TIV qirg‘izistonliklarni Rossiyaga bormay turishga chaqirdi

Bishkekdagi Qirg‘iziston TIV binosi

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi qirg‘izistonliklarni “zaruratsiz” Rossiyaga borishdan tiyilishga chaqirdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.

TIV qirg‘izistonliklarga bu tavsiyani Rossiya Federatsiyasi chegarasidagi o‘tish maskanlarida xorijliklarga nisbatan kuchaytirilgan nazorat tartibi hali ham davom etayotgani vajidan bergan. Vazirlik bu choralar bekor qilingunicha Qirg‘iziston fuqarolaridan Rossiyaga safar qilishdan tiyilish so‘ralishini qo‘shimcha qilgan.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi joriy yilning may oyida ham shu mazmundagi chaqiriq bilan chiqqan edi. O‘shanda bunga Rossiya davlat chegarasida qo‘shimcha chora-tadbirlar joriy etilgani sabab o‘laroq keltirilgandi.

Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelayotgan fuqarolarga nisbatan tekshiruvlar ko‘payishi va RF davlat chegarasida nazoratning kuchaytirilishi shu yil 22-martida Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Xoll” savdo markazida sodir bo‘lgan terakt ortidan kuzatila boshlagan.

May oyida Rossiya xavfsizlik xizmatlari rahbari teraktga oid ish bo‘yicha 20 dan ziyod odam qo‘lga olinganini bildirgan. Avvalroq qo‘lga olinganlarning ko‘pchiligi Tojikiston fuqarolari ekani ma’lum qilingan.