Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tuman sudida sobiq Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov hamda yana 49 nafar shaxs ustidan yopiq sud jarayoni davom etmoqda.
5-sentyabrda boshlangan mahkamada prokuror va advokatlar jurnalistlarga foto va videoga olishni taqiqlash haqida so‘rovnoma kiritgan, sudya bu so‘rovnomani qondirgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi sudyaning qarori prezidentning 2021-yil 16-iyunidagi qaroriga zid ekanini ta’kidlab, mahkama tergovini ochiq o‘tkazish hamda uni internetda to‘g‘ridan to‘g‘ri translyatsiya qilishni taklif qilgan. Ammo shunga qaramasdan mahkama jarayoni yopiq tarzda o‘tmoqda.
Ozodlik manbalariga ko‘ra, sobiq vazir mahkamaga DXXning Gvardeyskiydagi tergov izolatoridan, boshqa sudlanuvchilar esa O‘zbekiston Respublikasi IIVning 1-sonli tergov izolatori (Toshturma)dan mahkamaga olib kelinmoqda.
Mahkamani kuzatayotgan jurnalistlardan birining aytishicha, 49 nafar sudlanuvchining sochlari olib tashlangan, faqat sobiq vazirning sochiga “qaychi urilmagan”.
Ozodlik tanishgan, DXX tomonidan taqdim etilgan ayblov xulosasida Aziz Voitov va boshqalarning turli davrlarda davlat mulkini talon-toroj qilish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va mansab soxtakorligiga oid epizodlar tilga olingan.
Xususan, Voitovning hukumatdagi faoliyatidan avval «O‘zsanoatqurilishbank» boshqaruvi raisi bo‘lgani, u qisqa davrda kredit va byudjet mablag‘larini o‘zlashtirgani, davlatga 200 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazgani aytiladi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Ayblov xulosasida sobiq vazirning «O‘zsanoatqurilishbank» rahbari lavozimida jinoiy sheriklari bilan kredit tarixi salbiy bo‘lgan Lanell Group MCHJga bankning Toshkent shahar Olmazor tumani filialidan 600 ming yevro kredit olib, uni so‘ndirmagani, aksincha, mansab vakolatidan foydalanib, 2027-yil sentyabr oyiga qadar 7 marotaba noqonuniy yo‘llar bilan uzaytirgani aytiladi.
Voitovga qo‘yilayotgan ayblarning asosiy qismini 2018-yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi topshirig‘i bilan bank mablag‘i hisobidan Toshkent viloyatida xodimlar uchun uy-joy qurilishi loyihalaridagi sxemalar tashkil etadi.
“Voitov tanishlari bilan reja tuzib, Beltepa master stroy MCHJga «aylanma mablag‘larini to‘ldirish» va «qurilish mollari sotib olish» uchun kredit ajratish, kelgusida kredit evaziga qurib bitkaziladigan binoni qimmat narxlarda bank balansiga topshirish haqida kelishib olgan” deyiladi aybnomada.
Sudlanuvchilar 2018-19-yillarda Beltepa master stroy MCHJga jami 48,5 milliard so‘m kredit ajratib, buning evaziga 7 qavatli turar joy binosini qurgan. Buning ortidan ular bankning 32 million 394 so‘mlik mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Davlat ayblovchisiga ko‘ra, Aziz Voitov o‘zining hukumatdagi faoliyati davrida ham bir qator jinoyatlarni sodir etgan.
“Qishloq xo‘jaligi vazirligi balansidagi ikkita binoni sun’iy ravishda yaroqsiz holga keltirish orqali davlat manfaatlariga 133,6 milliard so‘m miqdorida zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lgan” degan davlat ayblovchisi mahkamada.
Sobiq vazir o‘zining sudda bergan dastlabki ko‘rsatmalarida ayblariga qisman iqrorligini aytgan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Aziz Voitovning e’tiroz bildirishicha, ayrim shirkatlarga qaynotasi A. Karimovning ta’sischi “qilib qo‘yilgani”ni tergov davrida bilgan. U tergov boshqarmasi unga nisbatan soxta motivlar bilan jinoyat ishi yasab, ayblovlarni bo‘rttirgan.
“Hatto tergov organi meni ayblash uchun „O‘zdonmahsulot“ AKga qarashli binoni g‘ayriqonuniy ravishda demontaj qilishda ayblagan. Holbuki, bino Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayevning ruxsati bilan demontaj qilingan. Men Bosh vazir o‘rinbosariga ishonib xato qilgan ekanman», deydi mahkamada sobiq vazir.
Aziz Voitov prezident Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon korrupsiyada ayblanib mahkamaga tortilgan eng yuqori martabali mulozimdir.
Ozodlik ixtiyoridagi ma’lumotlarga ko‘ra, Voitov O‘zbekiston prezidentining 2023-yil avgust oyidagi Buxoro viloyatiga safari chog‘ida uning keskin tanqidlariga nishon bo‘lgan. Prezident 2022-yilda boshlangan ma’muriy islohotlardan g‘azabda ekani haqida Ozodlik o‘z manbalariga tayanib, xabar qilgan edi.
Prezident Buxorodagi yopiq majlisda ko‘plab amaldorlarning, xususan, sobiq vazirning yaqin maslakdoshi deb ishoniladigan Prezident administratsiyasining sobiq rahbari Sardor Umurzoqovni ham ishdan olgan.
Prezident administratsiyasida 2023-yil avgustida amalga oshirilgan tuzilmaviy o‘zgarishlar ortidan prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva amalda otasi administratsiyasi rahbari lavozimini egallagan edi.
Korrupsiyalashgan davlat
Transparency International xalqaro nodavlat tashkilotiga ko‘ra, O‘zbekiston dunyoning eng korrupsiyalashgan mamlakatlaridan biridir.
Transparency International xalqaro korrupsiyaga qarshi tashkiloti 2023-yil dekabr oyidagi so‘nggi hisobotida O‘zbekiston 2022-yilga nisbatan besh pog‘onaga ko‘tarilib, 180 ta davlat ichida 121-o‘rinni egalladi.
Mamlakat Angola, Mo‘g‘uliston va Peru bilan bir qatordan joy oldi.
100 balli indeks bo‘yicha (0 — korrupsiyaning o‘ta yuqori darajasi, 100 — o‘ta past daraja) O‘zbekiston 33 ball to‘pladi. Bir yil avval O‘zbekistonga berilgan baho 31 ball edi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Tashkilotga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekiston reytingini sezilarli darajada yaxshilashga yordam bergan asosiy omillar qatorida Korrupsiyaga qarshi kurash agentligining tashkil etilishi, shuningdek, qonunchilikni takomillashtirish va iqtisodiyotni liberallashtirish qayd etilgan.
“Ushbu qonunlarni amalga oshirish uchun choralar va tartiblar ishlab chiqilgan va ko‘plab korrupsionerlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hukumat, shuningdek, turli vazirliklar va mahalliy hukumatlarda yanada qattiqroq ichki nazorat va audit vositalarini, jumladan, poraxo‘rlikning oldini olish mexanizmlarini joriy qildi”, deyiladi Transparency International hisobotida.
Ammo tashkilot O‘zbekistonda avtoritar tuzum saqlanib qolayotgani, oshkoralik va demokratiya tamoyillarini joriy etish, qonun chiqaruvchi va davlat institutlari ustidan nazoratni amalga oshirish zarurligini qayd etgan.
“Keng qamrovli islohotlar zarur, busiz korrupsiyani yengib bo‘lmaydi. O‘zbekiston faollar va fuqarolik jamiyati vakillari ta’qiblar, so‘roqlarga uchrashda davom etayotgan avtoritar davlatligicha qolmoqda. Mamlakat fuqarolik maydonini to‘liq erkinlashtirmas ekan, korrupsiya bilan bog‘liq muammolarni batamom bartaraf etolmaydi”, deyiladi Transparency International hisobotida.
Avvalroq rasmiy Toshkent 2030-yilgacha mamlakatni Transparency International tomonidan e’lon qilinadigan Korrupsiyani qabul qilish indeksida kamida 50 pog‘onaga ko‘tarish rejasini e’lon qilgan edi. Bu “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan 5 ta yo‘nalish bo‘yicha qo‘yilgan yuzta maqsaddan biri ekani aytilgan.
O‘zbekiston hukumati va prezident Mirziyoyev administratsiyasi Ozodlikning hokimiyat yuqori eshelonlaridagi korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuviga doir surishtiruvlarini javobsiz qoldirib keladi.