Statqo‘m: Yillik inflyatsiya darajasi 10,5 foizni tashkil qildi

Illyustrativ surat

O‘zbekistonda yillik iste’mol narxlari indeksi 10,47 foiz darajasida qayd etilgan. Bu haqda Statistika agentligi hisobotida aytilgan.

Agentlik qaydicha, joriy yil avgustida inflyatsiya darajasi 0,53 foizga oshgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 0,01 foizga kamdir.

Hisobotdan kelib chiqilsa, o‘tgan bir oy ichida oziq-ovqat narxlari 0,5 foizga, nooziq-ovqat narxlari 0,7 foizga, xizmat haqlari qiymati esa 0,4 foizga oshgan.

Avgust oyida oziq-ovqat mahsulotlari orasida go‘sht va kartoshka narxlari keskin oshgani kuzatilgan. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan oyda qo‘y go‘shti 4,9 foizga, mol go‘shti 5,3 foizga, kartoshka esa 5,5 foizga qimmatlagan.

Ayni paytda pomidor (8,5 foiz), bulg‘or qalampiri (18,9 foiz), baqlajon (20,4 foiz), uzum (27,1 foiz), qovun (27,9 foiz) tarvuz (33,1 foiz) narxlari sezilarli darajada arzonlagan.

Statistika agentligi hisobotiga muvofiq, metan narxi yuqori chegarasi bekor qilingani ortidan bu yoqilg‘i 4 foizga qimmatlagan. Bundan tashqari, haydovchilik kurslarida o‘qish uchun to‘lov miqdori 5,8 foizga oshirilgan.