"Suverenlik mashqlari". Toshkent va Ostona Rossiyaga qanday qarshilik ko‘rsatyapti?

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qozondagi BRICS sammitida. 24-oktyabr, 2024

O‘tgan haftada Rossiya o‘z ta’sir doirasi deb biladigan mintaqada ikki muvaffaqiyatsizlikka uchradi: O‘zbekiston va Qozog‘iston Moskva targ‘ib qilayotgan birlashmalarga qo‘shilish ehtimolini rad qildi. Tahlilchilar Kreml bundan ranjiganini ko‘rsata boshlaganini aytishmoqda.

Moskva bir paytlar sadoqatiga shubha qilmagan mintaqada – Markaziy Osiyoda muvaffaqiyatsizlikka duch kelmoqda, boz ustiga, bu prezident Vladimir Putin Rossiyaning diplomatik izolyatsiyada qolishiga qarshilik qilishga urinayotgan paytda yuz berayotir.

Bir necha kun ichida va Putin uchun alohida geosiyosiy qiymatga ega BRICS tashkilotining 16-sammiti chog‘ida Qozog‘iston bilan O‘zbekiston Rossiya ilgari surayotgan geosiyosiy alyanslarga a’zo bo‘lish ehtimolini rad etdi.

Xususan, Ostona BRICSga a’zo bo‘lish uchun ariza bermasligini va kuzatuvchi maqomini saqlab qolajagini bildirgan bo‘lsa, Toshkent besh mamlakatdan iborat savdo bloki – Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII)da ayni maqomda qolishni ma’qul topdi.

Ikki mamlakat ham Moskvaga yaqin, binobarin ularning qarorlarini “isyon” deb atab bo‘lmaydi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

“Ҳақиқий ўзаро дўстлик”. Путин Ўзбекистонда қолиб кетди

Biroq bu mintaqa 2022-yildan buyon bir tarafdan – Rossiyaning Ukrainaga to‘laqonli bosqini bilan bog‘liq ikkilamchi sanksiyalarga uchramaslikka, boshqa tarafdan esa Moskvaning g‘azabiga yo‘liqmaslikka tirishib juda murakkab ahvolda qolganini yaqqol ko‘rsatdi.

Ammo, tahlilchilarga ko‘ra, Ostona va Toshkentning mustaqil siyosiy qadamlari Kremlda katta norozilik uyg‘otgan.

To‘rt mamlakat – Misr, Efiopiya, Eron va BAA 22-oktyabr kuni Qozonda o‘tgan BRICS sammitida tashkilotning yangi a’zolari sifatida ishtirok etdi (Birlashma shu paytgacha Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrikani o‘z ichiga olardi, BRICS qisqartmasi – ularning inglizcha nomlari bosh harflaridan yasalgan).

Yana bir necha mamlakat yo a’zo bo‘lish uchun ariza bergan, yo shunaqa ehtimolni ko‘rib chiqmoqda.

Karnegi xalqaro tinchlik fondi katta ilmiy xodimi Styuart Patrik Ozodlik radiosiga bergan intervyusida: “Rossiya kengayayotgan ushbu tashkilot G‘arb hukmronlik qiladigan xalqaro tartibga, xususan, Qo‘shma Shtatlar gegemonligiga qarshi vosita bo‘lishiga umid qilmoqda”, deya fikr bildirdi.

Ammo Qozog‘iston voqealarda ishtirok etishdan ko‘ra, voqealar rivojini kuzatishni ma’qul ko‘rmoqda.

Qozog‘iston prezidentning matbuot kotibi Berik Uali 16-oktyabr kuni TengriNews xususiy media-portali bilan intervyuda Qozog‘iston “yaqin kelajakda” BRICSga a’zo bo‘lish uchun ariza bermasligini aytdi. Toqayevning voiziga ko‘ra, mazkur qaror, jumladan, “ushbu birlashma istiqboliga daxldor masalalar”dan kelib chiqqan holda qabul qilingan.

Berik Uali, shuningdek, Qozog‘iston Birlashgan Millatlar Tashkilotini “eng muhim global muammolarni hal etish uchun yagona maydon” deb hisoblashini urg‘ular ekan, tashkilot va uning Xavfsizlik kengashi “kamchiliklardan xoli emas”ligini va islohga muhtojligini qistirib o‘tdi.

Qozog‘istonni tobora notinch geosiyosat ummonida muvozanat saqlashni yaxshi biladigan mamlakat sanaydilar. Sobiq tashqi ishlar vaziri va BMT bosh kotibining sobiq muovini bo‘lmish Toqayev rostdan ham yaxshi diplomat.

Ostona rasman Rossiyaning ittifoqchisi: u qarorgohi Moskvada joylashgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT)ga a’zo, shuningdek YOII asoschilaridan biridir.

Ammo o‘tgan oyda Germaniya kansleri Olaf Shols Markaziy Osiyodagi besh mamlakat rahbarlari bilan muzokara qilish uchun Ostonaga kelganida Toqayev u bilan suhbat chog‘ida Rossiyani “harbiy jihatdan yengilmas” deb atab va dunyo liderlarini Xitoy va Braziliyaning Ukrainadagi urushni to‘xtatishga doir tinchlik rejasini ko‘rib chiqishga chaqirib ko‘pchilikni hayron qoldirdi. Holbuki Ukrainaning o‘zi ushbu rejani qat’iyan rad etib keladi.

Biroq BRICSga qo‘shilish bilan bog‘liq masala Qozog‘iston uchun “suverenlik mashqi” bo‘ldi, deydi Harvard universitetining Markaziy Osiyo bo‘yicha dasturi direktori Nargis Qasenova.

Uning nazdida, Qozog‘istonning ikki eng yirik hamkori – Rossiya ham, Xitoy ham Ostonani BRICSga a’zo bo‘lishga qistagan.

“Betaraf davlat bo‘lmish Qozog‘istonning qo‘shilishi tashkilot obro‘sini bir pog‘ona oshirgan bo‘lur edi. Ayni chog‘da bu mamlakatni G‘arbdan uzoqlashtirib, AQSH gegemoniyasiga qarshi bo‘lgan “ko‘pqutbli olam” tarafdorlariga yaqin qilib qo‘ygan bo‘lardi”, deydi ekspert Ozodlikka bergan izohida.

Mazkur qadam G‘arb bilan yaxshi aloqada bo‘lishga intilayotgan va “hozircha Braziliya, Hindiston, Janubiy Afrika yoki Turkiyachalik siyosiy vazn va qudrat kasb etmagan” mamlakat uchun juda qaltis bo‘lishi ham mumkin, qo‘shimcha qiladi Qasenova. (Turkiya BRICSga a’zo bo‘lish masalasini ko‘rib chiqmoqda – tahr.).

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Мирзиёевнинг Москвага сафари муҳожирлар умидини пучга чиқарди

O‘zbekistonning YOIIga qiziqishi so‘ndimi?

Qasenova fikricha, Qozog‘iston o‘z qarori izohida BMTga havolalar berish orqali “diplomatik muvozanatini qonuniy asoslamoqda”.

Biroq Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Moskvaning Qozog‘iston pozitsiyasiga nisbatan 21-oktyabrdagi rasmiy javobiga qaraganda, Ostonaning vajlaridan unchalik qoniqmagan ko‘rinadi.

Lavrovga ko‘ra, Qozog‘istonning BMT bilan hamkorligi uning boshqa tashkilotlar – KXSHT, YOII yoki Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo bo‘lishiga xalal bermagan. Shuningdek, “Turkiya tashabbusi bilan aloqalarni mustahkamlayotgan va nufuzi ortayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ga qo‘shilishiga ham to‘siq bo‘lmagan”, deydi Lavrov.

“Mazkur tashkilot Markaziy Osiyodagi ittifoqchilarimizga va strategik hamkorlarimizga katta e’tibor qaratmoqda”, davom etadi Rossiya TIV rahbari.

Lavrov TDTga to‘xtalgani sababi tushuniksiz, lekin Moskva odatda alamini ichiga yutmaydi.

TDT 2022-yilgacha anchayin ramziy bir tashkilot edi. Ammo Ukrainaga bosqindan beri u rostdan ham “kuchayib boryapti”. Rossiya yetovidagi tuzilmalar esa, aksincha, foydasidan zarari ko‘p tuzilmalarga aylanmoqda.

Ular orasida eng zararlisi YOII bo‘lsa kerak. Rossiya va uning sodiq ittifoqchisi Belarus sanksiyalar ostida qolgan, Ittifoqning boshqa a’zolari, masalan, Qozog‘iston hududiga kelgan G‘arb tovarlarini kuzatish tizimi joriy etilgani YOIIni qiyin ahvolga solib qo‘ydi.

Ushbu savdo guruhiga qo‘shilish-qo‘shilmaslik masalasi bir paytlar Ukraina oldida ham turgandi. Ukrainaning o‘sha paytdagi prezidenti Viktor Yanukovich Yevroittifoqdan ko‘ra Rossiya bilan yaqinlashishni ma’qul ko‘rdi. Bu “Yevromaydon” inqilobi va rejimning qulashiga olib keldi.

Ukrainaning YOIIga a’zo bo‘lishni rad etishi ittifoq salohiyatini kamaytirdi.

Uzoq vaqt O‘zbekiston tashkilotga oltinchi a’zo bo‘lib kirishi kutildi.

Biznes aloqalarni rivojlantirish tarafdori bo‘lmish prezident Shavkat Mirziyoyev dastlab YOIIga xayrixohlik bilan qaradi. O‘zbekistonning avvalgi prezidenti marhum Islom Karimov tashkilotni SSSRni tiklashga urinish deb bilardi.

Biroq Mirziyoyev savdo to‘siqlarini butunlay bartaraf etishga tayyorlanish uchun O‘zbekistonga vaqt kerak, deya oyoq turib oldi. Rossiya Federatsiya kengashi raisi Valentina Matviyenko mamlakatga kelib-ketganidan so‘ng: “O‘zbekistonning ariza berishiga oz qoldi” deb bayonot berganida Toshkent o‘ng‘aysiz ahvolga tushsa-da, biron izoh bergani yo‘q.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

OzodNazar: Мирзиёев-Путин, Тўқаев-Зеленский мулоқотлари; Мюнхенда муҳокамаси бошланган уруш

Nihoyat, mamlakat hukumati ushbu masalada salbiy qaror qabul qildi, shekilli: kuni kecha o‘zbek parlamenti spikerining o‘rinbosari Akmal Saidov YOIIning 1000 dan ziyod hujjatlari o‘rganib chiqilganidan so‘ng Toshkent tashkilotda kuzatuvchi maqomida qolgan ma’qul degan to‘xtamga kelganini ma’lum qildi.

“Qozog‘istonga kelsak, bu mamlakat YOIIga a’zo bo‘lishdan unchalik naf ko‘rishmadi”, dedi tagdor qilib Saidov.

Mazkur bayonot – Rossiya Qozog‘istondan oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan pomidor, qovun va bug‘doy import qilinishini taqiqlagan kunga to‘g‘ri kelgani qiziq.

Rosselxoznadzor agentligi buni Qozog‘iston “fitosanitariya xavfsizligini ta’minlay olmayotgani” bilan izohladi. Chet el OAVlari esa ushbu chorani Qozog‘istonning BRICSga kirishini rad etganiga javob, demoqda.

O‘zbekistonlik siyosiy tahlilchi va Central Asia Due Diligence tadqiqot shirkati asoschisi Alisher Ilhomovga ko‘ra, O‘zbekiston YOIIga qo‘shilmoqchi emasligini Rossiya biladi va mamlakat ushbu qarori ortidan Kremlning bosimiga duch kelmoqda.

Bu bosim, xususan, Moskvaning yaqinda O‘zbekistondagi maktablardan birida sodir bo‘lgan rus tilining qo‘llanishiga aloqador voqeaga aralashganida namoyon bo‘ldi, deydi tahlilchi.

Ekspert Rossiya Dumasi deputati Sergey Mironovning O‘zbekiston fuqarolari uchun viza tartibini joriy etishga chaqirig‘ini ham shu bilan bog‘laydi.

“O‘zbekiston iqtisodiy jihatdan Rossiyaga hanuz tobe, lekin Ukrainadagi urush va sanksiyalar tufayli YOII jozibasiz bo‘lib qoldi”, deydi Ilhomov Ozodlik bilan suhbatda.

“Ilgari Rossiya YI mamlakatlariga eng yaxshi logistika yo‘nalishi edi, ammo endi Toshkent muammolarga yo‘liqmoqda va yangi savdo yo‘laklarini izlamoqda”, deya qo‘shimcha qiladi ekspert.