Tbilisida norozilar tunni Gruziya parlamenti binosi yonida o‘tkazishdi

13-mayga o‘tar kechasi Gruziya parlamenti binosi oldida yig‘ilgan namoyishchilar

Tbilisida “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun loyihasiga qarshi bo‘lganlar 13-mayga o‘tar tunni Gruziya parlamenti binosi oldida o‘tkazishdi.

12-may mahalliy vaqt bilan soat 22:00 da Rustaveli shohko‘chasida yig‘ilgan minglab namoyishchi qonun tashabbuskori bo‘lgan “Gruziya orzusi” hukmron partiyasi deputatlarini parlament binosiga kiritmasliklarini e’lon qilgan edi. Bu bilan norozilar hukmron partiya deputatlarining ““xalq irodasi, Yevropa Ittifoqi va Konstitutsiyaga qarshi harakat qilishni davom ettirishi”ga imkon bermaslikni maqsad qilishgan.

13-mayga o‘tar kechasi Gruziya parlamenti binosi qarshisiga kelgan norozilar

Ozodlikning “Exo Kavkaza” loyihasi xabariga ko‘ra, norozilar yonlarida chodirlar, yotoq qoplari va gazniqoblar keltirishgan.

Undan avvalgi kunlarda ham bahsli qonun loyihasiga qarshi bo‘lgan minglab odam Tbilisi ko‘chalari bo‘ylab norozilik yurishiga chiqqan edi.

Norozilik aksiyasi politsiya tomonidan kuch bilan tarqatildi

Bugungi aksiya tinch o‘tayotganiga qaramay, politsiya maxsus bo‘linmasi 13-may kuni ertalab norozilarni parlamentning kirish eshiklari oldidan siqib chiqargan. Amaliyot chog‘ida kamida 20 nafar namoyishchi qo‘lga olingan va kaltaklangan. Gruziya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, qo‘lga olinganlar orasida Rossiya va AQSH fuqarolari bo‘lgan. Gruziyaning Imedi telekanali amaliyot chog‘ida Moldova fuqarosi ham ushlangani, u politsiya xodimlarini haqorat qilganlikda ayblanayotgani haqida xabar qilgan.

13-may kuni ertalab politsiya maxsus kuchlari tomonidan tutib ketilgan namoyishchilardan biri

Avvalroq Gruziya ichki ishlar vaziri Vaxtang Gomelauri Tbilisida vaziyat eskalatsiyasi kutilayotganini bildirgan edi. U o‘ta muhim bo‘lgan davlat obyektlarining guruh bo‘lib blokirovka qilinishi 4 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinish uchun asos bo‘lishi hamda bu modda deputatlarning parlamentga kirishiga xalaqit bergan har bir odamga qarshi qo‘llanishi mumkinligini urg‘ulagan.

Parlamentga kirish joylari namoyishchilardan tozalanganidan keyin deputatlar binoga kirishga muvaffaq bo‘lishgan. “Gruziya orzusi” partiyasi deputatlari parlament binosi oldida paydo bo‘lgan paytda mitingchilar ularga qarata: “Qullar! Qullar!” deya qichqirishgan.

Yashin tezligida ishlaydigan parlament deputatlari

Xabarlarga ko‘ra, parlamentning yuridik qo‘mitasi uchinchi o‘qishda qonun loyihasini ma’qullash uchun bor-yo‘g‘i 67 sekund vaqt sarflagan.

Gruziya parlamenti yuridik qo‘mitasi raisi Anri Oxanashvili

“Gruziya orzusi” hukmron partiyasi “Xorijiy ta’sir shaffofligi to‘g‘risida” deb nomlangan qonun loyihasini 14-may kuni uchinchi o‘qishda ko‘rib chiqib, tasdiqlashni rejalamoqda. Ayni paytda mamlakat prezidenti Salome Zurabishvili hujjatga veto qo‘yishni va’da qilgan.

Gruziyada bahsli qonun loyihasiga qarshi aksiyalar bir oydan buyon davom etyapti. Loyiha tanqidchilari uning Rossiyadagi “Xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonundan ko‘chirma ekanini va bu repressiv qonun Gruziyaning Yevropa Ittifoqiga intilish harakatlariga to‘g‘anoq bo‘lishini aytishmoqda.

Bahsli qonun loyihasi tarixi

O‘n minglab kishi qarshi chiqayotgan qonun loyihasi Gruziya parlamentida birinchi marta ko‘rib chiqilayotgani yo‘q. Deputatlar 2023-yilning 7-martida ham birinchi o‘qishda “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida” deb nomlangan qonun loyihasini ma’qullashgan, buning ortidan mamlakat bo‘ylab ommaviy norozilik chiqishlari boshlanib ketgan edi.

Aksiya 8-mart kuni ham davom etgan, 9-mart kuni esa “Gruziya orzusi” hukmron partiyasi va “Xalq kuchi” harakati mazkur qonun loyihasini parlamentdan qaytarib olishgan.

2023-yil mart oyida Tbilisida bo‘lib o‘tgan norozilik chiqishlaridan lavha

O‘tgan yilgi noroziliklarga qaramay, “Gruziya orzusi” 2024-yilning aprel oyi boshida qonun loyihasini qaytadan parlamentga kiritgan.

Muxolifatchilar iddaosiga ko‘ra, yangi kiritilgan qonun 2023-yil bahoridagi norozilik namoyishlari manzarasida qaytarib olingan qonun loyihasi bilan qariyb bir xildir.

Bahsli qonun loyihasida o‘z moliyasining 20 foizdan ko‘prog‘ini xorijdan oladigan barcha notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarini maxsus reyestrga kiritish ko‘zda tutilgan. Qonun loyihasi “xorijiy kuch manfaatlarini tamsil etuvchi tashkilotlarni aniqlash maqsadida” Adliya vazirligiga mazkur masala bo‘yicha istalgan paytda tekshiruv o‘tkazish vakolatini beradi.

Gruziya prezidenti ham qarshi chiqayotgan qonun loyihasi

Bahsli qonun loyihasining hukmron partiya tomonidan parlamentga qayta kiritilganini Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili ham keskin tanqid qilgan.

Odamlarning xohish-istaklari hamda hamkor mamlakatlarning noroziliklariga qaramasdan, hukmron partiyaning “xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi bu qonunni qabul qilishga astoydil urinishi to‘g‘ridan to‘g‘ri provokatsiya bo‘lib -- Rossiyaning vaziyatni beqarorlashtirish strategiyasi bo‘lib hisoblanadi”, degan prezident Salome Zurabishvili.

Parlamentda muhokama qilinayotgan loyihani “Rossiya qonuni” deb atagan Zurabishvili X tarmog‘idagi o‘z postida “Gruziya resovetizatsiyaga taslim bo‘lmasligi”ni urg‘ulagan.

Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili

“Xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonun atrofida yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan avvalroq bildirgan mulohazasida prezident xonim “Gruziya orzusi” partiyasini ilk bor “Rus orzusi” deb atagan hamda uni Gruziyaning Yevropa Ittifoqiga kirishini sabotaj qilayotganlikda ayblagan edi.

Gruziya xalqaro hamkorlarining barchasi Tbilisini “xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilmaslikka chaqirishmoqda.

Rossiyalik siyosatchi va jamoat arboblari esa aksincha, “Gruziya orzusi” tashabbusi bilan parlamentga kiritilgan mazkur qonunning qabul qilinishi dastaklashyapti. Ular orasida Rossiyaning sobiq prezidenti Dmitriy Medvedev, prezident Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov, “Rus dunyosi” bosh mafkurachisi Aleksandr Dugin kabilar bor.