Tomskda migrantlarga taksi va kafelarda ishlash taqiqlandi

Illyustrativ surat

Rossiyaning Tomsk viloyatida mehnat muhojirlariga taksi xizmatini ko‘rsatish, umumiy ovqatlanish va ta’lim muassasalarida ishlash taqiqlab qo‘yildi. Bu haqda viloyat gubernatori Vladimir Mazur o‘z telegram-kanali orqali ma’lum qildi.

Mulozimga ko‘ra, mazkur qaror “aksilterror komissiyasi tomonidan milliy diaspora vakillarining bevosita ishtirokida” qabul qilingan.

Qarorga muvofiq, joriy yilning 1-noyabridan Tomsk viloyatida mehnat patentiga ega bo‘lgan xorijliklar oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor ovqatlar ishlab chiqarish, chakana savdo, taksida yo‘lovchi tashish, shahar va shaharlararo transport vositalarini boshqarish, mehmonxona va restoran biznesi, mutaxassis tanlash, xavfsizlikni ta’minlash, umumiy, o‘rta kasbiy va oliy ta’lim, jismoniy tarbiya va sport sohalarida ishlash taqiqlanadi.

Avvalroq “Agentstvo” nashri Rossiya hududlarining uchdan birida migrantlar faoliyatiga cheklov kiritilgani haqida yozgan edi. Bundan tashqari, Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrimda ham migrantlar faoliyatiga cheklov kiritilgan.

Ayni paytda Rossiyaning 27 ta mintaqasida migrantlarga taksida ishlash man qilingan. Mehnat muhojirlarining savdo sohasida ishlashga esa 18 ta mintaqada cheklov joriy etilgan. Ayrim viloyatlarda migrantlarning mehmonxona biznesi, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, kutubxonalar va hatto moliyaviy xizmat sohasida ishlashi taqiqlangan.

2023-yil oxiridan boshlab mahalliy rasmiylar Rossiya pasportini olgan va Ukrainadagi urushga borishni istamagan xorijliklarni izlab topish bo‘yicha reydlar sonini ikki baravar oshirishgan.