Tomchilamagan tomchilatish: Mirziyoyev rejalari nega ish bermayapti?

O‘zbekistonlik fermerlar tomchilatib sug‘orishning o‘ta qimmat narxda ekanligidan va pudratchi tashkilotlarning o‘z ishini sifatsiz qilganidan shikoyat qiladilar.

O‘zbekistonda suv tanqisligi yildan-yilga kuchayib bormoqda, minglab gektar ekinzorlarga suv yetib bormayapti, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash tobora qiyinlashib, suv qimmatlashyapti va bu hali holvasi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari xulosasiga ko‘ra 2030-yilga borib, O‘zbekiston suv tanqis bo‘lgan 33 ta davlat qatoriga tushib qolishi kutilyapti.

Bu nimani anglatadi va bu vaziyatdan chiqish yo‘llari bormi?

Dunyoda mavjud bo‘lgan barcha chuchuk suvlarning taxminan 70 foizi qishloq xo‘jaligida sug‘orish uchun ishlatiladi. Institut tadqiqotiga ko‘ra, O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich 90 foizni tashkil qiladi.

Ya’ni suvning asosiy qismi qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish uchun sarflanadi.

Qishloq xo‘jaligida sug‘orish tizimining eskicha usulda qolayotgani, suvni tejash texnologiyasini joriy qilish oqsayotgani sabab, hamon ekinzorlar daryolardan to‘g‘ridan to‘g‘ri keladigan suv hisobiga egat oralab sug‘orilmoqda va bu suvning haddan tashqari isrof bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.

Global Village Space ekspertlari bahosiga ko‘ra, iqlim o‘zgarishlari va qo‘shni mamlakatlarda suv iste’molining ortishi Amudaryo va Sirdaryo kabi daryolardan suv olinishini kamaytiradi. Afg‘onistonda Qo‘shtepa kanalining qurilishi esa, uning quyi oqimida joylashgan Xorazm viloyati va Qorqalpog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligiga jiddiy zarba berishi kutilmoqda.

Bu o‘z navbatida O‘zbekistonda qurg‘oqchilik va cho‘llanish jarayoni yanada kuchayib ketishi hamda aholi turmush darajasiga jiddiy ta’sir qilishi mumkin.

Xo‘sh, qurg‘oqchilikka qanday tayyorlanish va suv tanqisligi mamlakat iqtisodiyoti va aholi turmush tarziga sadbiy ta’siri faktorini kamaytirish uchun nima qilmoq kerak?

O‘zbekiston hukumati bu borada qator ishlar rejasini tuzdi va ularni amalga oshirishga kirishdi.

Eng birinchi e’tibor rivojlangan mamlakatlar tajribasiga tayanib suvni tejash texnologiyasini O‘zbekistonda joriy etishga qaratildi.

Ammo bu texnologiya murakkabliklari va og‘irliklarini o‘z tanasida sinab ko‘rgan aksariyat fermerlar bu uni qo‘llashdan xursand emas.

Suvni tejash texnologiyasining ommalashib ketmaganiga fermerlar asosan uchta faktorni misol qilib keltiradilar. Bu suv tejovchi texnologiyani joriy etishda tanlov yo‘qligi, majburlov va o‘ta qimmat narx.

Pudratchi shartlarni bajarmay qochib ketdi

Toshkent viloyat, Bekobod tumanidagi “Haqiqat kuchi” fermer xo‘jaligi rahbari Abdurahmon Mirzayev ham tomchilatib sug‘orish tizimini sotib olib, kuyib qolganlardan biri. Uning dalasi oqar suv chiqishi qiyin bo‘lgan hududda joylashgan.

Fermer “4-VECTORS” pudratchi tashkilot bilan 2023-yil aprel oyida Suv tejovchi texnologiyani o‘rnatish bo‘yicha 40 gektar yerga 1 milliard so‘mga shartnoma tuzgan.

Bekobodlik fermer Abdurahmon Mirzayev

Pudratchi fermerning 500 million so‘mini olib, bor-yo‘g‘i 18,5 gektarga chalama-chatti qilib tomchilatib sug‘orish tizimini o‘rnatib bergan. Ammo bir haftadan so‘ng, u ishlamay qolgan:

“Aprelda shartnoma qilganmiz, uzog‘i bilan bir oyda o‘rnatib berishi kerak edi. Lekin ular cho‘zib-cho‘zib 1-avgustda ishga tushirib berdi. Xursandchiligimiz uzoqqa cho‘zilmadi. Apparat buzilib qoldi, davleniya bo‘lmadi, suv yetib bormadi. Biz ularga bir necha marta qo‘ng‘iroq qilib kelib tuzatib beringlar desak, xo‘p, xo‘p deb kelishmadi. Vaholanki shartnomaga ko‘ra, bir yil texnik xizmat ko‘rsatilishi shart edi”.

Abdurahmon Mirzayev ayni paytda bankdan olgan kreditini yopishga majbur bo‘lyapti. Chala o‘rnatib, hatto normal ishlatib bermagan pudratchi shu ketganicha boshqa qaytib kelmadi.

Fermerning aytishicha, “4-vektors” MCHJ hatto qurilmani topshirish haqidagi hujjatlarga ham imzo qo‘ymagan.

Abdurahmon Mirzayev shirkat o‘rnatib ketgan tomchilatib sug‘orish tizimi normal ishlamayotganini ko‘rsatish uchun tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi mutaxassislarini chaqirib ham ko‘rsatgan, tuman, viloyat hokimligiga, prokuraturaga bir necha bor shikoyat qilgan, ammo hech qanday javob olmagan.

Fermer Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi ham uning arizasini “javobgar tomon sudga kelmadi” degan vaj bilan e’tiborsiz qoldirganini aytadi.

Abdurahmon Mirzayev tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilish kampaniyasida kuyib qolgan birgina fermer emas.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020-yildagi «O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi» Farmonidan so‘ng bu ommaviy tus oldi.

Fermerlarda tomchilatib sug‘orish uskunalarini o‘zlari mustaqil tanlash imkoniyati bo‘lmagan.

Viloyat va tuman hokimlari prezident qarorini ro‘kach qilib, ularni tomchilatib sug‘orish tizimini o‘zlari taklif qilgan firmalardan sotib olishga majbur qilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev amakivachchasining qudasiga tegishli ekani aytilgan “Sangzor tekstil MCHJ” klaster korxonasi 2020-yilda Jizzax viloyati, Do‘stlik tumanidagi 120 nafar fermerga tomchilatib sug‘orish tizimlarini majburlab sottirgan edi.

Tomichlatib sug‘orish tizimini ishlata olmagan fermerlarning suv hovuzlari ham shundayligicha qolib ketdi.

Ozodlik suhbatlashgan aksariyat fermerlar, hokimlik tomonidan bosim bo‘lishidan cho‘chib ismlarini oshkor etmasligimizni iltimos qildi.

O‘sha paytda ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka gapirgan fermerlardan biri bu haqda shunday degan edi:

“Misol uchun, bitta fermerga 20 gektar yerga 500 million so‘mlik tomchilatib sug‘orish tizimi o‘rnatib beramiz, dedi. Har gektariga 25 million so‘mdan. Kredit olish uchun bankka men kafil bo‘laman, xohlamasang o‘zing garovga narsa qo‘yib olaver, dedi. Biz yo‘q desak, bu yoqdan hokim prezident qarori bor, qilasan deyapti. Majbur shartnoma tuzib, gektariga 25 million so‘mdan kredit oldik. Uskunalarni olib keldi-yu, lekin o‘rnatib, ishlatib bermadi. Endi esa, ishlamagan narsaning kreditini ham, uning foizini ham to‘lashga majbur bo‘lyapmiz”.

Ozodlik 23-iyul kuni yana o‘sha fermerlar bilan bog‘lanib, tomchilatib sug‘orish tizimini ishlata oldilaringmi, deb so‘radi:

“Yo‘q, ishlata olmadik. O‘sha tashlab ketganicha shunday yotibdi. 30 gektarga shartnoma qilganman. O‘shandan beri to‘lab yotibman. Hozir 450 million so‘mi qolgan. Bank foizining o‘zi 100 million so‘m. Bizning hududda 30 fermerga berilgan edi. Birortasi ham ishlata olmadi. Bir yil ishlatib ko‘rganlari ham keyingi yil yig‘ishtirib qo‘ydi. Chunki, g‘o‘zani o‘t bosib ketdi. Bunga kultivator solib bo‘lmaydi. Yemagan somsaga pul to‘lab o‘tiribmiz”, deydi xavfsizlik nuqtayi nazaridan ismi sir qolishini so‘ragan fermer.

Fermerning belini sindiradigan narx

Qashqadaryo viloyat, Kasbi tumanidan bo‘lgan Bahodir Tursunov ham tomchilab sug‘orish tizimini birinchi o‘rnatgan fermerlardan biri. U va yana o‘nlab fermer “Omad Star” MCHJdan bu tizimni sotib olgan, aniqrog‘i sotib olishga majbur qilingan.

Uning aytishicha, har gektar yer 25 million so‘mdan bu tizimga o‘tkazilishi fermer uchun ancha og‘irlik qiladi.

“Tomchilatib sug‘orishga o‘tish juda yaxshi effekt beradi. Suv tejaladi, hosildorlik oshadi. Faqat gap uning narxida va to‘g‘ri ishlatishga o‘rgatishda. 25 million so‘m gektariga juda qimmat. 15-16 million so‘m bo‘lsa, o‘shaning yarmini subsidiya qoplasa ana o‘shanda fermerda qiziqish bo‘ladi. Bizga juda qimmatga tushgan. O‘rnatganda ham chala o‘rnatib ketgan. Normal ishlashi uchun o‘zim o‘qib, o‘rganib, boshqa ustalarni chaqirib o‘zimning hisobimdan yana 40 million so‘m sarflaganman. Puli yo‘q fermerlar uni ishlata olmadi, qo‘sholmadi”.

Fermerning aytishicha, agar oddiy sug‘orishda bir gektar yerga 1200 litr suv sarflansa, tomchilatib sug‘orishda bu olti hissaga kamayadi, ya’ni bor-yo‘g‘i 200 litr suv sarf bo‘ladi.

“Istaymizmi yoki yo‘q, baribir kelajakda tomchilatib sug‘orishga o‘tamiz. Ko‘rib turibsiz, suv masalasi yildan yilga og‘ir bo‘lib boryapti. Ayniqsa yerning baland-past joylariga bu juda asqotadi. Isroil, Turkiyaga qarang, qanday hosil olyapti, qancha daromad ko‘ryapti. Hamma gap uning narxida, uning juda qimmat narxda sotilgani fermerning belini sindirdi”.

O‘zbekistonda tomchilatib sug‘orish uskunalarini o‘nlab firma sotadi. Qaysi firmaning mahsuloti sifat darajasi qandayligi ekspertiza qilinmagan holda, gektariga yoppasiga bir xil narxda - 25 million so‘mdan baholanishi fermerlarni hayron qoldirgan.

2021-yilda Buxoro viloyat, Peshko‘ tumanidagi 17 ta fermer xo‘jaligi "Aria Parts Servin Pergas" MCHJ qo‘shma korxonasi o‘rnatib bergan tomchilatib sug‘orish uskunasi ishlamagani sababli katta zarar ko‘rdi.

Fermerlarning aytishicha, ularni ulkan miqdordagi kreditga qo‘shma korxona bilan shartnoma tuzishga tuman hokimligi majburlagan.

Ammo g‘o‘za qator oralariga tortilgan shlangalar sifatsiz bo‘lgani uchun ishlamagan va fermerlar yerlarini buzib, yana an’anaviy sug‘orish tizimiga moslashtirishga majbur bo‘lishgan.

“Prezidentimiz tomchilatib sug‘orishga katta ahamiyat berish kerakligini ta’kidlagan edilar. Otning kallasiday narxdagi bu tizimni har qanday fermer xo‘jaligi ham oqlay olmaydi. Ura-urachilik bilan hokim shu Eron firmasi bilan shartnoma qilasan, deb majburladi. Menimcha, sinalmagan, tekshirilmagan firma bilan shartnoma qildirish tagida qandaydir manfaat bo‘lsa kerak”.

Fermer aytgan bu “manfaat”larning boshida kim turibdi, buni fermerlar bilmaydi. Ularning aytishlaricha klaster va mahalliy hokimlar taklif qilgan firma bilan ular shartnoma tuzishga majbur.

Ammo, Turkiya, Xitoy va Erondan olib kelingan tomchilatib sug‘orish uskunalarini ishlata olmay, bo‘ynida yuz millionlab so‘m osilib turgan, buning ustiga bank kreditlarini to‘layotgan yuzlab fermer xo‘jaligi bor.

"Fermerlarni avval o‘qitish kerak!"

Ismi sir qolishini so‘ragan andijonlik fermer fikricha, tomdan tarasha tushganday qilib majburlab berilgan, umrida ko‘rmagan murakkab jarayonli tomchilatib sug‘orish tizimini fermerlarning ishlata olmasligi kunday ravshan edi:

“Bizning Bo‘ston tumanida tomchilatib sug‘orish tizimini sotib olgan fermerlarning sakson foizi uni ishlata olmadi, uyiga yig‘ishtirib olib qo‘ygan. Sababi, birinchidan, bizning dehqonlarimizning kompyuterlashtirilgan tomchilatib sug‘orish tizimini ishlatishga hali saviyasi ham, malakasi ham yo‘q. Bizning fermerlar bunga o‘qitilmagan. Qarang, bunda albatta o‘simlikning mineral ozuqasi, begona o‘tlarni yo‘q qiladigan gerbitsidlar qo‘shib berilishi kerak. Sug‘orishning o‘z me’yori va vaqt-soati bor, buni bilish kerak. Lekin, bizda fermer faoliyatiga tashqaridan aralashuv, hokimlar tomonidan bosim kuchli bo‘lgani uchun, dehqon buni biladimi yoki yo‘qmi - farqi yo‘q, sotib olishga majburlanyapti”.

Ikkinchidan, deydi fermer, elektr energiyasi ta’minoti barqaror bo‘lmagan joyda bu tizim mukammal ishlatish mumkin emas:

“Bizda har kuni 2-3, ba’zan 5 soatgacha svetdan uzilish bor. Bu ahvolda ishlab bo‘ladimi?”

Uchinchidan, o‘zbekistonlik fermerlarning bugungi moliyaviy ahvoli juda xarob, deydi fermer:

“Fermer ilgari davlat bilan ishlab, sotgan mahsuloti pulini o‘z vaqtida olardi. Hozir hamma klasterlarga majburlab birlashtirilgan. Fermerlar bir necha yildan buyon g‘alla va paxtani pulini ololmayapti. Uyidagi oxirgi moligacha sotib yeriga ishlatayotgan fermer kredit foizi bilan 750 million so‘mga boradigan tomchilatib sug‘orish tizimini sotib olishga qayerdan mablag‘ topsin? Hozir hammasi zo‘rg‘a uchma-uch qilib yoki qarzga botib ishlayapti”.

Ozodlik suhbatlashgan, matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi uchun ismi sir qolishini so‘ragan davlat mulozimlaridan birining aytishicha, O‘zbekiston prezidenti qishloq xo‘jaligini isloh qilish bo‘yicha yaxshi qarorlar chiqaradi, ammo uning ijrosi korrupsiyaga aylanib ketadi:

“Bitta narsaga e’tibor bering. Respublikaning ijtimoiy -iqtisodiy siyosatida suv tejash texnologiyalarini joriy qilish masalasi to‘g‘ri qo‘yilgan. Bu masalalarning ijrosi esa monopoliya va korrupsiyani avj oldirdi. Yuqori lavozimlarda o‘tirgan amaldorlarning odamlari darrov bittadan MCHJ ochadi, Xitoy yoki Turkiyadan katta partiyada tomchilatib sug‘orish tizimlarini olib keladi va hokimlarga shuncha fermerga o‘tkaz deb buyruq beradi. Puli esa bankdan fermer hisobiga, undan o‘sha firmaga o‘tkazib beriladi. Hokimlarni o‘sha texnologiya qanday o‘rnatildi, ishlayaptimi, bu qiziqtirmaydi. U faqat bizda mana buncha fermer tomchilatib sug‘orishni o‘rnatdi, deb yuqoriga hisobot beradi”.

O‘zbekistonga suv tejash texnologiyalari asosan Xitoy, Turkiya va Erondan keltirildi. Tomchilatib sug‘orishga moslashtirilgan bu uskunalar qayerda ishlab chiqarilganidan, uning ish sifatidan qat’iy nazar fermerlarga bir xil narxda sotildi. Ya’ni har gektar yerga 25 million so‘mdan deb davlat tomonidan belgilandi.

Ammo bu qurilmalarni hukumat emas, balki xususiy tadbirkorlik subyektlari olib kelishgan. Lekin nega ularning hammasiga bir xil narx belgilangani haqidagi savol ochiq qolmoqda.

Qashqadaryolik fermer Bahodir Tursunovning aytishicha, hozir tomchilatib sug‘orish tizimini tanlashda biroz erkinlik paydo bo‘ldi:

“Men yana 20 gektar yerga tomchilatib sug‘orish qilmoqchiman. Hozir bitta shirkat bilan muzokara olib boryapman. 20 gektarni 16 million so‘mga qilib beraman deyapti. Har holda 25 million so‘mdan ancha arzon. Agar shu 16 millionni yarmini subsidiya qoplasa, bunga qiziqqan fermerlar ko‘payardi”.

Suvni tejash texnologiyasini O‘zbekistonda joriy etish bo‘yicha Jahon banki va boshqa bir qancha xalqaro tashkilotlar ham turli xil grantlar ajratmoqda.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Ўзбекистонда сувсизлик. Яқинлашаётган фалокатнинг ечими борми?

Mutaxassis tavsiya beradi

Jahon banki tomonidan moliyalashtirilayotgan «Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda qishloq xo‘jaligi ekinlarini tomchilatib sug‘orishning avtomatlashtirilgan tizimi» nomli loyiha rahbari, texnika fanlari nomzodi, professor Tohir Majidov ham Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston ham yuz tutishi muqarrar bo‘lgan qurg‘oqchilikka jiddiy hozirlik ko‘rish kerak degan fikrni aytadi:

“Suv tejash texnologiyalarini mana bu turini O‘zbekistonga joriy qilish kerak deb bo‘lmaydi. Chunki yeriga qaysi turdagi suv tejash texnologiyasini o‘rnatishni fermerning o‘zi ham aniq bilmaydi. Suv tejash texnologiyalarini keng ko‘lamda mamalakatmiz bo‘ylab joriy qilinmasligining asosiy sababi ham shunda. Chunki haligacha suv tejash texnologiyalarini o‘rntishning ilmiy asosi yo‘q. Men juda ko‘p mamlakatlarda bo‘ldim, qishloq xo‘jaligi bilan mashg‘ul bo‘lgan tashkilotlarning birortasi ham o‘z ishini ilmiy asossiz boshlamaydi. Ilmiy asoslashni ilmiy maslahat markazlari amalga oshirishadi. Korxona ularning ilmiy tavsiyasiga asosan barcha ishlarni amalga oshiradi. Bizda-chi, yuqori tashkilotning «bo‘l tez o‘rnat» degan ko‘rsatmasi bilan o‘rnataveradi, bu texnologiya uning yeriga, ekiniga yaroqlimi yoki yo‘qmi qizig‘i yo‘q. Natijada falon mablag‘ga o‘rnatilgan tizim ishlamaydi, fermer mablag‘iga kuyib qolaveradi”.

Olim Tohir Majidov ayni paytda tomchilatib sug‘orish usulini qo‘llashdagi asosiy muammolardan o‘ntasini sanab o‘tdi:

1. Tomchilatib sug‘orish usulida turli tuproq iqlim sharoitlari va ekin turlari, navlari bo‘yicha yetarlicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilmaganligi;

2. Tomchilatib sug‘orish usuli sharoitida ekinlarni almashlab va navbatlab ekish tizimlarining yaratilmaganligi;

3. Sho‘rlangan yerlarda tomchilatib sug‘orish usulining ekin turlari va iqlim sharoitlari bo‘yicha ilmiy ma’lumotlarning yetishmasligi.

4. Shamol eroziyasi mavjud bo‘lgan yerlarda tomchilatib sug‘orish usulini qo‘llash bo‘yicha tadqiqot natijalarining yo‘qligi.

5. Oqova – chiqindi, minerallashgan suvlar bilan ekinlarni tomchilatib sug‘orishdagi ilmiy tadqiqotlarning yetishmasligi.

6. Eng asosiysi-suv tejash texnologiyalari joriy etiladigan qishloq xo‘jalik ekinlari uchun sug‘orish rejimlari (sug‘orish davri, bir marta sug‘orishda hamda vegetatsiya davrida iste’mol qilinadigan suv hajmi, sug‘orishlar orasidagi vaqt, sug‘orishlar soni) aniqlash bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari o‘tkazilmaganligi.

7. Suv tejash texnologiyalari tizimlarini ekspluatatsiya qilish bo‘yicha oddiy, sodda tilda yozilgan dehqonbop tavsiyanomalarning yo‘qligi.

8. Suv tejash texnologiyalari tizimlariga ilmiy, texnik va servis xizmat ko‘rsatadigan tashkilotlarning (maslahat markazlarining) yo‘qligi.

9. Suv tejash texnologiyalarini turlari bo‘yicha rayonlashtirilmaganligi.

10. Suv tejash texnologiyalari(tomchilatib sug‘orish usuli)ni ekspluatatsiya qiluvchi malakali kadrlarning yetishmasligi.

Olimning xalqaro tajribalarga tayangan holda ko‘rsatib o‘tgan bu kamchiliklarni o‘nglash uchun, fermerlar fikricha, eng avvalo ularga erkinlik kerak.

Fermerlarning aytishicha, suvni tejash texnologiyasini sotib olishda ular o‘zi xohlagan, o‘zi tanlagan shirkat bilan erkin shartnoma qila olishi va bu shartnomaning bajarilmasligi oqibatlari sudlarda adolatli ko‘rilishi lozim.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda suv tanqisligi yildan-yilga ko‘proq sezilmoqda. Yoz paytida suvning asosiy qismi eng birinchi navbatda paxta dalalariga yo‘naltirilmoqda.

Paxtadan ortgani esa boshqa takroriy ekinlar uchun berilyapti.

Paxta O‘zbekistonda sobiq ittifoq davridan buyon hanuz monoekin bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston hukumati kambag‘allikni qisqartirish maqsadida, fermerlarning bug‘doydan bo‘shagan yerlari hisobidan takroriy ekin ekish uchun kam ta’minlangan oilalarga, ishsiz yoshlarga yer berish haqida qaror chiqargan.

Ammo, aksar hududlarda takroriy ekin uchun suv yo‘q.

Jumladan,Surxondaryo viloyat Angor tumani, Navshahar mahallasida yashaydigan Gulqomat Shopo‘latovaga berilgan yer uchun ham.

Kambag‘allikdan chiqarish dasturi bo‘yicha 5 gektar yer olgan angorlik Gulqomat Shopo‘latova ekinini sug‘orolmayapti.

Gulqomatning eri ishsiz, mardikorlik qilib oila boqadi. Hokimlik unga fermerdan 5 gektar yer olib bergan. Yerga tariq ekishgan. Ammo, rasmiylar suv eng avvalo paxtaga deb, aholi tomorqasi uchun suv bermayapti.

Qiziriq tumani, Bo‘yrachi qishlog‘i aholisi ham suv paxtadan ortmayotgani haqida Ozodlikka shikoyat qilgan:

“Tomorqani suvlash uchun aholiga suv bermayapti. Ekinlarimiz quvrab qolyapti”, deb yozadi qishloq aholisi.

Aholining tomorqasiga suvni tejash texnologiyalari o‘rnatish haqida hozircha rasmiy doiralarda gap yo‘q. Aholi hozircha faqat oqar suvga ishonib qolgan.

Yevropa Ittifoqining ASK dasturi iqlim o‘zgarishining O‘zbekiston agrar sektoriga ta’sirini o‘tgan yil tahlil qilgan edi. Loyiha rahbari Adrian Nilning «Gazeta.uz»ga aytishicha, mamlakat qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishiga qarshi muvofiqlashgan milliy kurash yo‘q. Shu bois sohada qilinayotgan ishlar natijasi sezilarli emas

“Umumiy xulosaga ko‘ra, iqlim o‘zgarishining ekinlardan ko‘ra suvga nisbatan ta’siri xavotirliroq. Chunki suvsizlik oqibatida ekin ham, xosil ham bo‘lmaydi. Mazkur tadqiqot natijasidan ko‘pchilik yoki ayrimlar xavotirga tushmasligi, bunga ishonmasligi mumkin. Lekin bu tadqiqot dalillarga asoslangan va kelajakda kutilayotgan prognozlar ekanini unutmaslik zarur», deydi Adrian Nil.

Mutaxassislar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida bir necha milliardlab subsidiya va kreditlar ajratilgan tomchilatib sug‘orish bo‘yicha texnologiyalar o‘lda-jo‘lda qolib ketayotganini, ishlatilmagan uskunalar uchun mablag‘lar fermerlar bo‘ynida qolayotganini aytishadi.

Mamlakatda qishloq xo‘jaligini modernizatsiyalash, qishloq xo‘jaligi ekinlari va paxta maydonlari intensivligini oshirish yuzasidan islohotlarga Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev mas’ul qilib tayinlangan.

Tomchilatib sug‘orish texnologiyalari uchun ajratiladigan subsidiya va mablag‘lar bevosita G‘aniyevning ko‘rsatmasi va tashabbusi orqali amalga oshirilishi aytiladi.