Stoltenberg: Rossiyani dastaklagan Xitoy jazosiz qolmasligi kerak

Yens Stoltenberg

G‘arblik ittifoqchilar Rossiyaning Ukrainaga bosqinida unga sezilarli darajada texnologik yordam ko‘rsatayotgan Pekin xatti-harakatlarini oqibatsiz qoldirmasliklari lozim. Bu haqda NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg 17-iyun kuni Vashingtondagi Vilson markazida qilgan chiqishida bildirdi.

Stoltenbergga ko‘ra, so‘nggi ikki yil ichida Rossiya tomonidan foydalanilayotgan mikroelektronikaning 90 foizi Xitoyda ishlab chiqarilgan. U turli qurol-aslahalarni ishlab chiqarishda qo‘llanilmoqda. NATO bosh kotibi Xitoy sun’iy yo‘ldosh texnologiyalarini rivojlantirishda ham Rossiya bilan hamkorlik qilayotganini qayd etdi.

Xitoy Yevropada Ikkinchi jahon urushidan buyon eng yirik bo‘lgan harbiy mojaroni shishiryapti, ayni paytda u Yevropa bilan yaxshi munosabatda bo‘lishga harakat qilmoqda… Pekin unga ham, bunga ham ega bo‘lolmaydi. Agar Xitoy o‘z yo‘nalishini o‘zgartirmasa, payti kelganda ittifoqchilar uni tovon to‘lashga majbur qilishi lozim”, deya urg‘ulagan Yens Stoltenberg.

AQSH Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Jon Kirbi ham 17-iyun kuni Pekinni tanqid qilib chiqqan. Brifing chog‘ida u Xitoy mikroelektronikasi “Rossiyaning yemirilib borayotgan harbiy-sanoat bazasini dastaklashga ko‘maklashdi”, deya bildirgan. Kirbiga ko‘ra, AQSH bu masalani xitoylik vakillar bilan munozara chog‘ida ko‘targan.

Yens Stoltenberg iyul oyida Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan NATOga a’zo mamlakatlar sammitiga hozirlik doirasida AQSH poytaxtida bo‘lib turibdi. Mazkur uchrashuvning asosiy mavzusi Rossiyaning Ukrainaga bosqini bo‘lishi kutilmoqda. Garchi Ukraina NATOga kirish uchun taklif olmasa-da, Stoltenbergning aytishicha, sammitda Ukrainaning bu tashkilotga kelajakda a’zo bo‘lishiga “ko‘prik quriladi”.