Surxondaryodagi 62 ta qurilish tashkiloti bankrotlik yoqasiga kelib qoldi. Tadbirkorlarning aytishlaricha, bunga viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimovning yuzlab ko‘p qavatli aholi uylari va maktablarni tadbirkorlarga majburan ta’mir qildirtirib, pulini bermagani sabab bo‘lmoqda.
Yo‘l qurilish tashkilotlari va ijtimoiy soha obyektlari quruvchilarining aytishlaricha, Surxondaryo viloyatiga Ulug‘bek Qosimov hokim bo‘lib tayinlanganidan so‘ng ularning “sho‘riga sho‘rva to‘kilgan”.
Ozodlik suhbatlashgan qurilish tashkilotlari rahbarlari xavfsizlik vajidan o‘z ismi va firmasining nomi ochiqlanmasligini so‘rashdi. Ularning iddao qilishicha, hokim shikoyat qilganlari uchun ularning "boshiga qora kunlarni solishi mumkin".
Joriy yil boshida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Denov tumaniga barcha quruvchi tashkilotlar rahbarlarini jamlab yig‘ilish o‘tkazgan va yuzdan ortiq ko‘p qavatli uylarni ta’mirlab berish topshirig‘ini qo‘ygan:
“Aniq esimda 30-yanvar kuni edi. Biz, qurilish firma rahbarlarini tuman prokurori chaqirib olib, viloyat hokimi va prokurori so‘rayapti, yig‘ilish bo‘lar ekan deb, Denovga olib ketdi. Biz nima masala ekanligini bilmaganmiz. Viloyat hokimi “har bir qurilish tashkiloti bittadan “dom”ni kapital remont qilib beradi va ishni tugatganidan keyin pulini oladi” dedi va buni nazorat qilishni viloyat prokuroriga yukladi. Keyin oxirida viloyat prokurori domlarni bo‘lib-bo‘lib berdi va “hammang qilasan, qilmasang oxirgi besh yillik faoliyatingni tekshiraman, albatta bir narsang chiqadi, to‘laysan, qamalasan”, deb do‘q-po‘pisa qildi”.
Tadbirkorning aytishicha, quruvchilar bu tahdidlardan qo‘rqib rozi bo‘lishgan va ishni boshlashgan. Uzog‘i bilan ikki oyda Denov tumanidagi bu uylar to‘la ta’mirdan chiqarilgan va “O‘zbekiston 24” telekanalida bu haqda maxsus reportaj ham tayyorlangan:
“Barcha quruvchilar domlarni remont qilib berdi, har bir qurilish tashkiloti 200 mln.dan 400 mln. so‘mgacha pul sarflab domlarni zamonaviy qilib topshirdilar. Eng qizig‘i hech qaysi qurilish tashkilotiga bir so‘m ham to‘lab berilmadi va televideniye reportajida jami 15,1 milliard so‘m xarajatning 11,5 milliardi homiylik asosida qilindi deb xabar berdi. Bu xabarni eshitib hammaning hafsalasi pir bo‘ldi va aldanganimizni bildik. Termiz shahrida ham xuddi shunday bo‘ldi, quruvchilar chuv tushdi”.
Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa qurilish tashkiloti rahbarining Ozodlikka aytishicha, Ulug‘bek Qosimovning buyurtma loyihalari bu bilan tugamagan.
“Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-mart kuni Surxondaryo viloyatiga tashrifidan so‘ng viloyat hokimi viloyatdagi 62 ta salohiyatli quruvchini yig‘ib qop-qop va’dalar berib, “mana senlarga protokol qilib, obyekt beryapman protokol qilib, 62 ta maktabni remont qilish kerak, faqat hozir yarim puli bor, men ishlab turar ekanman qolganini ham qilib beraman, dedi. Sentabr oyiga maktabni ham remont qilib topshirdik, lekin pulidan darak yo‘q!”
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Bu maktablar O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2023- yil 10-apreldagi «Surxondaryo viloyatidagi ayrim ijtimoiy soha obyektlarida qurilish-montaj ishlarini jadallashtirish” qaroriga asosan ta’mir qilingan. Ya’ni bu maktablar ta’miri uchun byudjetdan pul ajratilgan.
Ammo quruvchilarning aytishlaricha, ular obyektlarni topshirganiga 3 oy bo‘lgan bo‘lsa ham shartnomada ko‘rsatilgan pullar tushirib berilmayapti va mablag‘siz qolgan tashkilotlar bankrotlikka yuz tutmoqda.
“Ba’zi maktablar loyiha smetasiga 4 mlrd. so‘mlik ish turlari kiritilgan bo‘lsa shundan 1 mlrd so‘m pul berishdi. Maktablarni sentabrda o‘quv holatiga tayyorlash uchun qurilish tashkilotlariga bosimlar o‘tkazildi. Viloyat prokuraturasi hatto viloyat pojarniydan ham ishchi komissiya qilib maktablardagi qurilishni tugatishga majburlashdi. Ba’zi qurilish tashkilotlari ishni tugatish uchun kredit oldi, ba’zilari, mashinasi uyini ham sotishga majbur bo‘ldi”.
Hokimlik tomonidan bosim bo‘lishidan cho‘chib, ismi sir qolishini so‘ragan yana bir quruvchi tashkilot rahbarining aytishicha, aksariyat firmalar shartnomada ko‘rsatilgan pullar to‘liq o‘tkazib berilmagani bois, ular maktablar ta’mirini oxiriga yetkaza olmagan. Oqibatda esa ularga shaffof qurilish platformasiga kirishga va tenderlarda qatnashishga to‘siq qo‘yilgan:
“O‘lganning ustiga tepgan qilib viloyat qurilish nazorat inspeksiyasi ushbu 62 ta qurilish tashkilotini ta’mirtalab obyektlarni 100 foiz topshirmagansanlar deb, shaffof qurilish platformasiga kirishga cheklov qo‘yib tashladi. Axir bizda mablag‘ bo‘lmasa qurilishni qanday tugataylik. Masalan men maktabni remont qilishga 4 milliard so‘mga shartnoma tuzganman. Shuning 2 milliard so‘mi berildi, xolos. Qolgan ish chala yotibdi. Inspeksiya rahbari Bahodir Nazarov bilan uchrashdik, foydasi bo‘lmadi. Domlarni tekinga remont qilib berdik, hech bo‘lmasa maktablar ta’miri pulini to‘liq bersin. Bu ahvolda hammamiz bankrot bo‘lamiz!”
Tadbirkorning aytishicha, maktablar ta’miri uchun byudjetdan pul ajratilgan. Lekin bu pullar qayerga ketganini hech kim bilmaydi:
“Maktablar doim davlat hisobidan ta’mirlanib kelingan. Bu pullarni Ulug‘bek Qosimov boshqa loyihalarga yo‘naltirganmi yoki kimlarnidir cho‘ntagiga kirib ketganmi, buni biz bilmaymiz. Lekin shunisi aniqki, viloyat hokimi pullaringni beramiz deb va’da bergan edi. Lekin va’dasida turmadi. Domlar remontiga ham bir so‘m to‘lab bermadi. Men shuning o‘zidan 400 million so‘mga kuydim. Yana kuyishim kerakmi, axir biz qonuniy davlatda yashayapmiz, zo‘ravonlar davlatida emas. Qurilish vazirligiga ham murojaat qildik, natija bo‘lmadi, vazir Botir Zokirov Toshkentdan chiqmaydi!”
Ozodlik quruvchilarning bu e’tirozlariga izoh so‘rab Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov matbuot xizmatiga maktub jo‘natdi. Ammo hozircha javob olgani yo‘q.
O‘zbekiston Qurilish va uy-joy kommunal xizmati vazirligining saytida ko‘rsatilgan telefon raqamlariga qilingan qo‘ng‘iroqlar javobsiz qoldi.
O‘zbekistonda mahalliy hokimiyatlarning tadbirkorlarni o‘z hisoblaridan ijtimoiy loyihalarni bajarishga majburlashi yangilik emas.
Tahlilchilar buni Biznes ombudsman institutining rivojlanmagani bilan izohlashadi.
Ammo vaziyat 2017-yil mayida O‘zbekiston Respbulikasi prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili instituti tashkil etilganidan buyon ham o‘zgarmagan.