SSV “Dok-1 Maks” jabrdiydalariga “kafolatlangan yordam”dan bahs etdi

O‘zbekistonda “Dok-1 Maks” ishi oqibatida nogiron bo‘lib qolgan bolalarga “kafolatlangan tibbiy yordam” ko‘rsatilmoqda.

“Gazeta.uz” nashri xabariga ko‘ra, bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudoyorov Toshkentda 21-oktyabr kuni jurnalistlar bilan muloqotda gapirgan.

Xudoyorov “Dok-1 Maks” ishi oqibatida nogiron bo‘lib qolgan bolalarning ro‘yxati vazirlikda borligi, ularga “davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam ko‘rsatilayotgani”ni ta’kidlagan.

“Gazeta.uz” muxbiri hukumat mulozimiga jabrdiyda bolalarning ota-onalari e’tirozli murojaatlar yo‘llayotganini eslatgan.

O‘sha e’tiroz bildirgan ota-onalarning e’tirozlari nusxalarini bizga taqdim etsangiz, ko‘rib chiqishimiz mumkin”, degan vazir.

“Dok-1 Maks” O‘zbekiston farmatsevtikasi tarixidagi eng mojaroli ishlardan biri sanaladi.

Mamlakatda 2022-yil oxirida Hindistonning Marion Biotech shirkati ishlab chiqargan dori vositalaridan bolalarning zaharlanishi kuzatilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, buning oqibatida 68 nafar bola vafot etgan, kamida 18 nafar bola nogiron bo‘lib qolgan.

2023-yil avgustida boshlanib, yarim yil davom etgan sud yakunida dori iste’molidan vafot etgan 68 nafar marhum va sog‘lig‘i o‘ta og‘irlashgan 4 nafar bolaning qonuniy vakillariga 1 milliard so‘mdan, ahvoli qoniqarli bo‘lgan 4 nafar bolaning qonuniy vakillariga 500 million so‘mdan, sog‘lig‘i yaxshilangan 8 nafar bolaning qonuniy vakillariga 200 million so‘mdan ma’naviy zarar undirilishi belgilangan.