TMMA Qozog‘istondagi o‘zbeklarni migratsion reydlardan ogohlantirdi

Qozog‘iston janubida qo‘lga olingan xorijlik migrantlar (arxiv surati)

O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi (TMMA) Qozog‘istonda yurgan o‘zbekistonlik muhojirlarni migratsiya qoidalariga rioya qilishni so‘radi.

Agentlik qaydicha, 3-iyundan boshlab Qozog‘istonning barcha hududlarida migratsiya sohasida huquqbuzarlikni aniqlash maqsadida “Nelegal-2024” reyd tadbirlari o‘tkazilyapti.

Ushbu reyd tadbirlari davomida Qozog‘iston hududida qonuniy bo‘lib turish va qonuniy mehnat migratsiyasi tartibini buzgan chet el fuqarolariga nisbatan tegishli choralar ko‘rilmoqda”, deyilgan xabarnomada migratsion qonunbuzarlik holatlari Olmaota, Ostona, Chimkent shaharlari va Mangistau viloyatida ko‘p uchrayotganini qo‘shimcha qilingan.

Agentlik o‘zbekistonliklar Qozog‘iston hududida 30 kungacha yurishi mumkinligi, biroq bu davr mobaynida ular mehnat faoliyatini amalga oshira olmasliklari, pul topish maqsadida bu mamlakatga borgan shaxsdan darhol ishlash uchun va vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma olish talab etilishini eslatgan.

Qozog‘istonda noqonuniy migratsiyaga qarshi reydlar o‘tkazilayotgani haqida mahalliy matbuot ham yozmoqda. Xususan, Zakon.kz onlayn-nashri xabariga ko‘ra, Olmaota shahrida o‘tkazilgan reyd davomida mamlakat migratsion qonunchiligini buzgan 27 nafar o‘zbekistonlik qo‘lga olingan.

Olmaota shahar politsiya departamenti tomonidan 5-iyun kuni tarqatilgan ma’lumotda keltirilishicha, tekshiruv chog‘ida xorijliklarning to‘qqiz nafari yonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjat chiqqan emas.