Lukashenko rejimiga qarshi norozilik harakati yetakchisi Svetlana Tixanovskaya “Nastoyashchee vremya” telekanaliga katta intervyu berdi.
Muloqot chog‘ida u hibsga olingan Roman Protasevich va G‘arb sanksiyalarining Lukashenko hokimiyatiga ta’siri haqida so‘zladi, shuningdek, mamlakatdan chiqib ketishidan oldin Belarus MSKda kechgan o‘sha mashhur suhbatda unga nima bilan tahdid qilishganini aytdi.
– Ayting-chi, Belarus norozilik harakati hozir qaysi bosqichda?
– Umid qilamanki, final bosqichida. O‘sha lahzalar tezroq kelishi uchun zarur barcha ishni qilyapmiz. Belaruslar nafaqat mamlakat ichida, xalqaro maydonda ham jang qilmoqda. Juda ko‘p ishlar belaruslarning o‘zi tomonidan yashirin, maxfiy tarzda olib borilyapti. Odamlarimiz shu qadar ijodkorki, rejimning kuchini qirqishning yangi-yangi usullarini o‘ylab topmoqda.
Imkoniyatimiz u qadar katta emas, ammo uning har bir misqolidan foydalanyapmiz, toki biz o‘tgan yilning avgustidagi kabi ko‘p sonli ekanimizni, ko‘zdan g‘oyib bo‘lmaganimizni, shu yerda, qatag‘onlarga qaramay rejim bilan olishayotganimizni ko‘rishsin. Men esa Belarus mavzusi xalqaro maydonda kun tartibidan tushib qolmasligi uchun imkoni bo‘lgan barcha ishni qilyapman. Toki biz haqimizda gapirishsin, o‘ylashsin, bizga yuraklari achishsin. Rejim ayrim xatolarga yo‘l qo‘ya boshlaganiga qaraganda, u jon berish oldidagi talvasa holatini boshidan kechirmoqda.
– Xalqaro kun tartibini esga oldingiz. Tushunishimcha, eng muhim omillardan biri bu G‘arb sanksiyalaridir. “Ryanair” uchog‘ining majburan qo‘ndirilishi ortidan Roman Protasevichning hibs qilinishi bilan bog‘liq vaziyatda qanaqa sanksiyalarni kutyapsiz? Kutganimiz bo‘ladi, deb o‘ylashga asoslaringiz bormi?
– Hozirda sanksiyalar tayyorlanmoqda va, adashmasam, 17 - iyunga qadar e’lon qilinadi. Ularning mazmunidan xabarim yo‘q, men yuqorida personal sanksiyalarni nazarda tutdim. Shu bilan birga, iqtisodiy sanksiyalar ham qo‘llanishidan umidvormiz.
Barchamiz yaxshi anglaymizki, militsiya va harbiylarga pul to‘lash imkoni qolmasligi uchun rejimni iqtisodiy qamal qilmoq darkor. Bu odamlar tuzumga ich-ichidan xayrixoh emas, biroq ular buyruqni bajarishga majbur.
Agar hammasi biz tilagandek bo‘lsa, ayni vaziyatda rejim vakillarining fuqarolik hamjamiyati bilan muloqotini boshlashdan o‘zga chora qolmaydi. Yangi, adolatli saylovlar o‘tkazish uchun shunga intilmoqdamiz.
– Yevropa Kengashi Belarusdagi inqirozni bartaraf etishda Rossiya muhim o‘rin tutishi mumkinligini aytdi. Bu fikrga nima deysiz?
– Lukashenko rejimini dastaklovchilar ko‘p emas, ulardan biri – Kreml. Rossiyaning belarus inqiroziga yechim topishda konstruktiv rol o‘ynash imkoni bo‘lganida edi, ular bu masalani hal qilishda o‘rtakash sifatida ishtirok etgan bo‘lardi.
Misol uchun, Belarus inqirozi mavzusida oliy darajada konferensiya tashkil qilishi yoki fuqarolik jamiyati bilan rejim o‘rtasida vositachi sifatida qatnashishi mumkin edi. Lekin yana takrorlayman: Belarusda yuz berayotgan voqealar – bu uning ichki muammolari. Bu geosiyosat masalasi emas, bu – rejimga qarshi kurash. Biroq rejim Kremlning o‘ziga ham malol kela boshladi.
– Rossiyadan kimdir bilan muzokara olib boryapsizmi?
– Rasmiy aloqalar bo‘lgani yo‘q, norasmiy muloqotlarga kelsak, ular haqida gapira olmayman.
– Belarus xalqi kuch ishlatar tuzilmalardan qanchalik dastak olmoqda? Siz hamisha buni juda muhim omil, lekin ma’lumot oshkor qilinmaydi, degansiz. So‘nggi oy ichida nima o‘zgardi?
– Ko‘p narsa o‘zgardi, o‘zgarmagan yagona narsa – ushbu ma’lumotlarning maxfiyligi. Biroq bizda insayderlik ma’lumotlari juda ko‘p. BYPOL tuzilmamiz bor, u kuch ishlatar tuzilmalar vakillari bilan muntazam hamkorlik qilib kelmoqda. Ular bizga odamlarning qiynoqqa solinishi aks etgan videolarni, ichki ma’lumotlar, hujjatlarni yetkazib berishadi.
Turgan gapki, hammasi mutlaqo maxfiy qilinadi, ularning fosh bo‘lishi oqibatlari naqadar dahshatli bo‘lishini tushunamiz. Biroq, shuncha xavf-xatarga qaramay, kuch ishlatar idoralar BYPOL bilan hamkorlik qilib, ma’lumot yetkazib berishmoqda. Hokimiyat nomenklaturasi bilan ham xuddi shunday aloqalarimiz mavjud. Bular birgalikda, maqsadimizga yetishimizda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
– Bu yashirin dastak berish, avgust oyidagi norozilik avj pallasi bilan taqqoslaganda, faollashdimi?
– U paytda vaziyat boshqacha edi. Biz odamlarni norozilik belgisi sifatida kuch ishlatar idoralar va davlat organlari xizmatidan ketishga chaqirdik. Ko‘plar shunday qildi: ishdan bo‘shab, xorijga chiqib ketdi. Hozir ahvol o‘zgacha. Barcha ishlar o‘ta maxfiy olib borilmoqda. Biz kuch ishlatar idoralardagi kayfiyatdan xabardormiz, xodimlarning ruhi tushib ketgan. Bunaqa joyda ishlash qo‘rqinchli bo‘lib qolgan. Odamlar bir-birlariga ishonmaydi, kim do‘st, kim dushmanligini tushunmaydilar. Va bu ularning ish sifatiga ta’sir etmay qolmaydi, albatta.
– Kelgusida kuch ishlatar xodimlarni yoppasiga bo‘shatish masalasida fikringiz o‘zgargani yo‘qmi?
– Bu masalani belaruslar o‘zaro muhokama qilishlari lozim. Chunki odamlarning bir qismi mana shu alg‘ov-dalg‘ovlar tezroq tugashi uchun hamma narsani kechirishga tayyor. Biroq aksari aholi, menga o‘xshab, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etgan kimsalar odil sud qarshisiga chiqarilishi kerakligini tushunadi.
– Putin va Baydenning bo‘lajak muzokaralaridan nimalarni kutyapsiz?
– Albatta, muzokaralar yakunlari bo‘yicha yangiliklar bo‘ladi deb umid qilaman. Uchrashuv kun tartibidagi masalalarni aniq bilmayman-ku, ammo u yerda ikki prezident, jumladan, Belarusdagi vaziyatni muhokama qilishiga ishonchim komil.
– Belarusga qachon va qanday shartlarda qaytasiz?
– Qachonki bu men inqilob uchun qilishim mumkin bo‘lgan, ijobiy yoki salbiy ma’nodagi so‘nggi ish bo‘lsa.
– O‘shanda MSKda sizga nima bilan tahdid qilishgandi?
– Farzandlarimni oraga suqib, menga bosim o‘tkazishgandi.
– Charchamadingizmi? Taslim bo‘lmaslikka sizni nima undaydi?
– Charchadim. Bu shafqasizlikni, adolatsizlikni ko‘rishdan, o‘z joniga qasd qilish va qiynoqqa solish haqidagi xabarlarni eshitishdan charchadim. Ammo kurashdan charchaganim yo‘q. Chunki ularning berahmligi, begunoh kishilarni tahqirlab, iskanjaga solishlari meni harakatni davom ettirishga majbur etadi.