O‘zbekistonda 200 dan ortiq afg‘onistonlik na ortga qaytish, na O‘zbekistonda qolish va na uchinchi davlatga chiqishni bilolmay, arosatda qolmoqda.
Termizdagi afg‘onlar jamoasi oqsoqoli Muhammadqosim Nizomiyning aytishicha, bu afg‘onlar orasida kuch ishlatar tizimlar, sud va prokuratura organlarida ishlagan taniqli shaxsiyatlar bor.
Ularning barchasi mamlakatga qisqa muddatli viza bilan kirgan va Surxondaryo viloyat hokimligi aralashuvi bilan 48 afg‘onistonlikning viza muddati 3 yilga uzaytirib berilgan.
Toshkentda qolayotgan afg‘onistonliklarga ko‘ra, ayni paytda viza muddati uzaytirilmay, jarimaga tortilayotganlar ham bor - 25 kun muqaddam 2 jurnalist Afg‘onistonga qaytishga majburlangan.
Hozircha O‘zbekiston rasmiy idoralari bu ma’lumotga biror izoh bermadi.
O‘zbekistonda 30 yilga yaqin yashab-ishlab kelganini aytgan afg‘onistonlik Muhammadqosim Nizomiyning aytishicha, mahalliy huquq-tartibot va hokimiyat idoralari ularning vaziyatini tushunmoqda.
"Biz hokimiyatga vizani uzaytirishda yordam so‘rab, murojaat qildik. To‘ra Bobolov yordam berdi. 48 kishining vizasini 3 oyga uzaytirib berishdi. Yana 9 kishiga hujjat topshirganmiz. Bular orasida ishbilarmonlar ham bor, mehmonlar ham bor. Viza muddati o‘tib ketganlar ham bor edi. Bularga rahmat, bizni to‘g‘ri tushunishdi. Bizning jamoada viza masalasida muammoga uchraganlar yo‘q. Pulga ehtiyoji borlarga ham o‘zimiz birlashib yordam qilayapmiz", dedi Nizomiy.
Uning aytishicha, O‘zbekistonga viza bilan kirib kelgan va hozirda mamlakat hududida qolayotgan 200 ga yaqin afg‘onistonlikni biladi. Ular orasida taniqli davlat arboblari, harbiylar, jurnalistlar, ishbilarmonlar va oddiy odamlar bor.
Shu kunda Toshkentda yashayotgan afg‘onistonlik jurnalistning aytishicha, Termizdan farqli ravishda poytaxtdagilarning ahvoli og‘ir.
Viza muddati tugayotgan qochqinlar nima qilishini bilolmay, xavotirda yashamoqda.
"25 kun muqaddam 2 jurnalist Afg‘onistonga qaytib ketdi. Ularning vizasini uzaytirib berishmadi va buning ustiga, ularga jarima solishdi. Jarima miqdori qancha ekanini bilmayman. Lekin ularda umuman pul qolmagan edi, nailoj qaytishdi. Hozir yashirinib, yashab yurishibdi. Balki joniga xatar yo‘qdir, ammo ular ham Do‘stumning televideniyesida ishlagan, ular uchun Afg‘onistonda qolish baribir xavfli", deydi ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan afg‘onistonlik jurnalist.
(Ozodlik hozirda Afg‘onistonga qaytishga majbur bo‘lgan va xavfsizlik bois ismi ochiqlanmayotgan jurnalistlar taqdiriga oid ma’lumot to‘plamoqda)
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Aytishicha, uning o‘zi ham shu kunda juda og‘ir ahvolda kun kechirmoqda. Chunki O‘zbekistonga kelganidan buyon biror ish topolmagan, mablag‘ini sarflab bo‘lgan, ortga qaytishdan boshqa chora ko‘rolmayotir:
"Viza muddati tugashiga yana 4 oy bor. Bular vizani cho‘zib bergan taqdirda ham bu yerda na ish bor, na boshqa imkoniyat. Men bu yerda uzoq yasholmasligimga ko‘zim yetyapti. Shuning uchun, balki Afg‘onistonga qaytib, u yerdan Eronga ketishni o‘ylayapman. Ammo, Afg‘onistonga omon kirib, omon chiqishim juda xatarli masala. Chunki men toliblarga qarshi jangu jadallarni yoritganman, hali Tolibon Kobulni olmay turib, telefonimga tahdidlar kelardi", deydi ortga qaytsa o‘lim xatari bilan yuzma-yuz qolishidan xavotir da bo‘lgan afg‘onistonlik yosh jurnalist.
O‘zbekiston IIV va Chegara qo‘shinlari Kobul Tolibon qo‘liga o‘tishi arafasida va o‘tgach, O‘zbekistonga kirib kelgan afg‘onistonliklar taqdiriga oid Ozodlik savollarini ochiq qoldirib kelmoqda.
Toshkentda yurgan afg‘onistonliklarning aytishicha, hozircha ayrim ichki ishlar idoralari xodimlari ularga mamlakatda bemalol yashab turishi mumkinligi, ular Afg‘onistonga deportatsiya qilinmasligini aytmoqda.
Ammo, keyingi hafta ichida IIV qo‘liga tushib qolganida, viza muddati tugagani o‘rtaga chiqqan va jarima solingan afg‘onistonliklar haqida ma’lumotlar quloqqa chalina boshlagan.
"Biz ikki oydirki O‘zbekistondamiz. Mablag‘imiz qolmadi, ish yo‘q. Yordam yo‘q hozircha. Endi ko‘pchiligimiz oilamiz, bolalarimiz bilan kelganmiz. Ijara bor. Xullas, iqtisodiy ahvolimiz og‘irlashyapti", deydi jurnalist.
O‘zbekistonning Afg‘onistondagi konsulligi mamlakatda 2 ming atrofida afg‘onistonlik viza bilan qolayotganini ma’lum qildi. Bular asosan, ishbilarmon va talabalardir. Keyingi oylarda 3 va 6 oylik viza bilan mehmon sifatida O‘zbekistonga kirib borgan afg‘onistonlik o‘zbeklar soni ham ko‘paygan edi.
Ammo oktabr oyi boshidan hukumat Afg‘oniston bilan chegarani yopgani xabar qilindi. Hatto O‘zbekistonga qisqa muddatli vizasi bo‘lgan afg‘onistonliklar ham kiritilmadi.
O‘zbekiston ichkarisi va tashqarisidagi faollar Afg‘onistonda hanuz hayoti xavf ostida bo‘lgan yuzlab faollar, oilasi va yosh bolalari bilan yashirinib yashayotganidan xavotir bildirmoqda.
Bularning aksari avvalgi hukumat tarkibida ishlagan va eski hukumatning Tolibonga qarshi kurashiga u yoki bu shaklda aloqador davlat ishchi-xizmatchilari, harbiylar, politsiya va maxsus xizmat, prokuratura hamda sud xodimlaridir.
O‘zbekiston 2005 - yilda Andijonda bo‘lgan qonli voqealardan so‘ng BMT Qochinqinlar bilan ishlash agentligining O‘zbekistondagi vakolatxonasini mamlakatdan chiqarib yuborgan edi. Bu agentlik shundan buyon mamlakatga qaytmadi.
Ayni paytda hukumat O‘zbekistonda afg‘onistonlik qochqinlarni qabul qilish va ularni joylashtirish, shuningdek ularga BMT tomonidan boshpana berish tartibiga oid savollarni ochiq qoldirmoqda.
Hokimiyatni qo‘lga olgach Tolibon bu xodimlarning axborot bazasini ham qo‘lga kiritdi va ayrim hududlarda ulardan o‘ch olayotgani ham kuzatilmoqda.
Garchi toliblar avvalgi hukumat yoki xorij davlatlari bilan hamkorlik qilganlarga hech bir zarar etmasligini va’da qilgan bo‘lsa-da, aksar aholi ularning 20 yil oldingi boshqaruvini unutmagan.
Aksar ziyolilar va davlat xizmatchilari, avvalgi Tolibon hukmronligi paytida eng kamida bir, ayrim oilalarda esa bir necha yaqini o‘ldirilganini aytadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘onistonda o‘zbeklar to‘rtinchi yirik etnik guruhdir. Ularning soni, turli manbalarda jami aholining 6 foizidan 10 foizigacha ekani aytiladi.
So‘nggi 40 yildan buyon urush harakatlari ichida qolgan mamlakatda aholini rasman ro‘yxatga olish ishlari o‘tkazilmagan.
Turli manbalarda 32 milliondan 37 milliongacha, jumladan AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi hisobotida 37 million 466 ming, deyiladi.
O‘zbeklarning asosiy qismi Afg‘oniston shimolidagi Faryob, Juzjon, Balx va Qunduz viloyatlarida yashaydi.
Ayni paytda o‘zbekistonlik faollar fakat o‘zbek emas, balki Tolibondan qochayotgan barcha ziyolilarga birdek yordam berishga urinayotganini aytmoqda.