Tojikistonda aholini COVID-19 ga qarshi AstraZeneca bilan ommaviy emlash boshlandi

Tojikiston Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Samariddin Aliyev birinchilardan bo‘lib em oldi.

Tojikistonda koronavirusga qarshi ommaviy emlash jarayoni boshlandi. Bu mamlakatda birinchi bo‘lib koronavirusga qarshi vaksina bilan YuNISEF ning Dushanbedagi vakolatxonasi rahbari Osama Makkavi Kogali emlandi.

Kogalidan keyin Tojikiston sog‘liqni saqlash vaziri, uning o‘rinbosarlari hamda vazirlikning boshqa xodimlari emlangan.

«Men AstraZeneca vaksinasi mutlaqo xavfsiz ekanligini ko‘rsatmoqchi edim», dedi Osama Makkavi Kogali Ozodlik radiosi tojik xizmatiga (Ozodi radiosi) muxbiriga. Kogali tojik jamoatchiligini hech ikkilanmasdan vaksina bilan emlanishga chaqirdi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Jamoliddin Abdullozoda Ozodi radiosiga aytishicha, emlanishsiz «sog‘liqni saqlab bo‘lmaydi». U aholini mamlakatda tashkil etilgan 3 mingga yaqin vaksinatsiya markazlaridan biriga kelib emlanib ketishga chaqirgan. Tojikistonda koronavirusga qarshi vaksinalar bepul va emlanish ixtiyoriydir.

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon 22 - mart kuni tahdid guruhidagi aholi qatlamini COVID-19 ga qarshi emlash haqidagi farmonni imzolagan. Unga ko‘ra, joylardagi mutasaddilar Sog‘liqni saqlash vazirligiga emlashni munosib tarzda o‘tkazishda yordam berishi kerak. Hozirda Tojikistonga AstraZeneca vaksinasining 192 ming dozasi keltirilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligining matbuot kotibi Emomali Mirzoyevning ma’lum qilishicha, quyidagi aholi qatlamlari birinchilardan bo‘lib emlanishi rejalashtirilgan:

• sog‘liqni saqlash sohasi xodimlari

• iqtisodiyotning muhim sektorlarining xodimlari

• 60 yoshdan oshganlar

• yuqumli bo‘lmagan surunkali kasalliklari bo‘lganlar shaxslar

• ilm-fan, ta’lim sohasining xodimlari

Bir oy avval Tojikiston hukumati yangi tipdagi koronavirus bilan kasallanish holatlari boshqa aniqlanmayotganini bildirgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi boshlangandan beri Tojikistonda 13 308 nafar odamda virus aniqlangan, shulardan 90 nafari o‘lgan. Mamlakatda yangi kasallanish holatlari 30 - dekabrdan beri aniqlanmayapti. Lekin mustaqil manbalarning aytishicha, koronavirusga yo‘liqqan va undan vafot etganlarning soni rasmiy ma’lumotlarda keltirilgan raqamdan ancha katta.

Ehtiyot chorasi o‘laroq AstraZeneca vaksinasidan foydalanishni to‘xtatgan mamlakatlar haqidagi xabarlar paydo bo‘layotgan bir paytda Tojikiston hukumati bu vaksinadan foydalanishi jamiyatda qizg‘in bahs-munozaraga sabab bo‘lgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti AstraZeneca shirkati tomonidan ishlab chiqarilgan koronavirusga qarshi vaksinadan foydalanishni davom ettirishni tavsiya qildi. Xalqaro tashkilotga ko‘ra, preparatning foydasi unda kelishi mumkin bo‘lgan xatardan ko‘pdir. AstraZeneca shirkati ham o‘z mahsuloti xavfsizligini ta’kidlashda davom etmoqda.

Tojikiston hukumati koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqaruvchi boshqa shirkatlar bilan ham muzokaralar olib bormoqda.