Seshanba kuni Tolibon Afg‘oniston janubida yanada ko‘proq hududni egallab olgan. Guruh Helmand viloyati markazi bo‘lmish Lashkargoh shahrining 10 tumanidan to‘qqiztasini qo‘lga kiritgan. Bu haqda “The Associated Press” agentligi tuman aholisi va rasmiylariga tayanib xabar bermoqda.
Afg‘oniston hukumat qo‘shinlari shaharni himoya qilish uchun AQSh yordami bilan havo hujumlarini amalga oshirgan.
Lashkargoh shahri Tolibon qo‘liga o‘tsa, bu ekstremistik guruh so‘nggi oylarda amalga oshirayotgan hujumlarda burilish nuqtasi bo‘ladi. Bu, shuningdek, uzoq paytdan beri Tolibon qo‘lga kiritgan birinchi viloyat markazi bo‘ladi.
AQSh va NATO qo‘shinlari Afg‘onistondan o‘z harbiylarini olib chiqib ketar ekan, Tolibon mamlakatning yirik qismini egallab oldi.
“The Associated Press” agentligiga telefon orqali intervyu bergan shaharliklar janglar tufayli uylaridan chiqa olmayotganliklarini so‘zlab bergan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, ko‘chalar Tolibon jangchilariga to‘lgan.
Lashkargoh shahri turg‘unlari shaharning bitta tumandan boshqa barcha tumanlari guruh nazoratiga o‘tganini so‘zlab berishgan.
Kobuldan maxsus qo‘mondonlik bo‘linmalari mamlakat kuchlariga yordam berish uchun Lashkargohga yuborilgan. Xabarlarga ko‘ra, muhim hukumat idoralari, jumladan, mahalliy politsiya hamda armiya bo‘limlari Kobul kuchlari nazorati ostida qolmoqda.
Helmand viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Majid Oxund Tolibon Lashkargohning to‘qqizta tumanini egallab olgani, shuningdek, shaharning teleradiokanalini ham qo‘lga olganini tasdiqlagan.
Afg‘oniston qo‘shinlarining Helmand bo‘yicha qo‘mondoni general Sami Sadat seshanba kuni aholini Tolibon nazoratga olgan tumanlarni zudlik bilan tark etishga chorlagan. Ammo general aholi qanday qilib janglar davom etayotgan bir paytda uyini tark etishi mumkinligini ochiqlamagan.
General o‘z ko‘rsatmalarini audioxabar shaklida yuborgan. Sadatning audioxabaridan Kobul Lashkargohda yanada ko‘proq havo hujumlarini amalga oshirishni rejalashtirayotganini xulosa qilish mumkin.
“Iltimos, oilalaringizni uylaringizdan va uning atrofidagi hududdan evakuatsiya qilinglar”, degan Sadat.
“Biz Tolibonni tirik qoldirmaymiz. ... Bilaman, bu qiyin ... biz buni sizning kelajagingiz uchun qilamiz. Agar bir necha kunga ko‘chib ketishga majbur bo‘lsangiz, bizni kechiringlar. Iloji boricha tezroq evakuatsiya qilinglar”.
Lashkargoh Tolibon hujumiga uchragan uch viloyat markazining biridir. So‘nggi oylarda Tolibon mamlakatning o‘nlab tumanini bosib oldi. Ularning ko‘pchiligi olis, aholi kam yashaydigan hududlarda joylashgan.
Bu janglarda Afg‘oniston hukumati qo‘shinlari ko‘p holatlarda taslim bo‘ldi yoki deyarli qarshiliksiz jang maydonini tark etdi.
Shuningdek, so‘nggi haftalarda Tolibon Eron, Pokiston va Tojikiston bilan bir qancha daromadli chegara punktlarini ham qo‘lga kiritdi.
Keyingi paytda Tolibon viloyat markazlariga hujum qila boshladi, chunki AQSh va NATO qo‘shinlarini olib chiqish 95 foizga tamomlangan. AQSh va NATOning so‘nggi askarlari 31 - avgustga qadar Afg‘onistondan chiqib ketishi kutilmoqda.
Lashkargohdan tashqari Tolibon qo‘shni Qandahor viloyati hamda mamlakat g‘arbida joylashgan Hirot viloyati markazini ham qamal qilgan.
Dushanba kuni Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani AQSh va NATO qo‘shinlarining shoshilinch ravishda olib chiqib ketilayotgani mamlakatda xavfsizlik holati yomonlashishiga sababchi ekanini ta’kidladi.
Ammo tahlilchilarning so‘zlariga ko‘ra, chuqur ildiz otgan korrupsiya va chala tayyorgarlik Afg‘oniston kuchlarini sarosimaga solib qo‘ygan. Mutaxassislar elita qo‘mondonlik bo‘linmalari Tolibon harakatiga qarshi kurasha oladigan yagona guruh ekanini aytishmoqda.
Amerika va NATO qo‘shinlarining olib chiqib ketilayotgani Afg‘oniston havo kuchlari uchun katta yo‘qotish bo‘ldi. Xorijiy qo‘shinlar bilan birga qiruvchi uchoqlarni ta’mirlash bilan shug‘ullangan pudratchilar ham mamlakatni tark etgan.
AQSh fuqarolari to‘lagan soliqlar Afg‘onistonda qanday sarflanayotganini nazorat qilib kelayotgan guruh ma’lumotlariga ko‘ra, ayni damda Afg‘onistonda harbiy uchoqlar o‘z vaqtida ta’mirlanmayapti.
Seshanba kuni Hirot viloyati poytaxti Hirot shahrida afg‘on kuchlari Tolibonni ortga qaytarishga qodir bo‘lgani aytilmoqda. Xabarlarga ko‘ra, isyonchilar shahar chekkasiga chekingan. Shuningdek, Hirot shahridagi fuqarolik aeroporti qayta ochilgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tobora kuchayib borayotgan shafqatsiz to‘qnashuvlarda har ikki tomon tinch aholi orasida o‘limlar soni oshishiga sabab bo‘layotganini aytib, xavotir izhor qildi.
Seshanba kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg‘onistondagi missiyasi “Twitter”da aholi zich joylashgan hududlarda janglarni tezda tugatishga chaqirdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi uch kun ichida Lashkargohda 10 nafar tinch fuqaro nobud bo‘lgan, 85 kishi yaralangan. Qandahor viloyatida esa kamida 5 nafar tinch aholi vakili o‘ldirilgan, 42 kishi jarohat olgan.
Minglab odam o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan. Lashkargoh aholisining aytishicha, shahar ichida amalga oshirilayotgan havo hujumlari ham odamlarni o‘z uylarini tark etishga majburlamoqda.
“Shaharda har safar bomba portlaganida 13 yoshli o‘g‘lim sapchib tushadi va baqiradi”, dedi Lashkargohda yashovchi Muhammad Xon.
Xon oilasining yarmini shahar tashqarisiga ko‘chirganini, qolgan yarmini ham evakuatsiya qilishga urinayotganini aytdi.
Yana bir lashkargohlik Nizomiddin o‘z oilasi bilan uyida yashirinib o‘tirganini va tashqariga chiqishda qo‘rqayotganini aytdi.
AQSh va boshqa davlatlar Tolibon Afg‘onistonni harbiy yo‘l bilan egallab olsa, ular xalqaro miqyosda yakkamoxov bo‘lib qolishi haqida ogohlantirib keladi.
Tolibon 1990‑yillarda Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritganida guruhni faqat uchta davlat – Pokiston, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari tan olgan edi.
Seshanba kuni AQShning Kobuldagi elchixonasi “Twitter”da “Tolibon barcha afg‘on fuqarolarining qadr-qimmati hamda inson hayotiga bepisandlik bilan qarayotgani butun dunyoni larzaga soldi. Qonuniy rahbarlar yoki hukumatlar bunday yo‘l tutmaydi”, deb yozdi.