Afg‘onistonda toliblar shakllantirgan hukumat Tashqi ishlar vazirligi “Tolibon” harakatini taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqargani uchun Qirg‘izistonga minnatdorlik bildirgan. Bunga doir bayonot vazirlikning rasmiy saytida 5-sentyabr kuni yoyinlangan.
“Tolibon” diplomatlari qaydicha, Qirg‘izistonning bu qarori boshqa mamlakatlar qarorlari bilan bir qatorda “Afg‘oniston Islom Amirligini siyosiy jihatdan tan olish mintaqaviy va xalqaro darajada oshib borayotganini ko‘rsatadi”.
“Shuningdek, u Afg‘oniston Islom Amirligi va boshqa davlatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalar mustahkamlanishi uchun to‘siqlarni bartaraf qiladi”, deyilgan TIV xabarnomasida.
Ayni bayonotni Afg‘oniston TIV vakili Abdul Qahhor Balxiy ham X ijtimoiy tarmog‘idagi o‘z sahifasida yoyinlagan.
“Tolibon” harakati Qirg‘iziston hududida faoliyati taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarilgani haqida avvalroq qator nashrlar Qirg‘iziston Bosh prokuraturasining tegishli ro‘yxatiga tayangan holda xabar qilishgan – mazkur ro‘yxatda “Tolibon” yo‘q edi. Ayni paytda “Tolibon” harakati Qirg‘iziston Din ishlari bo‘yicha davlat komissiyasi saytida hali ham taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatida turibdi.
Din ishlar bo‘yicha davlat komissiyasi saytida qayd etilishicha, Bishkek shahri Birinchi may tuman sudining 2006-yil 15-sentyabridagi qarori bilan “Tolibon” harakati terror tashkiloti deb topilgan va Qirg‘iziston hududida uning faoliyati taqiqlangan.
Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi Afg‘oniston TIV bayonoti yuzasidan hali izoh berganicha yo‘q.
“Tolibon” radikal harakati AQSH boshchiligidagi Xalqaro koalitsiya qo‘shinlari Afg‘onistondan chiqib ketganidan keyinoq – 2021-yil avgustida hokimiyat tepasiga kelgan. Qo‘shinlar chiqib ketishi manzarasida toliblar hujumlarini kuchaytirgan va bu mamlakat poytaxti – Kobul shahrining olinishi bilan yakunlangan. O‘shandan buyon toliblar Afg‘onistonda o‘z hukmronligini o‘rnatishgan va shu bilan birga xalqaro miqyosda tan olinish uchun choralar ko‘rib kelishmoqda.
O‘zbekiston rasmiylari ham qariyb uch yildan buyon Afg‘onistonda hukmronlik qilib kelayotgan "Tolibon" harakati bilan munosabatlarni buzmaslikka urinib kelishadi. Rasmiy Toshkent 2021-yil sentyabridan beri toliblarga bir necha marta gumanitar yordam yo‘llagan, “Tolibon” harakati vakillari bilan ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazgan hamda birgalikda qator loyihalarni amalga oshirishda davom etmoqda.