Tadbirkorlarni tekshirishga doir yangi talablar kuchga kiradi

Illyustrativ surat

2025-yil 1-yanvaridan e’tiboran O‘zbekistonda tadbirkorlar faoliyatini tekshirish “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi doirasida ishbilarmonlik subyektlarini 3 ta toifaga ajratgan holda o‘tkaziladi. Bu haqda 4-noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tashkil qilingan tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirishga oid takliflar taqdimotida aytilgan.

Qayd etilishicha, endilikda tadbirkorlar faoliyatini nazorat qilishga vakolatli organlar va ularning nazorat sohalari ro‘yxati tasdiqlanadi. Ushbu ro‘yxatda yo‘q masalalar bo‘yicha tekshiruv o‘tkazish man etiladi.

Tadbirkorlar faoliyatiga doir barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi orqali xabardor etish tartibida amalga oshiriladi.

Yangi yildan boshlab bitta huquqbuzarlik uchun bitta javobgarlik chorasini belgilash ham nazarda tutilmoqda. Jumladan, tadbirkorlik faoliyatini yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tmasdan amalga oshirganlik uchun moliyaviy jarima bekor qilinmoqda.

Shuningdek, raqamli markirovkalash qoidalari hamda fiskal belgilarni aks ettirish tartibini buzish, xodimlar sonini yashirish uchun ma’muriy javobgarlik ham qonunchilikdan chiqarib tashlanadi.

Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, yangi choralar Mirziyoyevning joriy yil 20-avgust kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida bildirilgan takliflar asosida ishlab chiqilgan.