Joriy yilning 25-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi qoshidagi departamentning Surxondaryo viloyati boshqarmasi hamda Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan o‘tkazilgan maxsus amaliyot davomida iqtisodiy ishlar bo‘yicha Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanlararo sudi sudyasi S. A. mahalliy fuqarodan 3000 AQSH dollari miqdorida pora olayotganida ushlandi.
Dastlabki surishtiruv materiallariga ko‘ra, sudya iqtisodiy nizo bo‘yicha sud yurituvida bo‘lgan ish taraflaridan biridan pora olgan. Hozirda uning javobgarligi masalasi ko‘rilmoqda.
Qonunga ko‘ra, sudyani jinoiy javobgarlikka togrtish uchun tergov organi tegishli tartibda O‘zbekiston Repsublikasi Sudyalar Oliy kengashi ruxsatini olishi, gumondorning sudyalik vakolati muddatidan avval tugatilishi kerak.
Shuningdek, 25-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi qoshidagi departamentning Toshkent shahar boshqarmasi va DXX tomonidan o‘tkazilgan reyd davomida Toshkent shahar advokatlar hay’ati advokati M.M. 20 000 AQSH dollarini suddagi mansabdor tanishlari orqali fuqaroning muammosini hal qilib berish evaziga olayotganida ushlangan.
33 yashar M.M. muqaddam O‘zbekiston Oliy sudida katta konsultant lavozimida ishlagan, so‘ngra advokatlik faoliyati bilan shug‘ullangan.
Hozirda gumondor M.M.ga nisbatan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan mamlakat Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 211-moddasida (Pora berish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tergov harakatlari boshlangan.
Advokatning hamkasblari Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda M.M. o‘z mijozlaridan ko‘rsatilgan xizmat uchun gonorarini olayotgan paytda ushlanganini ta’kidlashdi. Biroq Ozodlikning Toshkent shahar prokuraturasidagi manbasiga ko‘ra, advokat jinoyat ustida qo‘lga olingan va u hozirda poytaxt tumanlaridan birining sudi raisiga qarshi ko‘rsatma bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar Oliy kengashi ma’lumotiga ko‘ra, iqtisodiy ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tumani sudi raisi S. A. 2020-yili “Ibratli sudya” mukofotiga sazovor bo‘lgan sudyalarning biri edi.