Insoniyatning hozirgi ovqatlanish tartib-taomili teng va barqaror emasligi hech kimga sir emas. Buyuk Britaniyaning The Guardian nashrida e’lon qilingan maqolada dunyoning yarmi to‘qchilikdan semirib, qolgan yarmi ochlikdan halok bo‘lmasligi uchun jiddiy o‘zgarishga qo‘l urish zarurligi ta’kidlanadi. Maqolaga ko‘ra, sayyorani oziq-ovqat va iqlim bo‘hronidan saqlab qolish uchun odamlar ko‘proq hasharot iste’mol qilishi lozim.
EAT-Lancet xalqaro komissiyasi 2019 - yilda global oziq-ovqat zanjiri bo‘yicha tayyorlagan hisobotda: “Sivilizatsiya inqirozga uchragan”, - deya xulosa qilinadi.
Tashkilot 200 ming yilga cho‘ziluvchi insoniyat tarixi tufayli sayyora ekologik falokat yoqasida turganidan ogohlantiradi. Bunga zamonaviy sanoatlashgan qishloq xo‘jaligi, Yerdagi resurslarni qazib olishga asoslangan kapitalizm, daromad ketidan quvish va yuholarcha ochko‘z ishtaha – hamma-hammasi aybdor.
Ayni shu sababdan G‘arb mamlakatlarda “kelajak oziq-ovqatlari”, ya’ni ham insonlar, ham jonivorlar, ham atrof-muhit uchun foydali ekani aytilayotgan eguliklar asta-sekin ommalashmoqda. Yosh iste’molchilar tobora ko‘proq axloqiy qarorlarni qabul qilishga intilmoqda.
G‘arbda ko‘plab shirkatlar “muqobil oziq-ovqatlar”ni ishlab chiqara boshlagan. Masalan, Kaliforniyada joylashgan Beyond Meat shirkati “muqobil go‘sht” tayyorlaydi. O‘tgan yilning dekabr oyida Singapur oziq-ovqat agentligi dunyodagi birinchi to‘liq sintetik tovuq go‘shti iste’moliga ruxsat berdi.
Hasharotlardan turli oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlayotgan shirkatlar safi ham kengaymoqda. Xususan, Buyuk Britaniya, Janubiy Afrika, AQSh va boshqa ko‘plab mamlakatlarda bir necha yildan beri shunday shirkatlar faoliyat yuritib keladi.
Ayni paytda hasharotlar asosan boshqa hayvonlar uchun ozuqa sifatida yetishtirilmoqda. Yaqinda Mars Petcare kompaniyasi mushuklar uchun hasharotlar asosida Lovegug eguligini hozirladi.
Frantsiyaning Ÿnsect firmasi dunyodagi eng yirik hasharotlar fermasini ochish uchun 225 million dollar to‘pladi. Shirkat tez orada yiliga 100 ming tonna oqsil ishlab chiqarishi kutilmoqda.
Buyuk Britaniyaning Entocycle kompaniyasi esa London yaqinida pashsha lichinkalari fermasini qurish uchun hukumatdan 10 million funt sterling miqdorida grant oldi.
Hasharotlardan nafaqat samarali ozuqa o‘laroq foydalanish, balki ularni chiqindilar bilan oziqlantirish va ular axlatini o‘g‘it sifatida istifoda etish mumkin.
Albatta, hasharotlarni ozuqa o‘laroq yetishtirishda ayrim muammolar ham bor. The Guardian muallifining so‘zlariga ko‘ra, hasharot yeyish ko‘pchilikning ko‘nglini aynitadi, boz ustiga, ulardan hozirlangan mahsulotlar bemaza hamdir.
Shunga qaramasdan, Barclays banki hisob-kitobiga ko‘ra, 2030 - yilga kelib hasharot bozori qiymati 6,3 milliard dollarga yetadi. Britaniyaning Sainsbury’s do‘konlari tarmog‘i o‘tkazgan tadqiqot ingliz iste’molchilarining 42% hasharot tatib ko‘rishga hozirligini ko‘rsatgan.
The Guardian nashriga ko‘ra, chigirtkadan oqsil yetishtirishda qoramol yetishtirishda atrof-muhitga chiqariladigan issiqlik gazidan 0,1% oz miqdorda gaz ajratiladi. Qolaversa, hasharot yetishtirish uchun juda kam suv talab etiladi: bir gramm mol go‘shti yetishtirish uchun 112 litr suv kerak bo‘lgani holda, 1 gramm hasharot oqsili uchun 23 grammdan kam suv zarur bo‘ladi.
Hasharot yeyishga odatlanish dastavval ko‘pchilik uchun g‘ayritabiiy va yoqimsiz tuyulishi mumkin, ammo tarixda ko‘plab yeguliklar boshida e’tirozga uchragan, deb yozadi ingliz nashri. Masalan, yaqingacha sushi va idishga solingan sendvichlar ekzotik va maza-matrasiz taom o‘laroq ko‘rilgan.