Ta’minotchi-hokimning o‘g‘li. Oqqo‘rg‘ondagi bog‘cha bolalari nimadan zaharlangan?

Oqqo‘rg‘on tumanidagi bog‘chada avgust oyi boshida o‘ttizdan ortiq bola zaharlanib, shifoxonaga yotqizilgan, tarbiyalanuvchilardan biri vafot etgan edi. Illyustrativ surat

Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida o‘tgan oy ommaviy zaharlanish hodisasi sodir bo‘lgan bolalar bog‘chasining sut mahsulotlari ta’minotchisi tuman hokimining o‘g‘liga tegishli shirkat ekani o‘rtaga chiqdi.

Oqqo‘rg‘on tumanidagi bog‘chada avgust oyi boshida 30 dan ortiq bola zaharlanib, shifoxonaga yotqizilgan, tarbiyalanuvchilardan biri vafot etgan edi.

Ozodlik tasarrufidagi hujjatlardan ayon bo‘lishicha, shu yilning may oyida Oqqo‘rg‘on tumani Maktabgacha ta’lim bo‘limi bog‘cha tarbiyalanuvchilariga oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha ta’minotchi shirkatlar orasida o‘tkazgan tenderda “SHARK MILK PRODUCT” MChJ g‘olib chiqqan.

O‘zbekiston yagona davlat reestridagi yuridik shaxslar ro‘yxatiga qaralsa, “SHARK MILK PRODUCT” MChJning 100,0 ulushi Omonov Fazliddin Farhodovichga tegishli.

O‘zbekiston yagona davlat reestriga qaralsa, “SHARK MILK PRODUCT” MChJning 100,0 ulushi Omonov Fazliddin Farhodovichga tegishli.

Fazliddin Omonov Oqqo‘rg‘on tumani hokimi Farhod Omonovning o‘g‘li, deb ishoniladi.

Oqqo‘rg‘on tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi qoshidagi maxsus tanlov komissiyasi shu yilning 25 - may kuni o‘tkazgan yig‘ilishi bayonnomasida aytilishicha, oziq-ovqat maxsulotlari yetkazib beruvchi shirkatlar bergan takliflar o‘rganilib, ular orasidan “SHARK MILK PRODUCT” MChJ tanlab olingan.

UZEX.UZ saytiga joylashtirilgan davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ko‘ra, shirkat joriy yil may oyidan buyon Oqqo‘rg‘on tumani MTB tizimidagi bog‘chalarga qariyb yarim milliard so‘mlik oziq-ovqat maxsulotlari, jumladan qayta ishlangan sut, qatiq, qaymoq, tvorog yetkazib bergan.

UZEX.UZ sayti ma’lumotlariga ko‘ra, shirkat joriy yilda Oqqo‘rg‘on MTBga yarim milliard so‘mlik oziq-ovqat yetkazib bergan.

Oqqo‘rg‘on tumani hokimligi matbuot kotibi Botir Boybo‘tayev Ozodlik bilan suhbatda Fazliddin Omonov Oqqo‘rg‘on tumani hokimi Farhod Omonovning o‘g‘li ekanini tasdiqladi, lekin uning tumandagi bog‘chalar oziq- ovqat ta’minotchisi ekanini rad etishga urindi.

“Hokimimizning Fazliddin degan o‘g‘li bor, lekin u bola Oqqo‘rg‘onda ta’minot bilan shug‘ullanmaydi. Toshkentda o‘tiradi, tadbirkorlik qiladi. Meni o‘zim xabarim bor, u bola bog‘cha ta’minotchiligi bilan umuman shug‘ullanmaydi”, - dedi Botir Boybo‘tayev.

"SHARK MILK PRODUCT” MChJ Toshkent shahrining Uchtepa tumanida joylashgan.

Shirkatning telefon raqamiga qilingan qo‘ng‘iroqlarga kun davomida hech kim javob bermadi.

O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot kotibi Mavluda Asqarxo‘jayeva "SHARK MILK PRODUCT” MChJ Oqqo‘rg‘ondagi MTB tizimidagi barcha bog‘chalarni hozir ham sut mahsulotlari bilan ta’minlab kelayotganini Ozodlikka tasdiqladi.

"Bu firma hozir ham Oqqo‘rg‘ondagi bog‘chalarni sut, qatiq, tvorog, qaymoq bilan ta’minlab keladi, bu bor gap", - dedi Asqarxo‘jayeva.

Bog‘chada ommaviy zaharlanish

12 - avgust kuni Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi bolalar bog‘chasida o‘nlab bola ovqatdan zaharlangani haqida xabar tarqaldi.

Rasmiylar avaliga 25 nafar tarbiyalanuvchi zaharlanganini tasdiqladi, 13 - avgust kuni yana beshta bolaning zaharlanish oqibatida kasalxonaga yotqizilgani ma’lum qilindi.

Maktabgacha ta’lim vazirligining bayonotida hodisa avgust oyi boshida yuz bergani aytilgan.

2 - avgustdan 11 - avgustgacha intoksikatsiya sindromining klinik ko‘rinishlari bo‘lgan tarbiyalanuvchilar Toshkent Pediatriya Tibbiyot Instituti klinikasi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, Toshkent 1-shahar yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi, Toshkent viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va Oqqo‘rg‘on tumani yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan.

Rasmiy izohda, 12 - avgust holatiga ko‘ra, 6 nafar tarbiyalanuvchi og‘ir holatda jonlantirish bo‘limida, shundan bir nafar tarbiyalanuvchi o‘pkaning sun’iy nafas berish moslamasiga ulangan bo‘lib, holati o‘ta og‘ir holatda qolayotgani aytilgandi. Tarbiyalanuvchilardan biri shu kuni vafot etgan.

Qolgan 19 tarbiyalanuvchining holati o‘rtacha og‘ir, deb baholangan. MTV tarbiyalanuvchilar klinik ko‘rinishlariga ko‘ra, "botulizm" tashxisiga gumon qilinganini bildirgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi hodisa yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilayotganini ma’lum qilgan.

Oqqo‘rg‘on tumani hokimligi matbuot kotibi Botir Boybo‘tayevga ko‘ra, tergov jarayoni hanuz yakunlanmagan.

“Surishtiruv davom etyapti. Zaharlangan bolalarning hammasi kasalxonadan chiqib bo‘lgan. Ota-onasining bag‘riga qaytgan. Bir hafta oldingi ma’lumot bu, bitta bola qolgan, deyishgandi. Uning ham ahvoli yaxshi, deyishgan. Tergov yakunlanmagan, biron narsa chiqsa, o‘shanda ma’lumot beriladi”, - dedi Oqqo‘rg‘on tumani hokimligi matbuot kotibi Botir Boybo‘tayev.

Hozirda Kanadada yashayotgan o‘zbekistonlik mikrobiolog Obid Mamadaliyevning Ozodlikka aytishicha, bog‘cha bolalarining nimadan zaharlanganini aniqlash, aslida mutaxassislar uchun unchalik qiyin ish emas:

"Bu narsadan xabari bor odam uchun bir kunda aniqlash mumkin bo‘lgan jarayonning cho‘zilayotgani kulgili. Oddiy ovqat qoldiqlaridan namuna olib, inkubatorga qo‘yiladi, 12 soatda bilinadi. Bu, uzog‘i bilan 24 soatda aniqlanadigan narsa. Bir dona bakteriya kifoya buni topish uchun. Yoki bolaning og‘zidan so‘lak namunasini olib tekshirsa, aniqlanadi. O‘g‘riliklar bo‘lganmi bu yerda, nimanidir yashirishyaptimi yoki yaxshi go‘shtlarni o‘rniga bolalarga eskisi berilganmi, kim biladi? Yoki bog‘chada idishlarni yuvishda botulizmga qarshi deterjentlar qo‘llanilmaganmi, o‘g‘riliklar bo‘lganmi? Bu savollar ochiq qolyapti", - deydi Mamadaliyev.

Bundan oldin O‘zbekistonning Samarqand, Farg‘ona viloyati va Toshkent viloyatining Bekobod tumanidagi bolalar bog‘chasida ham ommaviy zaharlanish bo‘lgan edi.

Manfaatlar to‘qnashuvi

Oqqo‘rg‘onda tuman hokimiga bo‘ysunuvchi Maktabgacha ta’lim bo‘limi tizimidagi bog‘chalarga oziq-ovqat ta’minotchisi sifatida hokimning o‘g‘li yuz foiz egalik qiluvchi shirkatning tanlanishi manfaatlar to‘qnashuviga e’tibor qaratdi.

Toshkentlik bloger Mufasa tergov korrupsiya ehtimolini ham qamrab olishi kerak, deydi.

“Bolalar zaharlanishi voqeasi katta korrupsiya zanjirining bir uchini o‘rtaga chiqaryapti. Zaharlanish nimadan bo‘lgan, buni tekshiruvlar ko‘rsatar. Lekin bu yerda manfaatlar to‘qnashuvi bo‘layotgani ochiq ko‘rinib qolyapti” , - deydi bloger.

2016 - yilda qabul qilingan O‘zbekiston davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalarida aytilishicha, “manfaatlar to‘qnashuvi “davlat xizmatchilarining shaxsiy manfaatlari ularning o‘z xizmat vazifalarini xolisona va beg‘araz bajarishiga ta’sir ko‘rsatadigan yoki ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan holatlarda paydo bo‘ladi”.

Qoidalarda, shuningdek, davlat xizmatchilarining shaxsiy manfaatdorligi ularning shaxsan o‘zi yoki yaqin qarindoshlari, shuningdek, ular yaqin yoki ishbilarmonlik munosabatlarida bo‘ladigan boshqa shaxslar uchun har qanday naf ko‘rish yoki afzalliklarga ega bo‘lishni o‘z ichiga olishi ham aytilgan.

O‘zbekiston qonunchiligida manfaatlar to‘qnashuvi va affillanganlik holatlari oldini olish, xususan buyurtmachi va ishtirokchilar o‘rtasida qarindoshlik yoki boshqa aloqalar mavjudligini aniqlash bo‘yicha mexanizmlar mavjud emas.

“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunda ham manfaatlar to‘qnashuvi va affillanganlik holatlari natijasida davlatga ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan bo‘lsa-da, jinoiy javobgarlik belgilanmagan.