Sloveniya parlamenti Falastin mustaqilligini tan oldi

Illyustrativ surat

Sloveniya Falastinni mustaqil davlat o‘laroq tan olgan BMTning 147-davlati va Yevropa Ittifoqining 10-mamlakatiga aylandi. Mamlakat parlamentida bu borada uyushtirilgan ovoz berish jarayonida 53 nafar deputat ishtirok etgan, ulardan 52 nafari Falastin mustaqilligi tan olinishini yoqlab ovoz bergan, bunga qarshi esa hech kim ovoz bergan emas.

Sloveniya radiosi xabariga ko‘ra, ovoz berish oldidan uzundan-uzoq muhokama o‘tkazilgan. Muxolifatdagi Sloveniya demokratik partiyasi (SDP) Falastinning tan olinishi HAMAS terror tashkilotini qo‘llash bilan barobar ekanini bildirgan va bu masala yuzasidan maslahat referendumi o‘tkazishni taklif qilgan.

Davlat yig‘ini SDPning bu taklifini rad etgan.
Joriy yilning 30-may kuni Sloveniya hukumati Falastin mustaqilligini tan olgan edi. O‘shanda Sloveniya tashqi ishlar vaziri Tanya Fayon: “Men Sloveniya hukumati bu tarixiy qadamni qo‘yganidan xursandman: isroillik va falastinliklar o‘z farzandlarini o‘z mamlakatlarida tinch, xavfsiz va farovon sharoitda o‘stirish huquqiga egalar. Falastinning tan olinishi bu ikki mamlakat va xalqning birgalikda tinch-totuv yashashi uchun yagona yo‘ldir”, deya bayonot bergan.

Sloveniya TIV Yevropadagi boshqa mamlakatlarni o‘zidan o‘rnak olishga chaqirgan. Vazirlik Sloveniya G‘azo sektorida o‘t ochishning to‘xtatilishi, garovdagilarning ozod etilishi hamda Falastin muxtoriyatini qo‘llab-quvvatlash uchun islohotlar amalga oshirilishini talab qilishini urg‘ulagan.

Isroil rahbariyatining g‘azabnok munosabatiga qaramay, o‘tgan haftada Ispaniya, Norvegiya va Irlandiya ham Falastin davlati mustaqilligini rasman tan olgan edi.

Falastin davlati mustaqilligiga oid masala Isroil bilan bir qatorda falastinlik arablar davlati barpo qilinishi ko‘zda tutilgan “ikki xalq uchun ikki davlat” konsepsiyasi bilan bog‘liq. Bu konsepsiya 1967-yildagi olti kunlik urushdan so‘ng BMT Xavfsizlik kengashining 242-rezolyutsiyasi shaklida rasmiylashtirilgan.

Ayni paytda bu masala yuzasidan Isroilda ham, Falastin siyosiy kuchlari orasida ham hech qachon yakdillik bo‘lgan emas: isroillik siyosatchilar mustaqil Falastin davlati Isroilga muntazam hujumlar uchun bazaga aylanishidan xavfsirashadi, falastinlik radikallarning ko‘pi esa yahudiy davlatining mavjudlik huquqini ham tan olishmaydi.