Sodiq Safoyev: Kun tartibimizda BRICSga a’zolik yo‘q

Sodiq Safoyev

O‘zbekistonning BRICSga a’zoligi mamlakat siyosiy kun tartibiga qo‘yilgan emas. Bu haqda Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev 26-oktyabr kuni Toshkentdagi xalqaro anjumanda gapirgan.

Hozircha bu haqda gap-so‘z yo‘q, yagona valyuta haqida ham gapirishga erta”, deya iqtibos keltirgan Senat raisining birinchi muovinining so‘zlaridan Kun.uz nashri.

O‘zbekistonning tashqi siyosati qanday bo‘lishi xususidagi savolga javob qaytargan Safoyev rasmiy Toshkent dunyoga ochiqligini qayd etgan.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yil 22-24-oktyabr kunlari Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan BRICS sammiti yakunida Belarus, Turkiya, Qozog‘iston kabi mamlakatlar qatori O‘zbekistonga ham mazkur tuzilmada sherik-davlat maqomi berilgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, Kreml oliy martabali mehmonlar soni ko‘p bo‘lgan Qozon sammiti orqali G‘arbga jahon sahnasida yolg‘iz qolmaganini ko‘rsatishga uringan.

2006-yilda Braziliya, Rossiya, Hindiston va Xitoy BRIC nomli tashkilotga birlashdi. 2010-yilda Janubiy Afrika Respublikasi qo‘shilishi bilan tashkilot BRICSga aylandi.

Ushbu tuzilma dunyoning rivojlanayotgan mamlakatlarini birlashtirish orqali Shimoliy Amerika va G‘arbiy Yevropaning siyosiy, iqtisodiy qudratiga qarshi muqobil kuch yaratishni maqsad qilgan.

Kengaygan BRICS 3,5 milliardga yaqin nufusga ega. Bu dunyo aholisining 45 foizi demakdir. BRICS davlatlarining umumiy iqtisodiyoti 28,5 trillion dollardan ortiq bo‘lib, bu jahon iqtisodiyotining qariyb 28 foiziga teng.