Surxondaryoda mashinasidan 50 kg bang moddasi chiqqan shaxs ushlandi

Illyustrativ surat

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari reyd tadbirlari davomida Tojikiston va Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan qariyb 65 kg gashish giyohvandlik vositasini musodara qildi.

DXX matbuot xizmati tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi 30 yoshli shaxs avtomashinasida Uzun tumani hududida ketayotgan vaqtida to‘xtatilgan. Tekshiruvda mashina yukxonasida 50 kilogramm 567 gramm gashish moddasi borligi aniqlangan va protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan. Tergovga qadar tekshiruv davomida u bangivor moddani tojikistonlik narkosavdogarlardan olganini aytgan.

52 yoshli marg‘ilonlik fuqaro esa tojikistonlik narkokuryerlar Toshkent viloyati Bo‘ka tumani hududidagi xufiya joyga qoldirib ketgan 4 kilogramm 929 gramm gashish moddasini olib, yo‘lovchi avtomashinada doimiy yashash manziliga qaytib kelayotgan vaqtida Farg‘ona shahrida qo‘lga olingan.

Samarqanddan Andijonga kelayotgan Spark mashinasi Andijon viloyatining Bo‘ston tumanidagi YPX maskanida tekshirilganda unda ketayotgan 1990 va 1995-yillarda tug‘ilgan 3 nafar andijonlik hamda qirg‘izistonlik bir nafar shaxsdan 4 kilogramm 727 gramm gashish moddasi olingan.

DXX Andijon viloyati Paxtaobod tumanida yashovchi 4 nafar fuqaro Qirg‘izistondagi narkosavdogarlar yetkazib bergan 4 kilogramm 634 gramm gashish moddasini Andijon tumanida 53 ming dollarga sotayotganda ashyoviy dalillar bilan ushlangani haqida ham ma’lum qilgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Ozodlik avvalroq Toshkent shahri va viloyatida tashkil etilgan noqonuniy laboratoriyalardan umumiy narxi taxminan 1 million dollarga teng, jami 14 kilogramm 795 gramm sintetik giyohvandlik vositalari topilgani haqida xabar qilgandi.