Joriy yilning 19-iyun kuni Termiz shahar sudida bloger Fazilat Salimovaga nisbatan ma’muriy ish ko‘rib chiqilgan.
Sud qarori bilan O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 195-moddasi (ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish) va 202.2-moddasi 1-qismi (yolg‘on axborot tarqatish) bo‘yicha aybli deb topilgan blogerga 8 sutkalik qamoq jazosi hamda BHMning o‘n barobari miqdorida (3 million 400 ming so‘m) jarima tayinlangan.
Guvohlar iddaosicha, besh yashar farzandning onasi bo‘lgan 33 yoshli termizlik bloger ustidan sud yopiq tarzda o‘tkazilgan.
Fazilat Salimovaning onasiga ko‘ra, qizi IIB xodimlari tomonidan bir fuqaro kaltaklanayotganini ko‘rib, “urmanglar, aybi bo‘lsa, qonuniy jazosini beringlar” deb, o‘sha joyda jonli efir qilgani uchun mahalliy rasmiylar g‘azabiga uchragan.
“Ular Fazilatga tuhmat qilishyapti”, degan blogerning onasi bu sud ayoldan qasd olish uchun uyushtirilganini iddao qilmoqda.