Tahlil: AQSh Afg‘oniston hukumat kuchlariga va’da qilgan 4 mlrd dollar yordamni kim nazorat qiladi?

AQSh va NATO 2024 - yilga qadar Afg‘onistonning harbiy va xavfsizlik kuchlarini moliyalash uchun yiliga 4 milliard dollar ajratishni va’da qildi. AQSh so‘nggi 20 yil davomida Afg‘oniston hukumati kuchlari malakasini oshirish, qurol-yarog‘ bilan ta’minlash va o‘qitish uchun qariyb 89 milliard dollar sarflagan.

Ammo AQSh hukumati kuzatuvchisiga ko‘ra, bu mablag‘ yaqindan nazorat qilinmagan, yuz millionlab dollar nojo‘ya sarf qilingan va xavfsizlik apparatida korrupsiya chuqur ildiz otgan.

31 - avgustgacha so‘nggi koalitsiya qo‘shinlari olib chiqib ketilgandan keyin, kelajakda ajratiladigan mablag‘ qanday sarflanishini kuzatish deyarli imkonsiz bo‘lib qoladi.

Quyida va’da qilingan mablag‘ nazorati bilan bog‘liq muammolar haqida “The Associated Press” nashrida chop etilgan maqola tarjimasi bilan tanishishingiz mumkin.

AQSh 2001 - yildan beri Afg‘onistonda sarflagan mablag‘

Bugunga qadar harbiylar, milliy politsiya va maxsus kuchlardan iborat Afg‘oniston Milliy mudofaa va xavfsizlik kuchlari malakasini oshirish, ularni qurol-yarog‘ bilan ta’minlash, o‘qitish va qo‘llab-quvvatlash uchun qariyb 83 milliard dollar sarflangan.

Bu ko‘rsatkich turli xarajatlarni o‘z ichiga oladi. Masalan, AQSh transport vositalari va samolyotlar uchun qariyb 10 milliard dollar sarflagan. 2010–2020 - yillarda Afg‘oniston harbiylari uchun yoqilg‘iga 3.75 milliard dollar sarflagan.

Shuningdek, 2001 - yildan buyon yana 5.8 milliard dollar mablag‘ mamlakat iqtisodiyoti hamda hukumatini rivojlantirish hamda infratuzilmani yaxshilashga sarflangan. Bundan maqsad jamoatchilik qo‘lloviga erishish va Tolibon harakati kuchayishi oldini olish bo‘lgan.

Bu raqamlarni Afg‘onistonni qayta tiklash bo‘yicha maxsus inspektor (Special Inspector General on Afghanistan Reconstruction, or SIGAR) Jon Sopko taqdim etdi. Inspektorning zimmasiga AQSh soliq to‘lovchilari mablag‘lari qanday sarflanganini nazorat qilish vazifasi yuklangan.

AQSh 2022 - yilda Afg‘onistonga 3,3 milliard dollar ajratmoqchi. Afg‘oniston havo kuchlarini dastaklash uchun 1 milliard dollar; yoqilg‘i, o‘q-dori va ehtiyot qismlar uchun 1 milliard dollar hamda afg‘on askarlariga ish haqi to‘lash uchun 700 million dollar ajratiladi.

Afg‘oniston hukumati 2024 - yildan keyin o‘z armiyasini saqlash uchun qanday mablag‘ topishini aytish qiyin.

SIGAR ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘oniston hukumati byudjetining 80% dan ortig‘ini AQSh va uning ittifoqchilari to‘lab keladi.

Sopko hozirlagan hisobotga ko‘ra, bugunga qadar Kobul ko‘proq mablag‘ ajratishga qodir bo‘ladi, degan iqtisodiy bashoratlar noto‘g‘ri yoki haddan tashqari bo‘rttirilgan bo‘lib chiqqan. Afg‘oniston iqtisodi 2021 - yilda 3.4 foizga o‘sishi bashorat qilingan edi, ammo aslida mamlakat iqtisodida 2 foizga qisqargan.

So‘nggi 7 yilning 4 yilida Afg‘oniston oldiga qo‘ygan iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlariga erisha olmagan.

Isrofgarchilik va korrupsiya

So‘nggi 20 yil ichida Afg‘onistonga sarflangan milliardlarning katta qismi deyarli nazorat qilinmagan. Natijada Afg‘oniston hukumati ham, xorijiy pudratchilar ham yirik korrupsiyaga qo‘l urgan.

Sopko isrofgarlik, noto‘g‘ri boshqarish va oshkora korrupsiya holatlari haqida o‘nlab hisobot hozirlagan.

Masalan, AQSh Afg‘oniston havo kuchlari uchun 20 ta G222 harbiy transport samolyotini sotib olish va ta’mirlash uchun 547 million dollar sarflagan. Keyinchalik ularning 16 tasi afg‘onistonlik olib-sotarlarga 40 257 dollarga yaroqsiz narsa o‘laroq sotilgan, chunki amerikalik ta’mirlovchilar nosoz va xavfli samolyotlarni yetkazib bergan ekan.

Sopko yil boshida yozgan hisobotda aytilishicha, iste’fodagi AQSh havo kuchlari generali qoidalarga zid ravishda samolyotlarni ta’mirlagan firma bilan aloqada bo‘lgan.

Hisobotda qayd etilishicha, 2020 - yilning may oyida Adliya vazirligi kuzatuvchi agentlikka G222 dasturi bo‘yicha hech qanday jinoyat va fuqarolik ishini qo‘zg‘atilmasligini ma’lum qilgan.

2008 - yildan beri Afg‘oniston fuqarolik hukumatiga bino va transport vositalari uchun ajratilgan 7.8 milliard dollardan atigi 1.2 milliard dollar rejalashtirilgandek binolar va transport vositalari uchun sarflangan. Sopkoning so‘zlariga ko‘ra, xarid qilingan jihozlarning atigi 343.2 million dollar qiymatga ega qismi yaroqli holatda saqlangan.

Afg‘oniston armiyasi va politsiya kuchlari rasman 320 mingga yaqin a’zoga ega. Ammo SIGAR ularning soni aslida 280 mingga yaqinligini aytmoqda.

Ushbu tafovutni "arvoh askarlar" bilan izohlash mumkin: poraxo‘r rasmiylar pul ishlab olish uchun harbiylar sonini oshirib ko‘rsatgan.

Sopko hozirlagan hisobotlarning birida qayd etilishicha, nazorat yetarli bo‘lmagani uchun pora olish, firibgarlik, tovlamachilik va tanish-bilishchilik, shuningdek, "zo‘ravon urush boshliqlari va ularning qurolli kuchlarini kuchaytirishga" qulay zamin yaratilgan.

"Korrupsiya Afg‘oniston hukumatining qonuniyligiga putur yetkazish, xalqning isyonchilarga bo‘lgan qo‘llovini kuchaytirish va moddiy resurslarni isyonchi guruhlariga yo‘naltirish orqali AQShning Afg‘onistondagi missiyasiga sezilarli darajada putur yetkazgan", deyiladi SIGAR hisobotlaridan birida.

Qanday harbiylar qolmoqda?

AQSh Afg‘oniston armiyasiga sarflagan shuncha vaqt va mablag‘dan keyin, oz sonli qo‘mondonlik kuchlari tolibonga qarshi turishga qodir yagona bo‘lim ekanini xulosa qilish mumkin.

So‘nggi haftalarda Tolibon Afg‘oniston bo‘ylab tumanlarni bosib olar ekan, ko‘plab holatlarda hukumat armiyasi va politsiya jangarilarga taslim bo‘lish to‘g‘risida muzokara olib bordi yoki shunchaki ish joyini tark etdi. Ko‘p holatlarda boshliqlar ularni o‘q-dori, qo‘shin va ayrim holatlarda hatto oziq-ovqatsiz tashlab qo‘ygan.

Urush davomida AQSh havodan bergan zarbalar jang maydonida afg‘on kuchlari uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi. Shunday ekan, afg‘on qo‘shinlarining havo hujumlarini amalga oshirish salohiyatini oshirish juda muhim edi.

AQSh Afg‘oniston havo kuchlari va "Qanot" maxsus missiyasini (Special Mission Wing) qo‘llab-quvvatlash uchun 8.5 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ sarflagan.

Biroq, koalitsiya qo‘shinlari mamlakatdan chiqib ketgandan keyin, Afg‘oniston havo kuchlari faoliyati to‘xtab qolishi ehtimoli katta.

Afg‘onlarning qiruvchi samolyotlar parkini ta’mirlash bilan AQSh pudratchilari shug‘ullanib keladi. Bu pudratchilar esa koalitsiya qo‘shinlari bilan Afg‘onistonni tark etmoqda.

Afg‘oniston rasmiylarining aytishicha, koalitsiya texnik xizmatlarni afg‘onistonliklarning o‘zlari ko‘rsatishlari uchun hech qanday trening o‘tkazmagan yoki kerakli infratuzilmani qurib bermagan.

Amerikaliklar afg‘on harbiylariga qoldirayotgan zirhli texnika va og‘ir qurollarning ko‘p qismi haqida ham ayni xulosani aytish mumkin.

“The Associated Press” agentligi bilan suhbatlashgan bir necha afg‘on rasmiysi AQSh va NATO ehtiyot qismlar hamda o‘q-dorilar ishlab chiqaradigan zavodlarga sarmoya yotqizmagani va malakali afg‘on mexanikalarini tayyorlash uchun mablag‘ ajratmaganini aytib, tanqid qildi.

"Har bir o‘q Amerikadan kelishi kerak edi", dedi Afg‘oniston Mudofaa vazirligining sobiq xodimi general Davlat Vaziriy.

"Nega biz ularni bu yerda ishlab chiqarmadik?"

"Demokratiyalarni himoya qilish" jamg‘armasining katta xodimi Bill Rojjioning aytishicha, koalitsiya Afg‘oniston hukumati va harbiylarini G‘arb yordamiga haddan tashqari qaram qilib qo‘ygan.

"AQSh Tolibonga qarshi kurashishga qodir armiyani tayyorlash o‘rniga noto‘g‘ri armiyani – G‘arb uslubidagi armiyani tayyorladi", dedi Rojjio.

"Kommandoslar, Maxsus kuchlar va Harbiy havo kuchlari yaxshi ishladilar, ammo jangovar kuchlarning asosiy qismini tashkil etadigan doimiy Afg‘oniston armiyasi o‘z vazifasini bajarishga qodir emas", dedi u.

Milliardlab dollarni nazorat qilish

AQSh rasmiylari bir necha yildan beri AQSh tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalarni shaxsan kuzata olmay keladi, chunki butun mamlakat bo‘ylab xavfsizlik vaziyati yomonlashgani uchun AQSh elchixonasi xodimlarining harakatlanishi keskin cheklangan.

Sopko iyul oyida e’lon qilgan hisobotda yozilishicha, 2016 - yilga kelib AQSh maslahatchilari Afg‘oniston xavfsizlik xizmati xodimlari bilan Kobulda og‘ir zirhli konvoylarsiz uchrasha olmay qolgan. Keyinchalik ular faqat vertolyotda uchrashuvga bora boshlagan.

Aprel oyi o‘rtalaridan boshlab, AQShning Kobuldagi elchixonasi xodimlari soni qisqartirilgan va faqat qolishi shart bo‘lgan xodimlargina qoldirilgan.

Elchixona xodimlaridan biri “The Associated Press” agentligiga bergan intervyusida elchixonada 1 400 nafar amerikalik qolganini, ular asosiy vaqtini elchixona devorlari ichida o‘tkazayotganini aytgan.

Rojjoning aytishicha, AQSh va NATO Afg‘onistonda bo‘lgan paytda ham ko‘rsatilayotgan yordamni mashaqqat bilan kuzatgan.

Ular mamlakatni tark etganidan keyin ko‘rsatilgan yordamni nazorat qilish esa deyarli imkonsiz bo‘ladi.

"Butun mamlakat bo‘ylab toliblar hamma yerni vayron qilar ekan, afg‘on rasmiylar naqd pulni talon-toroj qilishga yanada qattiqroq harakat qiladi", deya xulosa qildi u.