Jangarilar Suriyada hududlarni egallab olib, ko‘p yillar davomida muzlab turgan fuqarolar urushini qayta jonlantirdi.
Suriyaning shimoli-g‘arbiy qismidagi kutilmagan hujumga prezident Bashar Asad hukumatiga qarshi eng yirik jangari guruhlardan biri bo‘lgan Hayot Tahrir ash-Shom (HTSH) boshchilik qilmoqda.
27-noyabrdan beri AQSH tomonidan terrorchi tashkilot deb e’tirof etilgan HTSH va uning ittifoqdoshlari Suriyaning ikkinchi yirik shahri Halabni egallab oldi va janubga tomon ilgarilamoqda.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
HTSH qanday guruh?
HTSH islomiy jangari guruh bo‘lib, uning a’zolari asosan salafiylar, ya’ni sunniy islomning o‘ta radikal oqimidir. U Suriyada shariat asosida boshqariladigan davlat o‘rnatishga intiladi.
Guruh 2012-yilda, Suriyadagi fuqarolar urushi boshlanganidan bir yil o‘tib paydo bo‘lgan. Dastlab u Jabhat an-Nusra yoki Nusra fronti nomi bilan, “Al-Qoida”ning Suriyadagi tarmog‘i sifatida faoliyat boshlagan.
Abu Muhammad al-Julaniy boshchiligidagi guruh Iroqdagi “Al-Qoida” rahbari Abu Bakr al-Bag‘dodiyga bo‘ysungan. Keyinchalik Bag‘dodiy Al-Qoida bilan aloqalarini uzib, "Islomiy davlat" (ISHID) ekstremistik guruhini tuzgan, ammo Julaniy unga qo‘shilishdan bosh tortgan.
Nusra fronti Asadga qarshi kurashayotgan eng shafqatsiz guruhlardan biriga aylandi va xudkushlik hamda qo‘lbola portlovchi qurilmalar kabi usullardan foydalandi.
Keyinchalik jangari guruh o‘z nomini bir necha bor o‘zgartirdi va Al-Qoidadan uzoqlashdi. 2017- yilda u Suriyaning shimoli-g‘arbiy qismidagi boshqa muxolifat guruhlari bilan birlashib, HTSHni tashkil etdi.
AQSH razvedkasining baholashicha, HTSHning 5000 dan 10000 gacha a’zosi bor. Guruh 2018-yilda Vashington tomonidan terrorchi tashkilot sifatida qora ro‘yxatga kiritilgan va uning rahbari Julanining boshiga 10 million dollar mukofot e’lon qilingan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Uning ittifoqchi guruhlari kimlar?
HTSH Eron va Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Asadga qarshi Suriya jangarilari va qo‘zg‘olonchilari ittifoqiga rahbarlik qilmoqda.
Hozirgi hujumda ishtirok etayotgan ittifoqning asosiy a’zolari orasida Faylaq ash-Shom, Jaysh al-Izza, Harakat Ahror ash-Shom va Turkiston brigadasi bor.
2012-yilda tashkil etilgan Turkiston brigadasi Xitoy va Markaziy Osiyodan kelgan chet ellik jangchilardan, asosan tojik va o‘zbeklardan iborat.
HTSH bilan rasman ittifoq tuzmaganiga qaramay, maqsadi turlicha bo‘lgan boshqa guruhlar ham mavjud, jumladan, Suriya milliy armiyasi va Ozod Suriya armiyasi.
Bu ikki guruh ham Suriyaning shimoliy qo‘shnisi Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi va davom etayotgan hujumda ishtirok etayotgani taxmin qilinmoqda.