Suriyaning islomiy rahbariyati toliboncha boshqaruvdan tiyilmoqda

Hay’at Tahrir ash-Shom (HTSH) rahbari Ahmad ash-Sharaa Suriya shimoli- g‘arbidagi Idlib viloyatining zilziladan zarar ko‘rgan Besnaya qishlog‘ini ko‘zdan kechirmoqda. 7-fevral, 2023.

Suriyada Asad rejimini hokimiyatdan ag‘dargan Hay’at Tahrir ash-Shom guruhi (HTSH) Tolibonning Afg‘onistondagi boshqaruv uslubidan o‘zini tezda uzoqlashtirdi. HTSH rahbari ayollar ta’limiga ruxsat berishga hamda mamlakatdagi turli mazhab, til va din vakillari uchun inklyuziv hukumat tuzishga so‘z berdi.

Afg‘onistonning Tolibon rahbarlari Hay’at Tahrir al-Shom (HTSH)dagi hammaslakini Suriya prezidenti Bashar Asad hukumatini ag‘darib tashlaganlari bilan darhol tabrikladilar.

8-dekabr kuni HTSH askarlari poytaxt Damashqni egallab olgach, Tolibon bu guruh "suveren va islomiy hukumat poydevorini qo‘yishiga" umid bildirdi.

Biroq ikki haftadan so‘ng, AQSH va Yevropa Ittifoqi tomonidan terrorchi tashkilot deb e’tirof etilgan HTSH o‘zini Tolibonning Afg‘onistondagi boshqaruv uslubidan farqlashga intilayotganga o‘xshamoqda.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Сурияда Асад режими қулади, унинг ўзи қочди

Uning rahbari, ilgari Abu Muhammad al-Jo‘loniy taxallusi bilan tanilgan Ahmad ash-Sharaa ayollar huquqlari, milliy yarashuv va xalqaro hamjamiyat bilan munosabatlar borasida mo‘tadil siyosat yuritishga ochiqcha va’da berdi.

"Suriya va Tolibon o‘rtasida ko‘plab farqlar bor," dedi Sharaa o‘tgan hafta Bi-Bi-Siga. "Bizning boshqaruv uslubimiz boshqacha."

Ayollar

Sharaa o‘z hukumati ayollarga ta’lim olishga ruxsat berishini aytdi. Uning aytishicha, so‘nggi sakkiz yil davomida HTSH boshqaruvida bo‘lgan Suriya shimoli-g‘arbidagi Idlib shahridagi universitet talabalarining 60 foizdan ortig‘i ayollar edi. U, shuningdek, nasroniy ayollar hijob kiyishga majbur qilinmasligini ta’kidladi.

Tolibon 2021-yil avgust oyida poytaxt Kobulni egallab olganidan bir oy o‘tib, 7-sinf va undan yuqori sinfdagi o‘smir qizlarning maktabga borishini taqiqlagandi. Shuningdek, 2022-yil dekabr oyida ayollarga universitet va kasb-hunar ta’limi olishni man etdi.

1996-yilda Tolibon Afg‘onistonni egallab olgan va islom qonunlariga qat’iy rioya qiladigan hukumat tuzgandi. AQSH boshchiligidagi koalitsiya ularni 2001-yilda ag‘darib tashladi, ammo ular isyonchi kuch sifatida qayta tashkil topdi va oxir-oqibat AQSH va NATO kuchlari mamlakatdan chiqib ketganidan so‘ng 2021-yilda hokimiyatni qaytarib oldi.

Tolibonning yuqori lavozimdagi rahbarlari xalqaro miqyosda va Afg‘oniston ichida ko‘pchilik qarshi bo‘lgan taqiqni joriy etish uchun Islom shariatining "cheklangan talqinini" qabul qildilar.

Biroq, HTSH ayollar uchun to‘liq erkinlik tarafdori emas va turli cheklov hamda qayta ko‘rib chiqishlarni muhokama qilmoqda. "Ayollarning sudyalik lavozimini egallashiga kelsak, bu tadqiqotchilar va mutaxassislar o‘rganishi kerak bo‘lgan mavzu," dedi HTSH boshchiligidagi muvaqqat ma’muriyat matbuot kotibi Ubayda Arnaut.

Arnautning parlament va hukumatdagi ayollar ishi haqidagi fikrlari ham shunga o‘xshash.

Uning bu fikrlari ayollar huquqlari faollari noroziligiga sabab bo‘ldi, ular islomiy guruhni diniy tartib o‘rnatishdan ogohlantirdilar.

"Birlik va yarashuv"

HTSHning asosiy siyosiy payg‘omi Suriyadagi turli etnik, diniy va mazhabiy guruhlar o‘rtasidagi birlik va yarashuvdir. Bu guruhlarning ba’zilari 2011-yildan beri shafqatsiz fuqarolar urushida ishtirok etib kelmoqda.

Islomchi HTSH o‘z a’zolaridan tashkil topgan o‘tish davri hukumatini tayinladi. U o‘z ma’muriyatini Idlibdan mart oyigacha bo‘lgan davrda mamlakat muvaqqat hukumati sifatida ko‘chirdi.

Ammo rahbar Sharaa milliy yarashuv va inklyuziv hukumat institutlarini va’da qilmoqda.

"Suriya – hamma uchun mo‘ljallangan mamlakat va biz birgalikda yashashimiz mumkin," dedi u 22-dekabr kuni jurnalistlarga.

HTSH rahbari hatto Baas partiyasining sobiq rahbari va sobiq vitse-prezident Faruk al-Sharaani poytaxtda bo‘lib o‘tadigan Milliy muloqot konferensiyasida ishtirok etishga taklif qildi. U bir necha bor barcha uchun maqbul bo‘lgan konstitutsiya ustida ishlashga va’da berdi.

Bu 2021-yilda hokimiyatni o‘z qo‘liga olgan Tolibondan farqli yondashuv bu. Tolibon boshchiligidagi uning teokratik hukumat Tolibon bo‘lmagan afg‘onlarni chetga surib qo‘ygan.

2021-yil sentyabrida vaqtinchalik hukumat tayinlanganiga qaramay, Tolibon hech qachon barcha afg‘onlar uchun maqbul keng qamrovli milliy hukumat tuzishga ruxsat berishi haqida hech qanday belgi yo‘q.

Tashqi aloqalar

Xalqaro hamjamiyat Suriyaning o‘tish jarayonini va HTSHning suriyalik hamyurtlari intilishlariga qanday munosabat bildirishini diqqat bilan kuzatmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, Sharaa Damashqda u bilan kelajakdagi boshqaruv, terrorizmga qarshi kurash va tashqi siyosatni muhokama qilish uchun uchrashgan diplomatlar va yuqori martabali xalqaro amaldorlarni lol qoldirgan.

Tashabbus o‘z samarasini berayotganga o‘xshaydi. 20-dekabr kuni Vashington Sharaaga qarshi 10 million dollarlik mukofotni bekor qildi. Suriya rahbari esa o‘z mamlakatiga nisbatan xalqaro sanksiyalarni tezda bekor qilishni talab qilmoqda.

"Mamlakatimizni oldinga siljitishimiz uchun sanksiyalar tezda bekor qilinishi kerak," dedi u 22-dekabr kuni Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan bilan birga jurnalistlarga.

Afg‘onistonda Tolibon rahbarlarining aksariyati BMT va AQSH sanksiyalari ro‘yxatida qolmoqda. Ba’zi rahbarlar ayollarning ta’lim olishini taqiqlash va inson huquqlarining boshqa buzilishlari uchun yana safar taqiqlari va sanksiyalarga duchor bo‘lishdi.

HTSH Suriyada hokimiyatni mustahkamlashda davom etar ekan, G‘arb rasmiylari va diplomatlari jangari guruh so‘zlariga ishonishda ehtiyotkor bo‘lishmoqda.

"Tolibon Afg‘onistonni egallab olganda mo‘tadilroq qiyofada edi yoki hech bo‘lmaganda shunday qilishga urindi, keyin esa uning haqiqiy qiyofasi namoyon bo‘ldi," dedi AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken 18-dekabr kuni Nyu-Yorkdagi Tashqi aloqalar kengashi tahlil markazida. "Natijada, mamlakat juda yakkalanib qolmoqda."

Blinken "Suriyada paydo bo‘layotgan guruh"ga xalqaro izolyatsiyadan qochish uchun "mamlakatni oldinga siljitishga" e’tibor qaratishni maslahat berdi.