Suriyadagi jangarilarga pul yuborishda ayblangan andijonlik qamaldi

Illyustrativ surat

Andijon shahridagi parhez taomlar oshxonasi oshpazi Z.M. diniy ekstremizm va terrorizmga aloqador jinoyatlarda aybdor deb topilib 10 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

O‘zA huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga tayangan holda xabar qilishicha, Z.M. telefon apparati yordamida “Instagram”, “Telegram”, “WhatsApp” tarmoqlarida profillar ochib, ular orqali diniy-ekstremistik tashkilotlarning “hijrat” va “jihod” to‘g‘risidagi materiallarini tomosha qilgan.

Shuningdek, u Suriya Arab Respublikasidagi “Tavhid va jihod katibasi” hamda “G‘uroba katibasi” terroristik tashkilotlari safida bo‘lgan uch andijonlik bilan muloqotga kirishib, ularning ta’sirida Suriyaga ketishni maqsad qilgan. Lekin oilaviy muammolar sababli rejasini amalga oshirolmagan.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, fuqaro Z.M. 2023-yilning avgust-dekabr oylari davomida Suriyadagi fuqarolarning oila-a’zolari va tanishlari yig‘ib bergan jami 7150 dollar hamda 41,2 million so‘m pulni kriptovalyuta bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning hisob raqamiga o‘tkazish orqali ularga yetkazib bergan.

Ma’lum bo‘lishicha, Suriyadagi uch andijonlikdan biri qurolli to‘qnashuvlarda halok bo‘lgan.

O‘tgan hafta Suriyadagi urushda qatnashib, ijtimoiy tarmoqlarda “Abu Valid” taxallusi bilan videotasvirlar joylab borayotgan o‘zbekistonlik Xudoyor Nuriddinovga nisbatan qidiruv e’lon qilingandi. O‘zbekiston IIV mazkur shaxs yuritayotgan sahifalar mamlakat hududida taqiqlangani, ularni saqlash, olib yurish va tarqatish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishidan ogohlantirgan.

Avvalroq huquq idoralari Suriyadagi qurolli harakatlarda ishtirok etayotgan boshqa bir O‘zbekiston fuqarosi − Davlat Tillaberdiyevga nisbatan terrorizm bo‘yicha jinoyat ishi ochilganini bildirgandi.

Ozodlik yaqinda o‘n uch yillik fuqarolar urushi davrida Suriyada jang qilgan o‘zbek jangarilarini endilikda nima kutayotgani xususida tahliliy maqola chop etgandi.