Tojikiston janubida afg‘on qochqinlari uchun alohida qishloq quriladi

Tojikiston janubida afg‘onistonlik qochqinlar va tabiiy ofatlardan jabrlangan shaxslar uchun alohida qishloq qurilmoqda. Loyihani Osiyo taraqqiyot banki moliyalashtiradi.

Ozodlikning tojik xizmati xabariga ko‘ra, qishloq Tojikiston bilan Afg‘oniston chegarasidan 50 kilometr uzoqlikda – Xatlon viloyatidagi Jaloliddin Balxiy tumanida joylashadi.

250 oilaga mo‘ljallangan qishloq “Tolibon” harakati hokimiyat tepasiga kelganidan keyin afg‘on qochqinlarini joylashtirish maqsadida tashkil etilgan vaqtinchalik chodir shaharchasi o‘rnida quriladi.

Tojikiston hukumati Afg‘onistondan qochqinlar oqimi davom etishi mumkinligini istisno qilayotgani yo‘q.

Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasining aholini muhofaza qilish bosh boshqarmasi rahbari Jamshed Kamolzoda qochqinlar uchun qishloq qurilishi boshlangani va qariyb ikki yil davom etishini bildirgan.

Qishloq o‘z infratuzilmasiga ega bo‘ladi, bu yerda yo‘l va ko‘prik ta’mirlanadi, elektr tarmog‘i tortiladi.

Ko‘p yillar avval Tojikistonga kelgan afg‘on qochqinlari asosan Dushanbe atrofida yashaydi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 10 mingga yaqin afg‘on qochqini bor. Ular bir necha bor ishsizlikdan shikoyat qilishgan.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Tojikiston hukumati 2022-yilda kamida 85 nafar afg‘on qochqinini mamlakatdan majburan chiqarib yuborgan. Tojikiston hukumati bu iddaolar yuzasidan biror izoh bergan emas.