Tolibonga qarshi kuchlarning so‘nggi tayanchi. Panjshir viloyati uzoq qamalga hozirlanmoqda

1980-yillarda Sovet Ittifoqiga qarshi va 1990-yillarda Tolibon bilan urushgan mashhur dala qo‘mondoni Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li – Ahmad Mas’ud Panjshirda “jangga tayyor” turgan minglab qurolli odamlarni yiqqan.

Afg‘onistondagi aksil‑Tolibon kuchlarning so‘nggi tayanchi bo‘lmish Panjshir viloyati aholisi radikal islomiy guruhga qarshi qo‘zg‘olonni so‘zsiz dastaklashini bildirdi. Bu ular uchun qanchalik xavfli va qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?

Panjshir Tolibon islomiy guruhiga qarshi yangi kurashga hozirlik ko‘rmoqda. Shu bilan birga, aksil‑Tolibon kuchlar hamda viloyat aholisi Kobuldan shimoli-g‘arbga tomon taxminan 115 chaqirim masofada joylashgan ushbu tog‘li hudud uzoq vaqt qamalda qolishidan tashvishga tushgan. Chunki qamal holatida viloyatga eng zarur mahsulotlar kelishi to‘xtaydi va sog‘liqni saqlash sohasida inqiroz yuz beradi.

“Urush odamlar o‘limiga va moliyaviy talafotlarga olib keladi, aholini ko‘chishga majbur qiladi. Tolibon hatto viloyatga iqtisodiy embargo qo‘llab, barcha ta’minot yo‘laklarini to‘sib qo‘yishi mumkin”, deydi, hukumatning so‘nggi ma’lumotiga ko‘ra taxminan 25 ming kishi istiqomat qiladigan Roxa tumanilik 31 yoshli Muhammad Baas.

Панжшир: Толибонга қарши кучлар йиғилаëтган жой ëки Қаршилик ҳаракатининг янги маркази

Tolibon harakati Afg‘onistonning 34 viloyati orasidagi o‘z nazoratidan chetda qolayotgan yagona hudud bo‘lmish Panjshirni zabt etishga yuzlab jangarilar yuborilganini e’lon qilgan edi.

1980-yillarda Sovet Ittifoqiga qarshi va 1990-yillarda Tolibon bilan urushgan mashhur dala qo‘mondoni Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li – Ahmad Mas’ud Panjshirda “jangga tayyor” turgan minglab qurolli odamlarni yiqqan.

Mashhur dala qo‘mondoni Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud Kobuldagi Interkontinental mehmonxonasida mabuot anjumanida so‘zlamoqda¸ 27 - fevral 2020 - yil

Biroq Mas’udning aytishicha, u “urush chiqarish”ni xohlamaydi. Ahmad Mas’ud AQSh va NATO qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etishi manzarasida butun mamlakat bo‘ylab yashin tezligida harakat qilib, hukumat kuchlari chekinishi ortidan qator lokal g‘alabalarga erishgach, 15 - avgust kuni poytaxt Kobulga kirgan Tolibon harakati rahbariyati bilan muzokara qilish tarafdori.

“Biz, kelgusi xatti-harakatlarning yagona muhtamal varianti bu muzokaralar ekanini toliblar anglab yetishini istaymiz”, deya Mas’uddan iqtibos keltiradi “Reuters” agentligi 23 - avgust kuni. U markaziy hukumatni mamlakatdagi turli etnik guruhlar vakillari hisobiga shakllantirishga chaqirgan.

Mas’udning qo‘shini mahalliy ko‘ngillilar va hukumat armiyasining Panjshirga chekingan bo‘linmalaridan tashkil topgan. Xabarlarda aytilishicha, sobiq hukumat askarlari talay qurol-yarog‘, yuzlab “Hammer” avtomobillari va zirhli texnika, shuningdek, beshta harbiy vertolyot bilan Ahmad Mas’udga qo‘shilgan.

Sobiq vitse-prezident Amrulloh Solih ham ayni paytda Panjshirda – u prezident Ashraf G‘ani 15 - avgust kuni mamlakatdan qochib ketganidan so‘ng toliblarga qarshilik ko‘rsatish harakati boshlangani munosabati bilan o‘zini “qonuniy prezident vazifasini vaqtincha bajaruvchi” deb e’lon qilgan.

48 yashar Solih asli panjshirlik bo‘lgani bois viloyatda aksari aholi uni qo‘llab-quvvatlaydi.

23 - avgust kuni Tolibon harakati rasmiy vakili Zabihulloh Mujohid ekstremistik islomiy guruh jangarilari ushbu hududni qurshovga olganini ma’lum qildi.

“Dushman Panjshirda qamalda qoldi”, deb yozdi u “Twitter”dagi sahifasida. Shu bilan birga, Mujohid Tolibon kuchlari muammoni “tinch yo‘l bilan” hal qilishga urinayotganini qo‘shimcha qilgan.

Uylarini tashlab Qandahor-Kobul yo‘lida ketayotgan afg‘onistonliklar, 23 - avgust 2021 - yil

Harakat vakili, shuningdek, qo‘shni Bag‘lon viloyatining Banu, Deh Saloh va Puli Hisor tumanlari “dushmandan to‘liq tozalangan”ini bildirgan.

Ammo boshqa manbalar xabar qilishicha, mazkur uch tumanni yaqinda jangarilardan tortib olgan Tolibonga qarshi mahalliy kuchlar ularni hamon o‘z nazoratida saqlab turibdi.

Aksari panjshirliklar toliblarga qarshilik harakati aholisining katta qismini etnik tojiklar tashkil qiluvchi qo‘shni Badaxshon, Bag‘lon, Kapis, Parvon va Tohar viloyatlariga yoyilishiga umid qilishmoqda.

Tojiklar etnik pashtunlar ustunlik qiladigan Tolibon harakatiga azaldan ishonchsizlik bilan qaragan.

Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, Panjshirdagi qarshilik harakatiga “minglab” xalq ko‘ngillilari borib qo‘shilmoqda, bu asosan Yor Muhammad Do‘stum boshchiligidagi etnik o‘zbeklardir. Yor Muhammad Do‘stim – bundan yigirma yil muqaddam Tolibonga qarshi kuchlarga rahbarlik qilgan va pirovardida mudofaa va boshqa sohalarda yuqori hukumat lavozimlarini egallagan o‘zbek aslli dala qo‘mondoni Abdulrashid Do‘stumning o‘g‘lidir.

“Tolibon Panjshir tevaragidagi tumanlarni boy berishda davom etadi, bu hududlar orqali bemalol yangi ta’minot yo‘nalishlarini ochish mumkin. Bizning yerlarda aksil‑Tolibon kayfiyati juda kuchli. Tolibon bu hududlarni o‘z nazoratiga olishi nihoyatda qiyin bo‘ladi”, deydi qarshilik kuchlariga yaqin panjirlik kishi ismini sir tutish sharti bilan.

Qurol tutmagan aholi ayni paytda mavhum kelajakka tayyorgarlik ko‘rmoqda: odamlar viloyat uzoq muddat qamalda qolishi ehtimolini, binobarin, narx-navo ko‘tarilishi va oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va boshqa eng zarur mollar tanqislashishi mumkinligini o‘ylab zaxira g‘amlash bilan band.

“Panjshir tog‘li mintaqa bo‘lib, iqtisodiy jihatdan o‘zini o‘zi ta’minlay olmaydi. Agar harbiy harakatlar davom etsa, biz ko‘plab iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelishimiz tayin”, deydi panjshirlik Fayoz 23 - avgust kuni Ozodlik radiosining afg‘on xizmati muxbiri bilan muloqotda.

Panjshirning katta yoshli aholisi Tolibonning avvalgi qamalini yaxshi eslaydi. Jangarilar 1990-yillarda besh yildan ortiq urinib, baribir viloyatni qo‘lga kirita olishmagan edi.

Undan oldingi o‘n yillikda esa sovet qo‘shinlari Ahmad Shoh Mas’ud rahbarligidagi lashkarning keskin qarshiligi tufayli Panjshirga kira olmagan. Umuman, Panjshir mamlakatning so‘nggi qirq yillik urush davomida hech qachon biror tashqi kuchlar tomonidan bosib olinmagan yagona viloyat hisoblanadi.

Roha tumanida istiqomat qiluvchi 42 yoshli Jamshid 1990-yillar oxiridagi yo‘qchilik va qimmatchilik zamonini, xususan, oziq-ovqat mahsulotlari narxi osmonga sapchib, mahalliy bozorlarda “bir xaltacha tuz taxminan 7 dollarga sotilgan” kunlarni eslaydi.

U, shuningdek, qurolli to‘qnashuvlar qayta boshlangan taqdirda odamlar o‘lishidan yoki mayib bo‘lishidan tashvishlanayotganini aytadi.

“Urushdan juda to‘yganmiz, ammo Tolibon bizni qamalga olgudek bo‘lsa, bunday sharoitda qanday jon saqlash bo‘yicha tajribamiz etarli, kerak bo‘lsa, yana qamalda kun kechiraveramiz. Bizga nochorlik, adolatsizlik va xaosga to‘la hayotni tiqishtirmoqchi bo‘lgan har kim qarshiligimizga duch keladi”, deydi Jamshid Ozodlikning afg‘on xizmatiga.

Xalqaro koalitsiya qo‘shinlarini shoshilinch ravishda olib chiqib ketishda va talvasa ichida odamlarni ko‘chirishda davom etmoqda. Harbiylar va diplomatlar bilan birga, Tolibon jangarilari intiqom olishidan xavfsirayotgan mahalliy aholi vakillari ham evakuatsiya qilinyapti.

Xabar qilinishicha, ekstremistik islomiy guruh ayni paytda hukumatni shakllantirish yuzasidan muzokaralarga kirishgan. Bu hukumat 2001 - yilda AQSh yetakchiligidagi koalitsiya Tolibon harakatini ag‘darib tashlaganidan so‘ng 20 yil hukm surgan, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar tan olgan, lekin pirovardida juda tez halokatga uchragan notavon hukumatning o‘rniga kelmoqda.

Maqolani tayyorlashda Ozodlik radiosi afg‘on xizmati muxbirlari ishtirok etgan bo‘lib, xavfsizlik nuqtai nazaridan ularning ismlari oshkor qilinmadi.