Tolibonning "yuzi" bo‘lgan Mulla Barodar kim?

Tolibon siyosiy idorasi rahbari bo‘lgan Barodar urush va muzokara olib borish qobiliyati bilan tanilgan.

Mulla Barodar o‘laroq tanilgan Abdul G‘ani Barodar Tolibon asoschilaridan biri va guruhning yuqori martabali yetakchisidir. U Afg‘onistonni qo‘lga olgan Tolibon hukumatida yuqori lavozimni egallashi kutilmoqda.

Barodar, shuningdek, Dohada AQSh bilan bitim imzolashda qatnashgan Tolibon vakillarining biridir.

1968 - yilda O‘ruzg‘on viloyatida tug‘ilgan Barodar popalzay qabilasidan bo‘lib, durroniy yoki Qandahor pushtu tilida so‘zlaydi. Barodar Afg‘onistonning sobiq prezidenti Hamid Karzay bilan bir qabiladandir.

U Tolibon mudofaa vazirining o‘rinbosari ham bo‘lgan.

AQShda 2001 - yilning 11 - sentabr kuni amalga oshirilgan terror hujumlari ortidan Barodar Afg‘onistondan Pokistonga qochgan.

Barodar 2010 - yilda AQSh va Pokiston razvedka agentliklari tomonidan Karachida hibsga olingan va Pokistonda sakkiz yil qamoqda o‘tirgan. AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus elchisi Zalmay Halilzod taklifi bilan ozodlikka chiqarilgandi.

2020 - yilda AQSh va Tolibon imzolagan bitim Amerikaning eng uzoqqa cho‘zilgan urushiga yakun yasagan esa-da, AQSh qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqib ketilishi Tolibon bir necha hafta ichida mamlakatni qo‘lga olishiga zamin yaratdi.

16 - avgust kuni Tolibon vakili va muzokarachisi Suhayl Shohin «The Associated Press» agentligiga Tolibon yaqin kunlarda «ochiq, inklyuziv islomiy hukumat» tuzish borasida muzokara o‘tkazishini aytdi.

Tolibon siyosiy idorasi boshlig‘i bo‘lib xizmat qilayotgan Barodar guruh vakillari orasida urush va muzokara olib borish qobiliyati bilan hurmat qozongan.

Barodar 15 - avgust kuni qisqa videobayonot e’lon qilib, guruhning g‘alabasi kutilmagan darajada tez bo‘lganini aytdi. U xalqqa xizmat qilish, uning muammolarini hal qilish haqiqiy sinov ekani va bu sinov endi boshlanayotganini ta’kidladi.

Uzoq yillar davomida toliblarni yoritgan va Barodar bilan uchrashgan jurnalist Sami Yusufzay Ozodlikka bergan intervyusida uni shunday tasvirladi:

«Barodar – juda sipo odam. Men u bilan uch-to‘rt marta uchrashganman. Juda diplomatik, faqat kerak gapni aytadi. Qo‘lga olinishidan oldin ham u Tolibon uchun jimgina fikr yuritgan odam sifatida tanilgan edi. Tolibon ichida uni qattiq hurmat qilishadi».

Ma’lum bo‘lishicha, 2013 - yilda Tolibon yetakchisi Mulla Umar vafotidan keyin Barodar ikkinchi eng yuqori lavozimli qo‘mondon bo‘lib yetishgan. U ko‘p yillar jamoatchilik nazaridan chetda yurgan va Tolibon isyoni strategiyasini tuzish va guruhning harbiy qo‘mondonlarini tayinlash bilan shug‘ullangan.

Pokistonda hibsda saqlanayotgan paytida Barodar Qo‘shma Shtatlarga jangari guruhning ichki faoliyati to‘g‘risida «foydali» ma’lumot bergani xabar qilingandi.

Barodar 1980‑yillarda Sovet Ittifoqi askarlariga qarshi jang qilgan. 1996 - yildan 2001 - yilgacha cho‘zilgan Tolibon hukmronligi davrida bir qancha lavozimlarni egallagan.

Mulla Barodar O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan - Toshkent, 10 - aprel, 2021

2009 - yilda «Newsweek» nashriga bergan intervyusida Barodar Tolibon AQSh qo‘shinlari mamlakatdan chiqarib yuborilgunga qadar kurashishga qat’iy qaror qilganini aytgandi.

2020 - yilning mart oyida AQSh prezidenti Donald Tramp Barodar bilan 35 daqiqa davomida telefon orqali suhbatlashib, suhbatni «juda yaxshi» deb baholagan.

Noyabr oyida Barodar Dohada AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo bilan uchrashdi.

U oxirgi kunlarda Afg‘onistonni 15 - avgustda tark etgan Ashraf G‘ani ma’muriyati bilan olib borilgan muvaffaqiyatsiz muzokaralarda ham qatnashgan.