Farg‘ona viloyat sudida shu yilning may oyida So‘x tumanida yuz bergan ommaviy tartibsizliklarda ayblangan 22 kishi ustidan sud jarayoni o‘tmoqda.
31 - may kuni Qirg‘iziston hududidagi o‘zbek anklavidagi «Chashma» bulog‘i ustidan qo‘shni davlat fuqarolari bilan yuz bergan to‘qnashuvlarda har ikki tomondan o‘nlab odam yaralangan.
Mahkamada ishtirok etgan so‘xliklar va huquq faoli Bahodir Eliboyevga ko‘ra, sudga olib kelingan 9 ayblanuvchi shu kunga qadar hibsda, qolgan 13 nafari esa, uy qamog‘ida saqlangan.
Bundan tashqari, sud jarayonida qatnashganlar ayblanuvchilar hibsga olish chog‘ida boshiga "qora qop" kiydirilgani, noma’lum shaxslar tomonidan qo‘lga olingani va «Tez yordam» mashinasida Farg‘ona shahriga olib kelingani haqida ko‘rsatma berganini aytmoqda.
Joriy yilning 31 - may kuni chegaraning bahsli qismidagi buloq suvi ustida O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolarining tortishuvi ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketgandi. Voqealardan 3 oy o‘tib, unga aloqadorlikda ayblangan o‘nlab so‘xlik qo‘lga olingan, 6 nafariga ayblov e’lon qilingan edi.
Shu yilning 22 - avgustida qo‘lga olingan 19 yashar so‘xlik Firdavs Ahrorov oilasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, mahkumning otasi va onasi 9 - noyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi binosida o‘tgan ilk majlisga chaqirilgan.
Yaqinlari qo‘lga olinganidan keyin Firdavsni ilk bor dushanba kungi sud majlisida ko‘rishgani, uning ahvoli yaxshi ekanini aytmoqda.
«Sudga qo‘lga olinganlarning oilasidan faqat 2 kishi kirishi mumkin, deyishgan ekan. Firdavsning ota-onasi bordi. Birinchi kuni tanishtiruv bo‘pti. Keyingi sud 16 - noyabr kuni soat 10da bo‘ladi, deyishibdi. Firdavs yaxshi ekan, ko‘rinishi ham yaxshi ekan. Bungacha ko‘rsatishmagan edi. Advokati ko‘rayotgandi, ahvoli yaxshi, deb chiqayotgandi», - dedi Ahrorovning yaqinlaridan biri.
Firdavs Ahrorov shu yilning 20 - avgustida «So‘x voqealari»da ayblanib, qo‘lga olingan 6 so‘xlikning biridir.
May oyida O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasining bahsli qismida joylashgan «Chashma» bulog‘i ustida ikki davlat fuqarolari o‘rtasida ommaviy janjal sodir bo‘lgan.
Rasmiy bayonotga ko‘ra, janjalda ikki tarafdan mingdan oshiq odam, guvohlarga ko‘ra esa 4 mingga yaqin odam qatnashgan, tomonlar bir-birini toshbo‘ron qilgan, bir necha uyga o‘t qo‘yilgan.
Chegarada boshlangan dahanaki mojaroning keyinchalik to‘qnashuvga aylanib ketishida mahalliy rahbarlar, xususan, Farg‘ona hokimini ayblagan norozilar Shuhrat G‘aniyev va So‘x tumani sobiq hokimini toshbo‘ron qilgan edi.
Ana shu voqealardan 3 oy o‘tib, 22 - avgust kunidan chegaradagi hodisaga aloqadorlikda gumon qilinganlarni hibsga olish harakatlari boshlandi.
25 - avgustda Bosh prokuratura sodir bo‘lgan hodisa yuzasidan, shu yilning 1 -iyunida (chegarada nizo bo‘lgan kunning ertasiga – tahr.) Farg‘ona viloyat prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) va 244-moddasi (Ommaviy tartibsizliklar) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
Rasmiy bayonotga ko‘ra, 3 oylik tergovdan so‘ng 6 shaxsga nisbatan JKning 219 va 244-moddalari bilan ayb e’lon qilinib, ularga “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Xususan, fuqaro Xaydarjon Boboxaydarov (bloger) jinoyat ishi bo‘yicha gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, JPKning 226-moddasi tartibida ushlangan va 2 - sentabr kuni qo‘yib yuborilgan.
O‘shanda so‘xliklar va bu tumandagi vaziyatni kuzatayotgan huquq faollari 6 kishi hibsda qolayotgani, yana 2 kishi 10 kunlik hibsdan so‘ng ozod qilingani, yana o‘ndan ortiq odam tuman IIB yoki Farg‘ona viloyati prokuraturasiga so‘roqqa qatnayotganini bildirgan edi.
9 - noyabr kuni sud zaliga 22 ayblanuvchi keltirildi. Ma’lum bo‘lishicha, 9 nafari Farg‘ona shahridagi hibsxonadan, qolgan 13 nafari esa So‘x tumanidan olib borilgan.
So‘xlik faollardan birining aytishicha, mahkamada 13 nafar so‘xliklar sentabr oyidan beri uy qamog‘ida saqlanayotgani ma’lum bo‘lgan:
«Bir necha kishi uy qamog‘iga olinganini eshitgan edik. Sud kuni 13 kishi ekani ma’lum bo‘ldi-da. Ularni So‘x tumanidan Farg‘onaga olib borishgan. Uy qamog‘idagi bolalardan biri aytdiki, ularni keyingi dushanbadan masofadan turib sud qilamiz, deyishibdi. Anavi hibsdagi bolalar sud zalida bo‘ladi, bular onlayn qatnasharkan”.
Ushbu mahkamada kuzatuvchi sifatida qatnashishiga ruxsat berilgan farg‘onalik huquq faoli Bahodir Eliboyevning aytishicha, mahkamada ayblanuvchilar hibsga olish chog‘ida o‘zlariga nisbatan kuch qo‘llangani va boshlariga "qora qop" kiydirib, So‘x tumanidan Farg‘ona viloyati markaziga olib ketilgani haqida ko‘rsatma berishgan:
“Hammalari boshiga qora qop kiydirilganini aytishdi. Ba’zilarini noma’lum kishilar qo‘lga olgan. Hibsga olinganlarning ba’zilari “Tez yordam” mashinasi, ba’zilar vertolyotda Farg‘onaga olib borilgani haqida ko‘rsatma berishdi. Ilk majlis tayyorlov majlisi bo‘ldi. 16 - noyabrdan eshituvlar boshlanishi aytildi”.
Ozodlikka taqdim qilingan ayblov xulosasida qayd etilishicha, 22 nafar sudlanuvchiga Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga o‘zining xizmat vazifasini bajarish yoki fuqaroviy burchini bajarishdan voz kechishga, shuningdek qonunga xilof harakatlar sodir etishga majbur qilish) va 244-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) aybi qo‘yilgan.
Bahodir Eliboyevga ko‘ra, ayblanuvchilar orasida 2 nafari voyaga yetmagan, yana bir nechasi o‘zbek tilini bilmagani uchun tarjimon so‘ragan, biroq tarjimonsiz tergov qilingan.
Farg‘ona viloyatining qo‘shni Qirg‘iziston hududida joylashgan So‘x tumani aholisining asosiy qismi tojik millatiga mansub va ayrim so‘xliklar O‘zbekistondan uzilib qolgani bois o‘zbek tilini yaxshi bilmasligi aytiladi.
Shu yilning 31 - may kuni Farg‘ona viloyati So‘x tumanining, Qirg‘iziston Botken viloyati Qadamjoy tumaniga tutash Chashma qishlog‘ida suv ustida janjal chiqdi.
Buning ortidan yuz bergan ommaviy tartibsizliklar chog‘ida, O‘zbekiston tomoniga ko‘ra, So‘x tumani shifoxonasiga o‘q yegan va jarohatlangan 187 o‘zbekistonlik keltirilgan, bularning 3 nafari ov miltig‘idan yaralangan.
Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra esa, jami 25 qirg‘izistonlik jarohatlangan, ulardan 4 nafari og‘ir jarohat bilan shifoxonaga yotqizilgan.
O‘shanda O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumati rahbarlari "Chashma" chegara punktida uchrashib, ziddiyatning eskalatsiyasiga yo‘l qo‘ymaslik va o‘zaro tinch hal qilishga kelishib olgandi.
So‘xda may oyida yuz bergan to‘qnashuvlar yuzasidan bironta qirg‘iz fuqarosi hibsga olingani yoki jinoyat ishi ochilgani ma’lum emas.