida sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, I.S. nafas yo‘llari berkilib qolishi natijasida (obturatsion asfiksiya) vafot etgan.
Xabarnomada tuman tibbiyot birlashmasi va oilaviy shifokorlik punkti mas’ul shaxslari bola tug‘ilganidan buyon unda aniqlangan kamqonlik (anemiya) kasalligini shu kunga qadar davolash choralarini ko‘rmagani, I.S.ni bog‘chaga qabul qilishda esa bolaning umumiy sog‘lig‘i haqidagi ma’lumotnoma olinmagani hamda bola 3 yoshga to‘lmagan bo‘lsa-da, tarbiyalanuvchilar safiga qabul qilingani urg‘ulangan.
“Joriy yilning 11-sentyabr kuni I.S. ning vafot etganligi holati yuzasidan Mirzaobod tuman tibbiyot birlashmasi va oilaviy shifokorlik punkti mas’ul xodimlariga nisbatan JKning 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) hamda oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mansabdor shaxslariga nisbatan JKning 192-11-moddasi 1-qismi (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi”, deyilgan Bolalar ombudsmani xabarnomasida ayni paytda jinoyat ishi bo‘yicha Mirzaobod tumani prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgani qo‘shimcha qilingan.